O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S. Umurzakov Umid Reunion 2.020 konferentsiyasida ishtirok etdi
2020-01-04 | Iqtisodiyot
Joriy yil 3-yanvar kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi qoshidagi "El-yurt umidi" jamg‘armasi tomonidan tashkil etilgan "Yangilanayotgan O‘zbekistonga yangi avlod kadrlari" mavzusidagi "Umid" jamg‘armasi bitiruvchilarining Birinchi xalqaro konferentsiyasi bo‘lib o‘tdi.
Konferentsiyaning maqsadi - "Umid" jamg‘armasi bitiruvchilari o‘rtasida doimiy muloqot uchun platforma yaratish va Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning natijalari va istiqboldagi yo‘nalishlarini ekspert muhokamasini tashkil etishdir.
Konferentsiya 18 mamlakatdan 300 dan ortiq Fond bitiruvchilarini birlashtirdi. Uning doirasida ishtirokchilar qator tematik sektsiyalarda, shu jumladan "Investitsiya muhitini kuchaytirish - iqtisodiy islohotlar markazida" sektsiyasida faol ish olib borishdi.
Konferentsiyaning yalpi majlisida O‘zbekiston hukumati a’zolarining ma’ruzalari tinglandi. Ularning ko‘pchiligi o‘z vaqtida "Umid" jamg‘armasi dasturlari bo‘yicha ta’lim olgan.
Ma’ruzachilar qatorida Umid Reunion 2.020 da ishtirok etgan Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S. Umurzakov so‘zga chiqib, bugungi kunda amalga oshirilayotgan islohotlar taraqqiyoti aholining turmush darajasini tubdan oshirib, mamlakatimiz rivojini sifat jihatdan yangi bosqichiga olib chiqishiga ishonch bildirdi. Nutq davomida u qo‘yilgan vazifalarni muvaffaqiyatli amalga oshirilishida kuchli, g‘ayratli, halol va mamlakatimizga sodiq xodimlar asosiy omil bo‘lishini ta’kidlab o‘tdi.
Shuningdek, o‘z nutqida Vazirlik faoliyatining asosiy yo‘nalishlari, uning maqsadlari va muhim ustivorlari, amalga oshirilayotgan loyihalar va tashabbuslarni qisqacha belgilab, chet el davlatlari va mamlakatimizning eng yaxshi oliy o‘quv yurtlarida ta’lim olgan yuqori malakali kadrlar resurslaridan investitsiya va tashqi savdo sohasida foydalanish imkoniyatlari haqida gapirib o‘tdi.
"Investitsiya muhitini kuchaytirish - iqtisodiy islohotlar markazida" mavzusidagi sektsiya yig‘ilishini moderatsiyasi davomida S.Umurzakov investitsiya muhiti - mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy o‘zgarishi va uning rivojlanishining yuqori sur’atlarini ta’minlovchi poydevor bo‘lishiga alohida urg‘u berdi.
Mavzu muhokamasigaa “Umid” jamg‘armasi stipendiatlari va taklif etilgan mehmonlar qo‘shildilar, jumladan: O.Isakov - O‘zbekiston Respublikasi moliya vazirining o‘rinbosari, B. Karimov - O‘zbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari, D.Axundjanov - Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining O‘zbekistondagi vakolathonasi rahbarining o‘rinbosari, A.Tura - dunyodagi eng yirik banklardan biri bo‘lgan «Wells Fargo Bank» ning maslahatchisi, M.Husniddinov - «Gateway Global» kompaniyasining ta’sischilaridan biri.
Sektsiya yig‘ilishi ishtirokchilarining e’tibor markazida mamlakatda qulay ishbilarmonlik muhitini rivojlantirish va ushbu yo‘nalishda erishilgan yutuqlarni aks ettirish masalalari bo‘ldi. Bunda, jahon iqtisodiy reyting va indekslarda O‘zbekistonning o‘rni barqaror o‘sib borayotganligi namoyon bo‘lmoqda.
Bundan tashqari, iqtisodiyotning ustuvor tarmoqlarini rivojlantirish uchun samarali raqobat muhitini yaratish, tovarlar va xizmatlar bozorini monopollashtirish darajasini bosqichma-bosqich pasaytirish, biznes jarayonlarining shaffofligini oshirish va mamlakatdagi iqtisodiy jarayonlarni tartibga solishda yuridik institutlarning rolini kuchaytirish masalalari muhokama qilindi.
Ma’lumot uchun: O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan 2018-yil sentabr oyida tashkil etilgan "El-yurt Umidi" jamg‘armasi "Umid" jamg‘armasining vorisidir. "Umid" jamg‘armasi yordami bilan 1997 - 2003-yillarda O‘zbekistonlik 828 nafar yosh mutaxassislar yetakchi xorijiy universitet va o‘quv muassasalarida tahsil oldilar.