O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Toshkent viloyatining turizm salohiyati “Oltin halqa” konsepsiyasi asosida rivojlantiriladi
2020-01-03 | Turizm
Toshkent viloyatiga tashrif buyuruvchi sayyohlar oqimini ko‘paytirish, ularga qulay shart-sharoitlar yaratish hamda mahalliy aholi daromadini oshirish maqsadida Bo‘stonliq, Ohangaron, Parkent, Bo‘ka, Chinoz, Zangiota tumanlari va Angren shahrida “Oltin halqa” konsepsiyasi asosida zarur infratuzilma shakllantiriladi. Vazirlar Mahkamasining “2019-2021 yillarda Toshkent viloyatida turizm sohasini jadal rivojlantirish to‘g‘risida”gi 1053-sonli qarorida (2019 yil31 dekabr) shu haqida so‘z yuritiladi.
Hujjatga ko‘ra, Toshkent viloyatidagi har bir tuman o‘ziga xos bo‘lgan turistik mahsulotlarni ishlab chiqib, turizmning alohida yo‘nalishlarini rivojlantirib boradi.
Masalan, Bo‘stonliq tumani "Chorvoq” erkin turistik zonasi, Ugam-Chotqol milliy bog‘i, “Chorvoq” suv omboriga ega, hududda turizmning barcha yo’nalishlarini rivojlantirish imkoniyati mavjud; Parkent tumani – tog‘ oldi hududi hisoblanib, tabiati go‘zal, hududning ziyoratgohlari, agroturizm maskanlari, mazali ovqatlanish shoxobchalari mavjud; Zangiota tumani - tarixiy hudud, u ziyorat turizmi obyekti bo’lgan “Zangiota” majmuasi, hunarmadchilik markazlari, savdo majmualariga ega; Ohangaron tumani tarixiy manzilgohlar, madaniy meros obyektlariga boy, sanoat turizmi yo’nalishi bo’yicha turizm namoyishi obyektlariga ega; Bo‘ka tumanining gastronomik turizm yo’nalishida o‘ziga xos turistik obyektlari mavjud; Chinoz tumani Toshkent va vohani bog‘lovchi asosiy magistral yo’l bo‘yida joylashgan bo‘lib, agroturizm, gastronomik turizm va turizmning boshqa turlarini rivojlantirish imkoniyatlariga ega; Angren shahri sanoat shahri ekanligi bilan mashhur, Yangiobod va Lashkarak hududlarining tabiati go‘zal, sayyohlarga xizmat ko‘rsatuvchi yo‘lbo‘yi ovqatlanish shoxobchalari bor.
Ta'kidlash joizki, mazkur konsepsiya doirasida dastlab turizm salohiyati yuqori bo‘lgan Bo‘stonliq, Parkent, Zangiota, Ohangaron, Bo‘ka, Chinoz tumanlari va Angren shahri qamrab olinadi, keyinchalik esa viloyatning boshqa hududlariga ham tatbiq qilinadi.
Bundan avval Bosh vazir o'rinbosari Aziz Abduhakimov Toshkent viloyatida turistik “Oltin halqa”ni yaratish rejalashtirilayotgani hamda shunga doir konsepsiya ishlab chiqilayotgani haqida ma'lum qilgan edi.
https://kun.uz/news/2019/06/04/toshkent-viloyatida-515-million-dollarlik-zamonaviy-tog-kurort-dam-olish-maskanlari-ishga-tushadi
https://www.gazeta.uz/ru/2019/06/04/mountain-resorts/
https://podrobno.uz/cat/obchestvo/v-tashkentskoy-oblasti-poyavitsya-svoe-zolotoe-koltso/
https://ria.ru/20190604/1555242934.html
Mazkur qarorning imzolanishi esa navbatdagi va'daning ustidan chiqilganidan dalolat beradi.
“Oltin halqa” konsepsiyasi quyidagi vazifalar ijrosini nazarda tutadi:
• Zangiota - Chinoz - Bo‘ka - Ohangaron - Angren - Parkent - Bo‘stonliq yo‘nalishida turizm marshrutlari va yo‘l ko‘rsatkich xaritalarini ishlab chiqish;
• Hududlardagi turistik obyektlarni xatlovdan o‘tkazish, obyektlarning barcha ma'lumotlarini o‘z ichiga olgan pasportlarini tayyorlash, har bir turizm obyektida xizmat ko‘rsatish sifatini yaxshilash bo‘yicha yo‘l xaritalarini ishlab chiqish;
• Turizm marshrutlaridagi mavjud yo‘lbo‘yi infratuzilmalarini xatlovdan o‘tkazish, ularda xizmat ko‘rsatish sifatini yaxshilash choralarini ko‘rish, yangi tashkil etish zarur bo‘lgan yo‘lbo‘yi infratuzilmalarini joylashtirish manzillarini belgilash va namunaviy loyihalarini tayyorlash;
• Turizm marshrutlarida yangi turizm obyektlarini tashkil etish yuzasidan jahon tajribasini o‘rganish, yangi turizm ob'ektlarini barpo etish manzillarini aniqlash, namunaviy loyihalarini ishlab chiqish va amalga oshirish;
• Turizm marshrutlarida alohida “Oltin halqa” yo‘nalishli taksilar, zamonaviy yengil avtomashinalar, mikroavtobuslar va avtobuslar qatnovini tashkil kilish;
• Konsepsiya doirasida hududlarning yo‘l infratuzilmasini yaxshilash choralarini ko‘rish;
• Hududlarda turistlar uchun milliy urf-odatlarni namoyish etuvchi madaniy-ko‘ngilochar tadbirlar dasturini ishlab chiqish va doimiy ravishda tashkil etish;
• Har bir hududning milliy choyxonalarini tashkil etish;
• Hunarmandchilikni rivojlantirish, turistlar uchun esdalik sovg‘alari tayyorlashni yo‘lga qo‘yish, hunarmandlarning uy-muzeylarini tashkil etish;
• Oilaviy mehmon uylarini tashkil qilish bo‘yicha tushuntirish ishlari olib borish va aholini tadbirkorlikka jalb qilish;
• “Oltin halqa” turizm konsepsiyasi doirasida Toshkent viloyatining turizm salohiyatini targ‘ib qilish bo‘yicha videoroliklar, qo‘llanmalar, yo‘l ko‘rsatkichlar, reklama-targ‘ibot materiallari tayyorlash va tarqatish;
• Turizm obyektlarida xizmat ko‘rsatish sifatini yaxshilash bo‘yicha sohada faoliyat yuritayotgan xo‘jalik yurituvchi subyektlar xodimlari uchun maxsus o‘quv kurslarini tashkil qilish.