O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Farg’onada O’zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri o’rinbosari ishtirokida videoselektor yig’ilish o’tkazildi
2019-12-25 | Jamiyat
Farg’onada O’zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri o’rinbosari hamda O’z xavfsizlik boshqarmasi boshlig’i ishtirokida ichki ishlar boshqarmasi va hududiy bo’linmalarida xizmat qilayotgan xodimlar bilan xizmat intizomi va qonunchilikni mustahkamlash masalalariga bag’ishlangan videoselektor yig’ilishi o’tkazildi.
Viloyat IIB majlislar zalida o’tkazilgan yig’ilishda viloyat IIB tarkibidagi boshqarmalar va sohaviy xizmat rahbarlari, shaxsiy tarkibi, shahar-tuman IIB boshliqlari, ularning tarbiyaviy ishlar bo’yicha o’rinbosarlari ishtirok etgan bo’lsa, hududiy ichki ishlar bo’limlarida ham mas’ul xodimlar jarayonni videoaloqa tarzida bevosita kuzatib bordilar. Yig’ilishni viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshlig’i, polkovnik R. Mamatov boshqarib bordi.
Ichki ishlar vazirining kadrlar bilan ishlash bo’yicha o’rinbosari, polkovnik R.Hatamov kun tartibidagi masala – xodimlar tomonidan sodir etilgan huquqbuzarliklar, xizmat intizomining buzilishi, shuningdek, kelgusida xodimlar o’rtasida salbiy holatlarning oldini olish borasida atroflicha so’z yuritdi.
Vazir o’rinbosari masalaga chuqur va tahliliy yondoshib, so’nggi yillarda muhtaram Prezidentimiz va Ichki ishlar vazirligi tomonidan soha xodimlarini ijtimoiy qo’llab-quvvatlash, moddiy va ma’naviy rag’batlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlarga to’xtaldi.
Ta’kidlandiki, tizimda olib borilayotgan bu kabi keng islohotlar va yaratib berilayotgan imkoniyatlarga qaramay, xodimlar orasida o’z xizmat faoliyatiga mas’uliyatsizlik bilan qarayotgan, jinoyat va huquqbuzarlik sodir etayotganlari ham uchrab turibdi.
– Jamiyatda jinoyat va huquqbuzarliklarga qarshi kurashib, odamlarni to’g’ri yo’lga soladigan, shaxsiy ibrat bo’ladigan ichki ishlar xodimi o’zi huquqbuzarlik sodir etsa, buni qanday tushunish mumkin?– dedi vazir o’rinbosari kuyunchaklik bilan. – Endi bunday loqayd va mas’uliyatsizlik bilan ishlab bo’lmaydi. Yurtboshimiz, ona vatanimiz, mehnatkash xalqimiz sizu bizga yuksak ishonch bildirgan. Bu ishonchli oqlash uchun qat’iy tartib-intizom bilan ishlashimiz shart.
Yig’ilishda O’zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining O’z xavfsizlik boshqarmasi boshlig’i ham mavzu yuzasidan so’zga chiqib, soha xodimlari o’rtasida uchrayotgan ayrim salbiy holatlarga batafsil to’xtalib o’tdi. Shu bilan birga sohaviy xizmat rahbarlariga bunday kamliklarni bartaraf etish borasida zarur maslahat va tavsiyalar ham berdi.
Tanqidiy va tahliliy ruhda o’tgan yig’ilishda faoliyatida xato va kamchiliklarga yo’l qo’ygan ayrim xodimlarga nisbatan turli xil intizomiy ta’sir choralari ko’rildi. Masalan, faoliyatida kechirib bo’lmas xatoga yo’l qo’ygan 2 nafar xodimni ichki ishlar organlari safidan bo’shatish, 2 nafar xodimni xatti-harakatiga intizomiy jazo sifatida maxsus unvonini bir pog’onaga pasaytirish bo’yicha taklif kiritildi. Xizmat intizomi va qonunchilikni buzishga moyil 10 nafar xodimlarning faoliyatini intizomiy kengashlarda muhokama qilib, ularni ichki ishlar organlarida qolish-qolmaslik masalasini hal etish bo’yicha topshiriqlar berildi. 2 nafar xodim egallab turgan lavozimidan ozod etildi. 6 nafar xodimga qattiq xayfsan berildi. 68 nafar xodim esa ogohlantirildi.
Shuningdek, tadbir jarayonida o’z burchi va qasamyodiga sodiq qolib, jinoyatchilikning oldini olgan 2 nafar xodimga pul mukofoti, ularning ota-onasiga esa tashakkurnomalar taqdim qilindi. 10 nafar xodimga esa oilaviy sharoitini yaxshilash uchun moddiy ko’mak ko’rsatildi.
Yig’ilish yakunida muhokama qilingan masalalar yuzasidan tegishli xulosa chiqarilib, xodimlar bilan olib borilayotgan tarbiyaviy-profilaktik ishlar samaradorligini yanada oshirish, xizmat intizomi va qonunchilikni mustahkamlash borasida kelgusida amalga oshirilishi zarur bo’lgan chora-tadbirlar belgilab olindi.