O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Natijalar tanqidiy ruhda tahlil etildi
2019-12-30 | Xavfsizlik sohasi
28-dekabr kuni Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari hamda O‘z xavfsizlik boshqarmasi boshlig‘i ishtirokida, Bosh boshqarma rahbariyati va shaxsiy tarkibi hamda viloyatning 22ta shahar-tumanlarda xizmat qilayotgan xodimlar bilan “Xizmat intizomi va qonunchilikni mustahkamlash” masalasida o‘tkazildi. Yakuniy natijalarga ko‘ra, uch nafar xodim ichki ishlar organlari safidan rasman bo‘shatildi. Olti nafari egallab turgan lavozimidan ozod etilib, 60 dan ortiq xodimlarga ogohlantirish berildi. Shuningdek, xizmat faoliyati bilan hamkasblariga o‘rnak bo‘layotgan 30 dan ortiq sadoqatli xodimlar rag‘batlantirildi. Bosh boshqarmaning rahbar xodimlaridan biri, IIVning yuqori lavozimiga tayinlandi.
IIBB katta majlislar zalida o‘tkazilgan yig‘ilishda bosh boshqarma tarkibidagi boshqarmalar va sohaviy xizmat rahbarlari, shaxsiy tarkibi, shahar-tuman IIB boshliqlari, ularning tarbiyaviy ishlar bo‘yicha o‘rinbosarlari ishtirok etgan bo‘lsa, hududiy ichki ishlar bo‘limlarida ham mas’ul xodimlar jarayonni videoaloqa tarzida bevosita kuzatib borishdi.
Ichki ishlar vazirining kadrlar bilan ishlash bo‘yicha o‘rinbosari, polkovnik Rustam Hatamov kun tartibidagi masala - xodimlar tomonidan sodir etilgan huquqbuzarliklar, xizmat intizomining buzilishi, shuningdek, kelgusida xodimlar o‘rtasida salbiy holatlarning oldini olish borasida atroflicha so‘z yuritdi.
Tizimda olib borilayotgan keng islohotlar va yaratib berilayotgan imkoniyatlarga qaramay, xodimlar orasida o‘z xizmat faoliyatiga mas’uliyatsizlik bilan qarayotgan, jinoyat va huquqbuzarlik sodir etayotganlari ta’kidlab o‘tdi.
- Jamiyatda jinoyat va huquqbuzarliklarga qarshi kurashib, odamlarni to‘g‘ri yo‘lga soladigan, shaxsiy ibrat bo‘ladigan ichki ishlar xodimi o‘zi huquqbuzarlik sodir etsa, buni qanday tushunish mumkin? -dedi vazir o‘rinbosari.
Yig‘ilishda ishtirok etgan boshqa rahbarlar ham soha xodimlari o‘rtasida uchrayotgan aksar salbiy holatlarga batafsil to‘xtalib o‘tdi. Hususan, joriy yil davomida respublika miqyosidagi xodimlar o‘rtasida sodir etilgan jinoyatlar haqida gapirib, Toshkent viloyati ham bundan mustasno emasligini aytdi. Har bir holatning kelib chiqish sabablari va uning oqibatlarini, ishtirokchilarning oldida tanqidiy muhokama qildi. Shu bilan birga sohaviy xizmat rahbarlariga bunday kamchiliklarni bartaraf etish borasida zarur maslahat va tavsiyalar berildi.
- Tashrif uchun sizga minnatdorlik bildiraman xurmatli vazir o‘rinbosari. Keltirib o‘tilgan xato- kamchiliklarni o‘z vaqtida bartaraf etish bo‘yicha aniq vazifalarni belgilab oldim, -dedi so‘zga chiqqan bosh boshqarma boshlig‘i polkovnik Tohir Aripov.
- Kelgusida mazkur holatlarning barchasi bartaraf etilib, Ichki ishlar organlari rivoji va ijobiy imijini shakllanishida Toshkent viloyati IIBB albatta amaliy natijalari bilan barchaga namuna bo‘lishiga ishonaman va va’da beraman.
Yig‘ilish so‘ngida xizmat faoliyatida xato va kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan ayrim xodimlarga nisbatan intizomiy ta’sir choralari ko‘rildi.
Xizmatida kechirib bo‘lmas xatoga yo‘l qo‘ygan 3 nafar xodim ichki ishlar organlari safidan bo‘shatildi. 6 nafari egallab turgan lavozimidan ozod etildi. Shuningdek, xizmat intizomi va qonunchilikni buzishga moyil 27 nafar xodimlarning faoliyatini intizomiy kengashlarda muhokama qilib, ularni ichki ishlar organlarida qolish-qolmaslik masalasini hal etish bo‘yicha topshiriqlar berildi.
2 nafar xodimga qattiq hayfsan, 6 nafariga esa hayfsan va yana 5 nafariga tanbeh intizomiy jazolari berildi. 37 nafar xodim esa ogohlantirildi.
Shuningdek, tadbir jarayonida o‘z burchi va qasamyodiga sodiq qolib, jinoyatchilikning oldini olishda va xizmat faoliyati bilan hamkasblariga namuna bo‘lib kelayotgan 31 nafar xodimlarni, vazir o‘rinbosari alohida e’tirof etib, ularni rag‘batlantirish to‘g‘risida ko‘rsatma berdi.
Tadbirning yana bir alohida e’tiborli jihati shunda bo‘ldiki, Ichki ishlar vazirining buyrug‘i bilan, tizimda 30 yilga yaqin turli lavozimlarda xizmat qilgan, Toshkent viloyati IIBB MvaFRB boshlig‘i podpolkovnik Ulug‘bek Mirzaqambarov, IIV MvaFRBB boshlig‘ining o‘rinbosari lavozimiga tayinlanganligi munosabati bilan qutlandi.
Yig‘ilish so‘ngida muhokama qilingan masalalar yuzasidan tegishli xulosa chiqarildi. Xodimlar bilan olib borilayotgan tarbiyaviy-profilaktik ishlar samaradorligini yanada oshirish, xizmat intizomi va qonunchilikni mustahkamlash borasida kelgusida amalga oshirilishi zarur bo‘lgan chora-tadbirlar belgilab olindi.