O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Tarif va notarif tartibga solish kengashining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi
2019-12-26 | Iqtisodiyot
Joriy yilning 25-dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov raisligida Tarif va notarif tartibga solish kengashining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Kengash yig‘ilishida vakolatli vazirlik va idoralar tomonidan tayyorlangan O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga qo‘shilishi doirasida tovarlar uchun bojxona tarif yon berishlari bo‘yicha takliflar muhokama qilindi.
Davlat bojxona qo‘mitasining bojxona boshqaruvi samaradorligini oshirish bo‘yicha amalga oshirilgan chora-tadbirlar to‘g‘risidagi hisoboti tinglandi. O‘zbekistonning Jahon banki va Xalqaro moliya korporatsiyasining "Biznesni yuritish" reytingidagi mavqeini oshirish maqsadida tashqi savdo tartibini soddalashtirish bo‘yicha "Yo‘l xarita" ishlab chiqilishi to‘g‘risida qaror qabul qilindi.
Shuningdek, vakolatli organlarning sertifikatlashtirish uchun yig‘imlar miqdorlarini o‘rnatish va ularni hisoblash bazaviy miqdoriga tayangan holda optimallashtirish hamda tovarlar ro‘yxatlarini xalqaro norma va qoidalar bilan uyg‘unlashtirish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar to‘g‘risidagi normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari tayyorligi holati bo‘yicha hisobotlari tinglandi.
Mamlakatimizda ishbilarmonlik muhitini yanada yaxshilash va biznesni qo‘llab-quvvatlash tizimini takomillashtirish, nazorat va sertifikatlashtirish organlari faoliyatini optimallashtirishga alohida e’tibor qaratildi.
Bundan tashqari, Kengash faoliyatiga tanqidiy baho berildi. Kengash Kotibiyatiga uni tashkil etishda tashqi savdo sohasida yagona davlat siyosatini ishlab chiqish va ta’minlash, biznes bilan yaqin hamkorlikni o‘rnatish va iqtisodiy rivojlanishga salbiy ta’sir ko‘rsatadigan omillarga qarshi tezkor choralar joriy etish, mahalliy tovarlarni tashqi bozorlarga chiqishini ta’minlash va O‘zbekiston Respublikasi hududiga sifatsiz mahsulotlar importining oldini olish bo‘yicha kompleks strategiyani ishlab chiqishga qaratilgan tubdan yangi yondashuvlarni ishlab chiqish va amalga oshirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.