Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasida “Yangilanayotgan Oʻzbekiston uchun yangi avlod kadrlari” mavzusida xalqaro konferensiya tashkil etildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi qoshidagi “El-yurt umidi” jamgʻarmasi tomonidan tashkil etilgan anjumanda AQSH, Buyuk Britaniya, Germaniya, Kanada, Yaponiya, Avstraliya, Janubiy Koreya kabi rivojlangan 18 davlatdan kelgan 300 dan ziyod “Umid” jamgʻarmasi bitiruvchilari ishtirok etdi.
Konferensiyani oʻtkazishdan maqsad, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahbarligida olib borilayotgan keng koʻlamli islohotlar natijalarini tahlil qilish, istiqboldagi rejalarning samarali ijrosi yuzasidan ekspertlar fikrini oʻrganish, jamiyatni yanada demokratlashtirish, davlat boshqaruvini modernizatsiya qilish, bozor iqtisodiyoti tamoyillariga asoslangan islohotlarni qoʻllab-quvvatlash masalalarini muhokama qilishdan iboratdir.
Tadbir ochilishida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchilari Sherzod Kudbiyev va Abdujabbor Abduvohidov soʻzga chiqdi.
Taʼkidlanganidek, tabiiy, iqtisodiy, tarixiy va madaniy jihatdan yuksak salohiyatga ega Oʻzbekiston inson resursiga boy. Bu borada hali ishga solinmagan ulkan salohiyat mavjud. Mazkur konferensiya yangi 2020-yil boshida tashkil etilgani yangilanayotgan Oʻzbekiston taraqqiyotiga yangi kuch – bilimli, tajribali, yetuk kadrlarni jalb etishda oʻziga xos ramziy maʼno kasb etadi.
Mazkur anjuman “Umid” jamgʻarmasi bitiruvchilari oʻrtasida doimiy aloqa oʻrnatish uchun oʻziga xos platforma sifatida tashkil etildi. Anjumanga tayyorgarlik koʻrish jarayonida dunyoning turli davlatlaridan 600 dan ziyod kishi "http://conference.eyuf.uz" sayti orqali roʻyxatdan oʻtgani konferensiyaga qiziqishning yuqori ekanini yana bir bor tasdiqladi.
Ushbu formatdagi muloqot “El-yurt umidi” jamgʻarmasi maqsadlariga hamohangdir. Yoshlarning chet elda taʼlim olishi, bilim va tajribasini yurt ravnaqi yoʻlida qoʻllashi uchun ham qulay shart-sharoit yaratadi.
– Shu yurt farzandi sifatida Oʻzbekistondagi oʻzgarishlarni doimiy kuzatib boraman, – deydi konferensiya ishtirokchisi, AQSHning “AXA Group” kompaniyasi katta menejeri Arobiddin Toʻraxonov. – Oʻzbekistonda kechayotgan ijobiy jarayonlar menda katta qiziqish uygʻotmoqda. Mamlakat iqtisodiyotini modernizatsiya qilish boʻyicha amalga oshirilayotgan keng koʻlamli ishlar oʻz samaralarini berayotganini qayd etishni istardim. Ushbu jarayonga men ham munosib hissa qoʻshish istagidaman. Mazkur konferensiya doirasida oʻzim faoliyat yuritayotgan “AXA Group” va AQSHning yana bir moliyaviy kompaniyasini Oʻzbekistonga olib kirish boʻyicha muloqot olib borish imkoniyatiga ega boʻldim.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan 2018-yilda “El-yurt umidi” jamgʻarmasi tashkil etildi. Unga 1997-2003-yillarda faoliyat yuritgan va 828 isteʼdodli yoshlarning bakalavriat, magistratura yoʻnalishlari boʻyicha xorijda tahsil olishini moliyalashtirgan “Umid” jamgʻarmasi negizida asos solindi. Endilikda “El-yurt umidi” jamgʻarmasi stipendiya dasturlari yoʻnalishi va maqsadlari sezilarli darajada kengaygan. 2018-yili toʻrt turdagi taʼlim dasturi boʻyicha 375 yigit-qiz xorijiy oliy oʻquv yurtlariga oʻqishga yuborilgan boʻlsa, 2019-yilda tahsil oluvchilar soni 605 kishiga yetdi. Jamgʻarmaning 2020-yil uchun moʻljallangan taʼlim dasturida 1000 nafar talabani qamrab olish belgilangan.
Bugungi kunda jamgʻarma bitiruvchilarining 5 nafari mamlakatimizda vazir lavozimida muvaffaqiyatli faoliyat yuritayotir. Bu esa “Umid” va uning negizida tashkil etilgan “El-yurt umidi” jamgʻarmasining mavjud salohiyati, shu bilan birga, ishga solinmagan ulkan imkoniyatga ega ekanidan dalolat.
– Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan chuqur islohotlar kutilgan natijani berishi uchun yuqori salohiyatga ega mutaxassislarga ehtiyoj bor, – deydi Prezident maslahatchisi, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi direktori Sh.Kudbiyev. – Davlatimiz rahbarining ushbu tadbirni oʻtkazish gʻoyasi ham shu maqsadga qaratilgan. Bir vaqtlar “Umid” jamgʻarmasi yuzlab iqtidorli yigit-qizlarning yorugʻ kelajagiga yoʻllanma bergandi. Bugun esa davlat ularga bor salohiyatini yuzaga chiqarish uchun barcha imkoniyatlarni taqdim etishga tayyor.
“Umid” jamgʻarmasi birinchi stipendiatlarining 83 foizi iqtisodiyot, huquq va ijtimoiy sohalar boʻyicha mutaxassislikka ega. Bugungi kunda davlat va jamiyat hayotining barcha sohalarida davom etayotgan islohotlar sharoitida mamlakatimiz uchun bu kabi kadrlar muhim ahamiyatga ega.
Anjuman dasturiga koʻra, ishtirokchilarga “Yangilanayotgan Oʻzbekiston – bugungi orzular, rejalar va ertangi istiqbollar” mavzusida videorolik namoyish etildi. Xorijdan tashrif buyurgan mehmonlarga mamlakatimizda roʻy berayotgan chuqur va izchil oʻzgarishlar, yurtimizda mavjud imkoniyatlar, yaratilayotgan sharoitlar haqida maʼlumot berildi.
Konferensiya yalpi majlisida “Umid” jamgʻarmasi bitiruvchilari oʻz maʼruzalari bilan ishtirok etdi.
Kunning ikkinchi yarmida anjuman oʻz ishini shoʻba yigʻilishlarida davom ettirdi. Muhokamalar 5 boʻlimda, savol-javob tarzida tashkil etildi. Ularda mamlakatni demokratik yangilash va modernizatsiya qilish, taʼlim sohasini rivojlantirish, investitsiya muhitini yaxshilash masalalari, mamlakatning innovatsion rivojlanish strategiyasi va uning afzalliklari, qishloq xoʻjaligiga ilgʻor texnologiyalarni joriy etish istiqbollari xususida atroflicha soʻz yuritildi.
Konferensiyaning birinchi kunida, shuningdek, iqtisodiyotning turli soha va tarmoqlariga chet el investitsiyalari, ilgʻor innovatsion yechim va texnologiyalarni jalb etish boʻyicha fikr-mulohazalar bildirildi.
Gʻayrat XONNAZAROV, Oqil GʻULOMOV (surat), OʻzA