O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
BAA rezidenti maqomini olgan xorijiy davlatlar fuqarolari O‘zbekistonga vizasiz kirish imkoniga ega bo‘ladi
2019-12-31 | Turizm
2020 yilning 1 yanvaridan e'tiboran Birlashgan Arab Amirliklari (BAA) rezidenti maqomini olgan xorijiy davlatlar fuqarolari 30 kun muddatga O‘zbekistonga vizasiz kirish imkoniga ega bo‘ladi. Prezidentning 2019 yil 28 dekabrdagi “2019 yil 18 martdagi “BAA fuqarolari uchun O‘zbekiston Respublikasiga kirish rejimini yanada soddalashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 5691-sonli Farmoniga o‘zgartirish va qo‘shimcha kiritish to‘g‘risida”gi Farmonida (№5897) shu haqida so‘z yuritiladi.
Mazkur hujjat O‘zbekiston Respublikasiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investisiyalarni jalb qilish salohiyatini yanada mustahkamlash, shuningdek, BAA investorlari uchun mamlakatimizning sarmoyaviy jozibadorligini oshirishga yo‘naltirilgan.
Farmonga kiritilgan o‘zgartirishga ko‘ra, 1-bandga quyidagi mazmunda o‘zgartirish kiritildi: “2019 yil 20 martdan boshlab Birlashgan Arab Amirliklari fuqarolari uchun, shuningdek, 2020 yil 1 yanvardan boshlab BAA rezidenti maqomini olgan xorijiy davlatlar fuqarolari uchun O‘zbekiston Respublikasi hududiga kirgan kundan e'tiboran 30 kun muddatga vizasiz rejim belgilansin. Birlashgan Arab Amirliklari rezidenti maqomini olgan xorijiy davlatlar fuqarolari O‘zbekiston Respublikasiga kirish vaqtida amal qilish muddati 90 kundan kam bo‘lmagan rezidentlik vizasining asl nusxasini taqdim etadilar”.