O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Ijtimoiy tarmoqlardagi oliy ta’limga oid tanqidiy materiallarga munosabat bildirilmoqda
2019-12-25 | Ta’lim
Ijtimoiy tarmoqlar orqali oliy ta’lim tizimiga oid e’lon qilinayotgan tanqidiy materiallarda ko‘tarilayotgan masalalar soha mas’ullar tomonidan o‘rganilib, o‘z vaqtida munosabat bildirib kelinmoqda.
Bloger Olim Tursunov joriy yilning 29 noyabr kuni Telegram ijtimoiy tarmog‘idagi kanalida O‘zbekiston Milliy universitetining Xorijiy filologiya fakulteti binosining achinarli holati haqida xabar qoldirgandi.
Mazkur ma’lumot universitet rahbariyati tomonidan o‘rganib chiqilib, ta’mirtalab joylar yaxshi holatga keltirildi.Bundan tashqari, bino 2020/2021 o‘quv yilida kapital ta’mirlash dasturiga kiritildi.
***
Podrobno.uz saytida Buxoro davlat tibbiyot instituti akademik litseyining o‘quvchilar turar joyida birinchi kurs o‘quvchisi oshqozonidan jarohat olganligi haqida xabar e’lon qilingandi.
Vazirlik Axborot xizmati tomonidan o‘tkazilgan surishtiruv natijasida ma’lum bo‘lishicha, joriy yilning 2 dekabr kuni Buxoro davlat tibbiyot instituti akademik litseyi tarbiyachisi Raxmatov F. o‘quvchi Nazarov D. bilan “hazillashishi” oqibatida tan jarohati yetkazib qo‘ygan.
Mazkur holat bo‘yicha litsey kasaba uyushmasi qo‘mitasining qo‘shma yig‘ilishi qaroriga binoan, tarbiyachisi Raxmatov F.ning 2019 yil 2 dekabr kuni Nazarov D.ga nisbatan yetkazgan jarohati uchun, yotoqxona navbatchisi Ne’matova F. “o‘z ishiga mas’uliyatsizlik hamda sovuqqonlik bilan yondashganligi” va “bo‘lib o‘tgan voqea haqida o‘z vaqtida ma’muriyatga xabar bermaganligi” sababli ular bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilingan.
***
Bosh prokuratura matbuot xizmati rahbari Hayot Shamsutdinov Xabar.uz saytiga “Facebook” ijtimoiy tarmog‘ining faol foydalanuvchilaridan bo‘lgan A.R.Sharifullinni kaltaklagan “noma’lum shaxslar”ning qo‘lga olingani haqida ma’lum qilgan.
UndaSharifullinni “kaltaklaganlar” orasida Toshkent davlat Sharqshunoslik instituti talabasi Mardonov J. ham tilga olingan. Yozilishicha, S.Qayumjonov o‘z ko‘rsatmasida, tanishi J.Mardonov bilan 10 dekabr kuni A.R.Sharifullindan “Lirika” va “Tropikamid” dori vositalarini sotib olish maqsadida borishganida, u dori vositalarini Chilonzordan olib berishini aytadi. Uchovlon avtomashinada Chilonzor tumani, 23-mavzega kelganda A.R.Sharifullin psixotrop moddasini o‘z yonidan chiqarib beradi. Uning yolg‘on gapirib, ovora qilganiga chidolmagan “xaridorlar” bilak kuchini ishga solishadi...
TDShIning ma’lumot berishicha, Mardonov J. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari safida muddatli harbiy xizmatni o‘tab bo‘lgan fuqarolarga imtiyozlar tizimini takomillashtirishga oid chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 2012 yil 31 maydagi PQ-1765-son qaroriga asosan harbiy tavsiyanoma asosida talabalikka tavsiya etilgan va ToshDShI rektorining 2016 yil 3 oktyabrdagi 04-173 sonli buyrug‘i bilan Sharq falsafasi va madaniyati ta’lim yo‘nalishi 1-kurs talabalari safiga qabul qilingan.
Talaba sababsiz ko‘p dars qoldirganligi sababli 2017 yil 27 apreldagi 04-56 sonli buyruq bilan intizomiy chora ko‘rilgan.
2016-2017 o‘quv yili bahorgi semestri bo‘yicha fanlarni belgilangan muddatlarda o‘zlashtira olmaganligi sababli 2017 yil 2 oktyabrdagi 04-137 sonli buyruq bilan kursda qoldirilgan.
J.Sh. Mardonovning arizasiga binoan unga yana bir bor imkon berilib, ToshDShI rektorining 2019 yil 22 yanvardagi 04-12 sonli buyrug‘i bilan Sharq falsafasi va madaniyati ta’lim yo‘nalishi 1 kurs talabalari safida o‘qishni davom ettirishga ruxsat berilgan.
2018-2019 o‘quv yili bahorgi semestri fanlarini ham o‘z vaqtida to‘liq o‘zlashtira olmagan. 2 ta fandan (jismoniy tarbiya va sport, falsafa va madaniyatda axborot texnologiyalari) akademik qarzdor bo‘lib qayta topshirish natijasida o‘zlashtirgan.
2019-2020 o‘quv yili boshidan buyon J. Mardonov darslarga yaxshi qatnashmagan. Fakultet dekani muovini va guruh murabbiyi tomonidan talabaning darslarga yaxshi qatnashmayotganligi, bir necha marotaba ogohlantirilganiga qaramay ijobiy o‘zgarish bo‘lmayotganligi, agar bunday holat davom etadigan bo‘lsa farzandiga nisbatan jiddiy (talabalar safidan chiqarish) chora ko‘rilishi haqida otasi Sh. Shomurodov telefon orqali xabardor qilingan. O‘z navbatida Sh.Shomurodov farzandining ancha salbiy tomonga o‘zgarib qolganligi, sport mashg‘ulotlariga qatnayotganligi, aytgan gaplariga quloq solmayotganligi va farzandiga nisbatan chora ko‘rilishiga e’tirozi yo‘qligini ma’lum qilgan.
Talabaning o‘zi bilan ham bir necha bor suhbatlashilgan va kafedra majlisida muhokama qilingan. Talabaning darslarga qatnashi va o‘zlashtirishida ijobiy o‘zgarishlar bo‘lmaganligi sababli unga nisbatan ToshDShI rektorining 2019 yil 18 noyabrdagi 04-341 sonli buyrug‘i bilan intizomiy chora ko‘rilgan. Intizomiy chora ko‘rilgandan so‘ng ham ijobiy o‘zgarishlar bo‘lmaganligi sababli unga nisbatan ToshDShI rektorining 2019 yil 6 dekabrdagi 04-379 sonli buyrug‘i bilan talabalar safidan chiqarish chorasi ko‘rilgan.
J.Mardonovning ilgari sudlanganligi haqida institutga hech qanday rasmiy ma’lumot kelib tushmagan. Qabul davrida institutga hujjat topshirish jarayonida ham sudlanganligi haqida ma’lumot talab qilish belgilanmaganligi sababli bunday hujjat talab qilinmagan.
Talabaning o‘zi bilan bir necha bor suhbatlashish jarayonida va uning xatti-harakatida psixotrop moddalarga moyilligi sezilmagan. Kursdoshlari ham bunday ma’lumotga ega bo‘lmagan.