O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O‘zbekistonda Notarial palata tashkil etildi
2019-12-30 | Jamiyat
Joriy yilning 28-dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Notarial palatasining ta’sis Konferentsiyasi o‘tkazildi. Mazkur ta’sis Konferentsiyada Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida faoliyat ko‘rsatuvchi davlat notarial idoralari notariuslari tomonidan 177 nafar saylangan delegatlar ishtirok etdilar.
Mazkur Konferentsiya qaroriga asosan O‘zbekiston Respublikasi Notarial palatasi tashkil etildi hamda Notarial palataning Ustavi tasdiqlandi.
Shu bilan birgalikda, Ushbu konferentsiyada Notarial palataga kirish va a’zolik badali miqdorini tasdiqlash, notariuslarning kasb etika qoidalarini tasdiqlash, Notarial palataning Boshqaruvi a’zolarini, Taftish komissiyasi hamda Notarial palata raisini saylash masalari ham kun tartibiga qo‘yildi.
Shunga ko‘ra, delegatlar tomonidan bir ovoz bilan 14 nafardan iborat bo‘lgan Boshqaruv a’zolari va Taftish komissiyasi saylandi. Shuningdek, palata raisi lavozimiga shu kunga qadar Samarqand shahar 8-son davlat notarial idorasida notarius lavozimida ishlab kelgan Ashurov Dilshod Rustamovich rais etib saylandi.
Mazkur ta’sis Konferentsiyasida bir ovozdan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi Notarial palatasining Ustaviga muvofiq, quyidagilar Notarial palataning vazifalari etib belgilandi:
- xususiy amaliyot bilan shug‘ullanuvchi notariuslar faoliyatini muvofiqlashtirib borish, qonun hujjatlari va huquqni qo‘llash amaliyotini takomillashtirish hamda qonun hujjatlarining bir xilda qo‘llanilishini ta’minlashga doir takliflar ishlab chiqish;
- nizolarning oldini oluvchi institut sifatida notariat rolini mustahkamlash, notariuslik kasbi nufuzini oshirish, shuningdek, xususiy amaliyot bilan shug‘ullanuvchi notariuslarning kasbiy tayyorgarligi va malakasi oshirilishini hamda ularning fuqarolik javobgarligi majburiy sug‘urtalanishini tashkil etish;
- yagona notarial amaliyotni ta’minlash choralarini ko‘rish, xususiy amaliyot bilan shug‘ullanuvchi notariuslar faoliyati to‘g‘risidagi statistik ma’lumotlarni to‘plash va o‘rganish, ijobiy ish tajribasini ommalashtirish hamda ularga uslubiy yordam ko‘rsatish;
- tavsiyaviy xarakterga ega bo‘lgan notarial harakatlar bo‘yicha uslubiy qo‘llanmalar ishlab chiqish;
- aholining huquqiy bilimlari va huquqiy madaniyatini oshirishga qaratilgan huquqiy targ‘ibot tadbirlarini amalga oshirish;
- davlat organlari, boshqa tashkilotlar bilan munosabatlarda, sudda va boshqa hollarda xususiy amaliyot bilan shug‘ullanuvchi notariuslarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini ifodalash hamda himoya qilish;
- xususiy amaliyot bilan shug‘ullanuvchi notariuslar tomonidan qonun hujjatlariga, kasb etikasi qoidalari va kasb majburiyatlariga rioya etilishi ustidan monitoringni amalga oshirish, xizmat tekshiruvlari o‘tkazish hamda ularning kasbiga loyiqligi masalasini ko‘rib chiqish haqida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Adliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar adliya boshqarmalari huzuridagi malaka komissiyalariga taklif kiritish;
- davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari bilan notarial faoliyat masalalari bo‘yicha hamkorlik qilish;
- notariuslik faoliyati masalalari bo‘yicha (xalqaro) ilmiy-amaliy konferentsiyalar, simpoziumlar, seminarlar va boshqa tadbirlar tashkil qilish va o‘tkazish;
- matbaa va noshirlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish (litsenziya asosida).
Notarial palata qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vazifalarni ham amalga oshirishi mumkin.
Ma’lumot o‘rnida bildiriladiki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasida notariat tizimini tubdan isloh qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 2019 yil 9 sentyabrdagi Farmoni bilan 2020-yil 1-yanvardan xususiy amaliyot bilan shug‘ullanuvchi notariuslar faoliyatini yo‘lga qo‘yish vazifasi belgilangan bo‘lib, shu bilan birgalikda, Adliya vazirligining barcha notarial idoralar notariuslarining a’zoligiga asoslangan O‘zbekiston Notarial palatasini tashkil etish haqidagi taklifi ma’qullangan. Mazkur Farmonga asosan O‘zbekiston Respublikasi Notarial palatasiga notarial idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish, yagona amaliyotni ta’minlash choralarini ko‘rish, notariuslar tomonidan qonun hujjatlariga, kasb etikasi qoidalariga rioya etilishi ustidan monitoringni amalga oshirish kabi vakolatlarni berish nazarda tutilgan.