O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Sankt-Peterburg shahridagi mehnat migrantlari bilan bog‘liq holat yuzasidan bayonot
2019-12-30 | Jamiyat
2019-yil 27-dekabr kuni BBC nashrida Rossiya Federatsiyasining Sankt-Peterburg shahridagi chet el fuqarolarini vaqtinchalik saqlab turish markazi (“Krasnoye selo”)da joylashtirilgan bir guruh o‘zbekistonlik mehnat migrantlarining og‘ir sharoitlarda bo‘lganligi, O‘zbekistonga qaytish jarayoni cho‘zilib ketayotgani to‘g‘risida ma’lumot e’lon qilindi. Ma’lumotda Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining Sankt-Peterburgdagi vakolatxonasi vakili mehnat migrantlariga ularni O‘zbekistonga qaytarish uchun guyoki davlat byudjetida mablag‘ yo‘qligini aytgani ta’kidlangan.
O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi mazkur holatni o‘rganib chiqdi, natijada maqolada qator faktlarning yolg‘onligi aniqlandi.
Birinchidan, VVSda e’lon qilingan maqolada Sankt-Peterburg shahrida joylashgan chet el fuqarolarini vaqtinchalik saqlab turish markazida 800 nafarga yaqin fuqaro joylashtirilgan deb noto‘g‘ri ma’lumot berilgan. Aslida ushbu markaz quvvati 336 nafar shaxsga mo‘ljallangan bo‘lib, undan ko‘p odam sig‘dira olmaydi! Markaz rahbariyati taqdim etgan ma’lumotlarga ko‘ra, 2019-yil dekabr oyida bu yerga 320 nafar fuqaro olib kelingan.
Ikkinchidan, Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining Sankt-Peterburgdagi vakolatxonasi vakili fuqarolarni Vatanga qaytarish uchun davlat byudjetida pul yo‘qligini aytmagan va aytishi ham mumkin emas edi, chunki ushbu maqsadlarga Xorijda mehnat faoliyatini amalga oshiruvchi fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash hamda ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish jamg‘armasidan yetarli pul ajratilgan.
Vakolatxona vakili vaqtinchalik saqlab turish markazidagi fuqarolar bilan tashkil qilingan suhbat davomida ulardan hech biri bunday ma’lumotni VVS nashriga aytmaganligini qayd etdi va bu haqida videotasvir ham mavjud.
Aslida vakolatxona vakili fuqarolarni qaytarish (deportatsiya qilish) jarayoni bilan bog‘liq hujjatlarni rasmiylashtirish ma’lum vaqt talab etishi, hujjatlar tayyor bo‘lgandan so‘ng ularga yo‘l chiptalari olib berilishi, ular O‘zbekistonga qaytishi bilan moddiy yordam puli olishini tushuntirgan.
Uchinchidan, Sankt-Peterburgdagi chet el fuqarolari uchun vaqtinchalik yashash markazidan mehnat migrantlari deyarli har oy Xorijda mehnat faoliyatini amalga oshiruvchi fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash hamda ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish jamg‘armasi hisobidan O‘zbekistonga qaytariladi. Rossiya Federatsiyasi qonunchiligiga asosan deportatsiya qilish bilan bog‘liq barcha zarur hujjatlar, jumladan sud qarori tayer bo‘lmaguncha fuqarolarni Rossiya hududidan olib chiqib ketish mumkin emas. Shu kecha-kunduzda hujjati tayyor bo‘lgan 12 nafar fuqaro aynan Sankt-Peterburg markazidan O‘zbekistonga olib kelindi. 2019-yilning 30-dekabrida yana bir guruh fuqarolarimizning O‘zbekistonga olib kelinishi kutilyapti. Qayd etish lozimki, 2019-yilning o‘tgan davrida Rossiya Federatsiyasidan 3 mingdan ortiq o‘zbekistonliklar Xorijda mehnat faoliyatini amalga oshiruvchi fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash hamda ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish jamg‘armasi hisobidan Vatanga qaytarilgan.
Shu o‘rinda Rossiya Federatsiyasiga mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun yo‘l olayotgan hurmatli fuqarolarimizdan Tashqi mehnat migratsiya agentligining hududlardagi filiallariga tashrif buyurib, Bandlikka ko‘maklashish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan imtiyozli kredit olish, o‘z hayoti va sog‘lig‘ini Xorijda mehnat faoliyatini amalga oshiruvchi fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash hamda ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish jamg‘armasi hisobidan sug‘urta qilish, imtiyozli narxlarda avia va temir yo‘l chiptalar olishi mumkinligi haqida xabardor etamiz.
Muammoli vaziyatlarda Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining vakolatxonalariga yoki 71 202-33-55 telefon raqami orqali murojaat qilishingiz so‘raladi.