O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O‘zbekistonga vizasiz rejim bo‘yicha tashrif buyurgan birinchi Xitoy fuqarosi kutib olindi
2020-01-04 | Turizm
2 yanvar kuni Urumchi-Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha parvoz qilgan aviareysda Xitoy Xalq Respublikasidan vizasiz rejim bo‘yicha kelgan ilk mehmonlar Toshkent xalqaro aeroportida Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi vakillari tomonidan kutib olindi. Qizig‘i shundaki, O‘zbekiston Respublikasi chegarasidan vizasiz o‘tgan birinchi Xitoy fuqarosi Li Ji Lin O‘zbekistonga investitsiya kiritish maqsadida yurtimizni yaqindan o‘rganish uchun tashrif buyurgan ekan.
“So‘nggi yillarda O‘zbekistonda barcha sohalarda katta o‘zgarishlar bo‘layotganini eshitib, mamlakatingizga biznes turizmi bo‘yicha tashrif buyurdim, lekin bu darajada chiroyli kutib olishlarini kutmagan edim, ochig‘i.
O‘zbekiston haqida hozircha yetarlicha bilimga ega emasman, lekin tashrifim davomida ko‘p narsalarni bilib olishga umid qilaman. XXR fuqarolari uchun vizasiz rejimning yo‘lga qo‘yilishi xitoyliklarga juda katta imkoniyatlar yaratadi. Shaxsan men Xitoyning Shandun provinsiyasidagi yirik kompaniya rahbariman. Shu sababli mamlakatingizni o‘rganib chiqib, unga katta investitsiya kiritishni rejalashtiryapman.
Bugungi kunda xitoyliklar dunyo bo‘ylab juda ko‘p sayohat qilishadi - o‘tgan yili 120 million xitoylik dunyo bo‘yicha sayohatga chiqqan. Vizasiz rejimning tadbiq qilingani, albatta, yaxshi yangilik bo‘ldi. O‘ylaymanki, bundan keyin O‘zbekistonga ko‘plab xitoyliklar kela boshlashadi”, - deydi Li Ji Lin. Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yilning 12-sentabrdagi 5819-sonli Farmoniga asosan 2020-yilning 1-yanvaridan boshlab Xitoy Xalq Respublikasi fuqarolari uchun 7 kundan ko‘p bo‘lmagan muddatga O‘zbekistonga vizasiz kirish imkoni yaratilgan edi.