O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
«Kumushkon» turizm qishlog‘ining tashkil etilishi aholi daromadini oshirishga xizmat qiladi
2020-01-03 | Turizm
Parkent tumanining “Kumushkon” mahalla fuqarolar yig‘ini (MFY) hududida zarur infratuzilmani barpo etish, oilaviy mehmon uylari faoliyati va qo‘shimcha turizm xizmatlarini yo’lga qo‘yish hamda mahalliy aholini turizm sohasidagi tadbirkorlikka keng jalb etish maqsadida «Kumushkon» turizm qishlog‘ini tashkil etish to‘g‘risidagi taklif ma'qullandi.
Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 31-dekabrdagi “Toshkent viloyatida turizm sohasini jadal rivojlantirish to‘g‘risida”gi qarori bilan “Kumushkon” MFY hududida turizm qishlog‘ini tashkil etishga oid chora-tadbirlar rejasi tasdiqlandi.
“Vazirlar Mahkamasida ilk bor shunday mazmundagi qaror tayyorlanib, u turistik qishloq, turistik mahalla konsepsiyasini rivojlantirish nuqtai nazaridan masalaga tizimli ravishda yondashishga yo‘naltirildi.
Bugunga kelib bu kabi ishlar qator viloyatlarda amalga oshirilmoqda – aholi bilan suhbatlar o‘tkazilib, yangi turistik xizmatlar, sayyohlar uchun mehmon uylarini tashkil etish evaziga yangi ish o‘rinlarini yaratish, aholi daromadlarini ko‘paytirish haqida tushuntirish ishlari olib borilmoqda. Shuni alohida ta'kidlashimiz lozimki, Konsepsiyani rivojlantirish va ilgari surishda nafaqat turizm, balki ijtimoiy masalalarni yechishni ham o‘z oldimizga asosiy maqsad qilib belgilab olganmiz.
Kelgusida bunday turistik qishloqlarni yanada ko‘paytirish rejalashtirilgan va bunda “Kumushkon” boshqa turistik qishloq hamda mahallalarni yaratishda namuna bo‘lib xizmat qiladi”, - deydi Bosh vazir o‘rinbosari Aziz Abduhakimov qarorga izoh berar ekan.
Hujjatga muvofiq, hududda avtomobil yo’llarini asfalt qilish, ichki ko‘chalarni tekislash va shag‘al yotqizish, yo‘l ko‘rsatkich belgilarini o‘rnatish, gulzorlar tashkil qilish, tungi yoritgichlarni o‘rnatish, elektr tarmoqlari va gaz quvurlarini ta'mirlash, chiqindi yig‘ish punktlarini qurish, yakka tartibdagi uy-joylar fasadini ta'mirlash kabilar ko‘zda tutilgan.
Chora-tadbirlar rejasiga ko‘ra, 2020 yilda “Kumushkon” MFYdagi 10 xonadon vakillarini jalb qilgan holda, San'atkorlar ko‘chasi tashkil qilinadi, musiqa cholg‘u-asboblari bilan ta'minlanadi. Shuningdek, milliy san'at va madaniy tadbirlarni o‘tkazish uchun maxsus sahna quriladi.
Bundan avval Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi sayti hamda qator nashrlarda Toshkent viloyati Parkent tumani Kumushkon MFY hududida turizm qishlog‘ini tashkil etishga doir loyihaga start berilgani haqida xabar berilgan edi.
Shunisi diqqatga sazovorki, “Kumushkon” MFYda alohida yo‘nalishlar bo‘yicha - etnoqishloq, milliy taomlar qishlog‘i, hunarmandlar qishlog‘i, san'atkorlar qishlog‘i hamda agroturizm qishlog‘ini yaratish ko‘zda tutilgan. Shu bilan birga, bu yerda mehmon uylari, xalq kutubxonasi, yoshlar ijodiyot markazi, xalq o‘yinlari va sport namoyishlari maydonchasi, o‘tovlar shaharchasi, turizm axborot markazlari, suvenirlar hamda hunarmandchilik mahsulotlari do‘koni, zamonaviy sanitarik-gigienik shoxobchalar, sayyohlar uchun tibbiy xizmat ko‘rsatish shoxobchasi, sun'iy sharsharalar hamda 7 mavsumiy dam olish maskanini tashkil etish kabi ko‘plab tadbirlar amalga oshiriladi.
Bundan tashqari, “Toshkent viloyatida turizm sohasini jadal rivojlantirish to‘g‘risida”gi qarori doirasida Toshkent viloyatida “Oltin halqa” konsepsiyasini amalga oshirilishi ham belgilab berildi.
Qaror bilan Toshkent viloyatida turizmni rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha amalga oshiriladigan investisiya loyihalarining manzilli ro‘yxati tasdiqlandi. Hujjat bilan 45 investisiya loyihasi amalga oshiriladi, 1523 ta yangi ish o‘rni yaratiladi.