O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Kapital bozorini rivojlantirish strategiyasi muhokama qilindi

2019-12-26 | Iqtisodiyot

Toshkentda 25-dekabr kuni “2020-2025-yillarga moʻljallangan kapital bozorini rivojlantirish strategiyasi” taqdimoti boʻlib oʻtdi.

Oʻzbekiston Respublikasi Kapital bozorini rivojlantirish agentligi tomonidan tashkil etilgan tadbirda vazirlik va idoralar, xalqaro moliya institutlari vakillari, kapital bozorining professional ishtirokchilari, aksiyadorlik jamiyatlari aʼzolari ishtirok etdi.

Kapital bozorini rivojlantirish strategiyasi YETTB va OTB koʻmagida Buyuk Britaniyaning “BTA” (Brian Taylor) va Gonkongning “ISC” (International Securities Consultancy) konsalting kompaniyalari maslahatchilari tavsiyalaridan foydalanilgan holda ishlab chiqilgan boʻlib, 5 ta yoʻnalishni oʻz ichiga oladi. Taqdimot davomida agentlik rahbariyati va tegishli mutaxassislar mazkur muhim yoʻnalishlar haqida atroflicha maʼlumot berdi.


Xususan, ctrategiyaning dastlabki bandi investorlar bazasini kengaytirish va diversifikatsiya qilish, moliyaviy savodxonlikni yaxshilash orqali qimmatli qogʻozlarga boʻlgan talabni oshirishga bagʻishlangan. Bunda chet el sarmoyadorlarining mamlakat kapital bozoriga kirishini soddalashtirish, minoritar investorlar huquqi muhofazasini kuchaytirish, aksiyadorlik jamiyatlari toʻgʻrisidagi qonunni takomillashtirish rejalashtirilgan.

Mazkur loyiha jismoniy shaxslar uchun davlat qimmatli qogʻozlarini sotib olishda mavjud toʻsiqlarni bartaraf etish va Oʻzbekiston rezidentlariga xorijiy emitentlar qimmatli qogʻozlarini sotib olish uchun shart-sharoit yaratishni koʻzda tutadi. Bu davlat qimmatli qogʻozlarining ikkilamchi bozorini rivojlantirishga koʻmaklashib, Oʻzbekistonga investitsiyalarni diversifikatsiya qilish imkonini beradi.


Ushbu band doirasida, shuningdek, pensiya jamgʻarmalari va sugʻurta kompaniyalari bilan hamkorlikdagi investitsiyaviy faoliyatni kuchaytirish rejalashtirilgan.

Emitentlar sonini koʻpaytirish, yangi moliyaviy mahsulotlar va korporativ boshqaruvni takomillashtirish orqali takliflar koʻlamini kengaytirishni koʻzda tutuvchi bandda asosiy eʼtibor xususiylashtirish jarayonini takomillashtirishga qaratilgan. Bunda yangi moliyaviy mahsulotlarni joriy etish maqsadida mavjud obligatsiya turlarini diversifikatsiya qilish taʼminlanadi.


Strategiya loyihasida huquqiy meʼyorlarni tartibga solish, qonunchilik va nazorat tizimini takomillashtirishga alohida ahamiyat berilgan. Jumladan, qimmatli qogʻozlar bozorini tartibga solish sohasidagi barcha meʼyoriy-huquqiy hujjatlarni birlashtirishni nazarda tutuvchi “Kapital bozori toʻgʻrisida”gi hamda agentlik tomonidan Qimmatli xalqaro standartlar va qimmatli qogʻozlar komissiyalari xalqaro tashkiloti (IOSCO) tamoyillari asosida kapital bozorini rivojlantirish boʻyicha faoliyatni aniq tartibga soluvchi “Kapital bozorini rivojlantirish agentligi toʻgʻrisida”gi qonunlar loyihasini ishlab chiqish taklif etilgan.

