O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari ro‘yxatga olindi
2019-12-25 | Saylov
25 dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining majlisi bo‘lib o‘tdi. Kun tartibidan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi deputatlarini ro‘yxatga olish, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga deputatlar saylovi bo‘yicha ayrim saylov okruglarida takroriy ovoz berishni o‘tkazish masalalari o‘rin oldi.
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining Raisi M.Abdusalomov boshqargan yig‘ilishda 2019 yil 22 dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga, Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar kengashlariga bo‘lib o‘tgan saylovlar o‘z taraqqiyotining yangi, demokratik bosqichiga dadil qadam qo‘ygan O‘zbekiston tarixida muhim voqea bo‘lgani alohida ta’kilandi.
Saylovlar “Yangi O‘zbekiston - yangi saylovlar” shiori ostida milliy saylov qonunchiligi talablariga, unda mustahkamlab qo‘yilgan ochiqlik, oshkoralik va muqobillik kabi demokratik tamoyillarga to‘liq mos holda o‘tkazildi.
Saylov jarayonlarini nufuzli xalqaro tashkilotlarning, mahalliy va xorijiy mamlakatlarning yirik ommaviy axborot vositalarining yuzlab vakillari bevosita kuzatib va yoritib borgani buning dalilidir.
Shuningdek, saylovlarda ishtirok etgan beshta siyosiy partiya va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlaridan 70 mingdan ziyod vakillari saylovlarni bevosita kuzatib bordi. Bu milliy saylov tizimida jamoatchilikning, ya’ni xalq nazoratining sezilarli darajada kuchayganining amaldagi tasdig‘idir.
Shuni alohida qayd etish kerakki, Markaziy saylov komissiyasiga saylov yakunlariga ta’sir qilishi mumkin bo‘lgan saylovga oid qonunchilik talablari qo‘pol ravishda buzilganligi yuzasidan ma’lumot va murojaatlar tushmadi.
Markaziy saylov komissiyasining majlisida O‘zbekiston Respublikasi Saylov kodeksiga muvofiq, parlament quyi palatasiga saylov yakunlari ko‘rib chiqildi va 125 saylov okruglarida saylangan deputatlar ro‘yxatga olindi.
Jumladan, Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati - O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan- 42 nafar, O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasidan-34 nafar, O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasidan - 20 nafar, O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasidan - 18 nafar, O‘zbekiston Ekologik partiyasidan -11 nafar deputat ro‘yxatga olindi.
Qaror va deputatlar ro‘yxati O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining rasmiy veb-saytida hamda “Xalq so‘zi” va “Narodnoye slovo” gazetalarida e’lon qilinadi.
Shuni bilan birga, Markaziy saylov komissiyasiga taqdim etilgan Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga o‘tkazuvchi saylov okruglari bo‘yicha saylov natijalarini aniqlashga doir barcha bayonnomalar o‘rganib va tahlil qilib chiqilganida, ayrim saylov okruglari bo‘yicha ovozlarni hisoblash jarayonida okrug saylov komissiyalari tomonidan xato va kamchiliklarga yo‘l qo‘yilganligi aniqlandi. Kamchiliklar Saylov kodeksining 95-moddasida ko‘rsatilgan bandlar bo‘yicha saylov natijalarini aniqlash va hisoblash bilan bog‘liq bo‘lib, saylovchilarning ovozlari soni o‘zgarmagan. Kamchiliklar Markaziy saylov komissiyasi tomonidan Saylov kodeksida belgilangan tartibda bartaraf etildi.
Shulardan kelib chiqib, Markaziy saylov komissiyasi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga saylov o‘tkazuvchi 25ta saylov okruglarida takroriy ovoz berishni 2020 yil 5 yanvar - yakshanba kuni o‘tkazishga qaror qildi.
Saylov kodeksiga ko‘ra, ovoz berishda ishtirok etgan saylovchilarning yarmidan ko‘pining ovozini, ya’ni 50 foizdan ortiq ovoz olgan nomzod deputat etib saylangan, deb hisoblanadi.
Takroriy ovoz berishda saylovchilarning ishtirok etishi foizi hisobga olinmaydi.