O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Xalqaro mental arifmetika olimpiadasida yurtimiz oʻquvchilari gʻolib bo'ldi
2019-12-25 | Ta’lim
Moskva shahrida MDH davlatlari oʻquvchilari oʻrtasida xalqaro mental arifmetika olimpiadasi oʻtkazildi. Mazkur olimpiadada 500 dan ziyod oʻquvchi ishtirok etdi.
Mamlakatimizda oʻtkazilgan mental arifmetika olimpiadasi gʻoliblari Moskva shahridagi bellashuvlarda oʻz iqtidorini namoyon etdi. Xususan, fargʻonalik uch nafar oʻquvchi mazkur olimpiadada gʻoliblikni qoʻlga kiritdi.
Jumladan, yurtdoshimiz 6 yoshli Humoyunmirzo 1-oʻrinni, Samandar Murodov 2-oʻrinni, Gulasal Akbarova olimpiada Gran-prisini qoʻlga kiritdi.
Gʻoliblar ustozi Isroil Tillaboyev metodikasi boʻyicha saboq olgan. Fargʻona viloyatiga dastlabki mental arifmetika kurslarini olib kirgan oʻqituvchi Isroil Tillaboyev mental arifmetika boʻyicha oʻzining mualliflik kitobini ham nashr etgan. Bu oʻzbek tilidagi birinchi mental arifmetika darsligi hisoblanadi.
Mamlakatimiz oʻquvchilarini xalqaro mental arifmetika olimpiadasidagi muvaffaqiyati bilan qutlab, kelgusi bellashuvlarda omad tilab qolamiz!