O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Do‘stlik jamiyati faoliyati muhokama qilindi
2019-12-30 | Jamiyat
2019-yil 28-dekabr kuni Suv xo‘jaligi vazirligida «O‘zbekiston-Tojikiston» do‘stlik jamiyati boshqaruv a’zolari va faollar bilan uchrashuv o‘tkazildi.
O‘zbekiston bilan Tojikistonni umumiy tarix, uzviy ma’naviy qadriyatlar bog‘lab turadi. Ikki xalq azaldan bir daryodan suv ichgan, qarindoshlik rishtalari bilan bog‘langan. Bizni ikki tilda gaplashuvchi bir xalq deyishadi.
Uchrashuvni O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vaziri, “O‘zbekiston-Tojikiston” do‘stlik jamiyati raisi Sh.Xamrayev ochar ekan, davlat rahbarlari o‘rtasida yuzaga kelgan yaqin va ishonchli aloqa, to‘g‘ridan-to‘g‘ri hamda muntazam muloqot tufayli so‘nggi uch yilda ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirishda katta ijobiy o‘zgarishlarga erishilganligini ta’kidladi. O‘zbekiston-Tojikiston ko‘p qirrali munosabatlari misli ko‘rilmagan yuksak darajaga - strategik sheriklik darajasiga ko‘tarildi. Bu qardosh xalqlarimiz manfaatlaridan kelib chiqib, barcha sohalardagi ikki tomonlama munosabatlarni sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish imkonini berdi.
- Xalqlarimiz qadimdan birga yashagan va ravnaq topgan, shuning uchun yaqin qo‘shnichilik hamda bir-birini hurmat qilish an’analari bugun ham turli yo‘nalishlarda hamkorlik qilish uchun mustahkam asos bo‘lib xizmat qilmoqda, - dedi uchrashuvda so‘zga chiqqan Tojikiston Respublikasining mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Sodiq Imomiy.
Bugun O‘zbekistonda tojik millatiga mansub qariyb 1,5 million fuqaro istiqomat qiladi. Yurtimiz bo‘ylab 10 ta tojik milliy madaniy markazini o‘zida birlashtirgan Respublika tojik milliy madaniy markazi muvaffaqiyat bilan faoliyat yuritmoqda. 245 ta maktabda ta’lim tojik tilida olib boriladi. Samarqand, Termiz va Farg‘ona universitetlarida darslar tojik tilida o‘tiladigan guruhlar mavjud. Tojik tilida davriy matbuot nashri, teledastur va radiodasturlar taqdim qilinadi.
Buyuk tojik shoiri Abdullo Rudakiy yozgan:
Jahonning shodligi yig‘ilsa butun,
Do‘stlar diydoridan bo‘lolmas ustun.
Har qancha bo‘lsa ham olamda achchiq,
Achchiqroqdir dono do‘stdan ayriliq.
Buyuk ajdodlarimiz va mutafakkirlarimiz Navoiy va Jomiy, Abdurauf Fitrat va Sadriddin Ayniy, G‘afur G‘ulom va Mirzo Tursunzoda, Abdulla Oripov va Loyiq Sherali o‘zbeklaru tojiklarning samimiy va sof do‘stligini tarannum etganlar.
Uchrashuvda «O‘zbekiston-Tojikiston» do‘stlik jamiyati faoliyatini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish masalalari muhokama qilindi, bu borada jamiyat boshqaruv a’zolari va faollar o‘zaro hamkorlikda ish olib borishiga kelishib olindi.
Tadbirda kirib kelayotgan Yangi yil bayrami munosabati bilan tabriklar, qutlovlar aytildi. Do‘stlik jamiyati faollariga tashkilotchilarning sovg‘alari topshirildi.