O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Parlament quyi palatasida xalqaro kuzatuvchilar bilan uchrashuv o‘tkazildi
2019-12-25 | Saylov
2019-yil 24-dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasida mamlakatimizda parlamenti va mahalliy Kengashlar saylovida qatnashgan xalqaro tashkilotlar va xorijiy davlatlar vakillaridan iborat kuzatuvchilar bilan uchrashuv o‘tkazildi.
Uchrashuv avvalida mehmonlarga Oliy Majlis Qonunchilik palatasining faoliyati, parlament quyi palatasining fraktsiyalari va qo‘mitalari ish uslublari xususida batafsil ma’lumot berildi.
Shuningdek, yurtimizda Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan ishlab chiqilib, hayotga samarali tatbiq etilayotgan 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi asosida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar to‘g‘risida so‘zlab berildi.
O‘z o‘rnida, yurtimizda kuni kecha yakuniga yetgan yirik siyosiy tadbir — parlament va mahalliy Kengashlarga o‘tkazilgan saylov mavzusi uchrashuvning eng asosiy mavzusi bo‘ldi.
Qayd etilganidek, O‘zbekiston Respublikasi Saylov kodeksi asosida, ochiq-oshkora, shaffof tarzda, demokratik tamoyillarga mos o‘tkazilgan saylov mamlakat taraqqiyotining yangi bosqichida muhim ahamiyat kasb etadi. Shu jihatdan saylov qonunchiligining mustahkam asosi bo‘lib xizmat qilgan O‘zbekiston Respublikasi Saylov kodeksi, uning mazmun-mohiyati, ahamiyati, mazkur hujjatda o‘z ifodasini topgan yangiliklar ishtirokchilarning e’tirofiga sazovor bo‘ldi.
O‘z navbatida, xalqaro kuzatuvchilar tomonidan O‘zbekiston Respublikasining Saylov kodeksini ishlab chiqishda xalqaro tashkilotlarning taklif va tavsiyalari inobatga olingani, shuningdek, ilg‘or xalqaro tajribalar imlementatsiya qilinganiga ijobiy baho berildi. Shuningdek, O‘zbekistonning saylov qonunchiligini yanada tamomillashtirish borasidagi dadil qadamlari, bu boradagi amaliy sa’y-harakatlari diqqatga molik ekani qayd etildi.
Uchrashuv davomida yurtimizda kechgan saylov jarayonlari yuqori saviyada tashkil etilgani, yangi siyosiy texnologiyalardan unumli foydalanilgani, aholining siyosiy madaniyati yuksalib borayotgani, xususan, ilk bor ovoz berayotgan yoshlarning faolligi kuzatilgani ta’kidlab o‘tildi. Ayniqsa, jismoniy imkoniyati cheklangan saylovchilarga yaratilayotgan sharoitlar e’tiborga molik ekani qayd etildi.
Xalqaro kuzatuvchilar mamlakatimizning turli hududlaridagi saylov okruglari hamda uchastkalarida o‘z missiyasini bajarish chog‘ida guvohi bo‘lgan, o‘rganishga arzigulik holatlar haqida ham to‘xtalib o‘tdilar.
Konstruktiv, samimiy kechgan uchrashuv doirasida xalqaro kuzatuvchilar Oliy Majlis Qonunchilik palatasining yalpi majlislar zalini tomosha qildilar hamda parlament muzeyi faoliyati bilan yaqindan tanishdilar.