Kapital bozorini rivojlantirishda infratuzilmani yaxshilash muhim ahamiyatga ega. Bu borada professional ishtirokchilarning oʻzini oʻzi tartibga soluvchi nodavlat birlashmasini tashkil etish taklif qilinmoqda.


Shu bilan birga, birja infratuzilmasini takomillashtirish, xususan, mavjud fond birjalari, savdo tashkilotchilari faoliyatini optimallashtirish, mahalliy va xorijiy fond birjalaridagi nazorat paketlarini birlashtirish imkoniyati koʻrib chiqiladi. Ushbu yoʻnalishda “Milliy investitsiya kompaniyasi”ni tashkil etish ham nazarda tutilgan. Tuzilmaning asosiy vazifasi investitsiyaviy konsalting, sarmoyalarni boshqarish va jalb qilish, anderrayting boʻyicha xizmat koʻrsatish, moliyaviy aktivlarni boshqarish va xususiylashtirish, xalqaro obligatsiyalarni joylashtirishga koʻmaklashish singari yoʻnalishlardan iborat boʻladi.

Strategiya doirasida kapital bozorini muvofiqlashtiruvchi organning institutsional salohiyatini mustahkamlash yoʻllari ham koʻrsatib oʻtilgan. Xususan, Markaziy bank hamda Moliya vazirligi tarkibidagi qimmatli qogʻozlar bozori bilan bogʻliq faoliyatni amalga oshiradigan tegishli boʻlinmalar va Oʻzbekiston Respublikasi Kapital bozorini rivojlantirish agentligi zimmasidagi vazifalarni aniq belgilash taklif qilinmoqda. Bu strategiyada belgilangan vazifalarni samarali va oʻz vaqtida amalga oshirishga xizmat qiladi.


“2020-2025-yillarga moʻljallangan kapital bozorini rivojlantirish strategiyasi”ni muvaffaqiyatli amalga oshirish orqali davlat qimmatli qogʻozlarini hisobga olgan holda erkin muomaladagi qimmatli qogʻozlar ulushini yalpi ichki mahsulotning 10 foizi, yaʼni ayni paytda 6 milliard dollarga yetkazish, bozorning barcha ishtirokchilari uchun aniq qoidalar joriy etish va investorlar huquqlarini ishonchli himoyalash, “Frontiermarkets” xalqaro indekslariga qoʻshilish, sarmoya bozori orqali Oʻzbekistonga kiritiladigan xorijiy investitsiyalar miqdorini sezilarli darajada oshirish, iqtisodiyotning bank sektoriga bogʻliqligini, davlatning bank sektoridagi ishtirokini kamaytirish, yashirin aylanmadagi qoʻshimcha mablagʻlarni iqtisodiyotga jalb qilish va pirovardida Oʻzbekiston iqtisodiyotining jadal surʼatlarda oʻsishini taʼminlash kabi muhim va dolzarb masalalarni hal etish maqsad qilingan.

Taqdimot doirasida Agentlik tomonidan audit, soliq, tranzaksiyalarni qoʻllab-quvvatlash va konsalting sohasida jahonda yetakchi boʻlgan Buyuk Britaniyaning “Ernst & Young” xalqaro kompaniyasiga investitsion maslahatchi litsenziyasi topshirildi. Ushbu litsenziya kompaniyaga mahalliy aksiyadorlik jamiyatlariga qimmatli qogʻozlarni chiqarish, joylashtirish va muomalaga kiritish boʻyicha, qimmatli qogʻozlar bozori va ishtirokchilar holatini tahlil qilish va baholash yuzasidan maslahat berish imkonini beradi. Bundan tashqari, endilikda mazkur kompaniya tegishli kadrlarni qayta tayyorlash va mutaxassislar malakasini oshirish, shuningdek, qimmatli qogʻozlar bozorida mijozlar hisobotlarini tayyorlash bilan ham shugʻullanishi mumkin.

 

Gʻayrat XONNAZAROV, OʻzA

Поделиться