O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Jahon banki ilmiy ishlanmalarni tijoratlashtirish uchun 50 mln. AQSH dollari ajratishi maʼlum qilindi
2019-12-24 | Innovatsiya
24-dekabr kuni “Taraqqiyot strategiyasi” markazida Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan “Xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikda innovatsion gʻoyalarni va startap loyihalarni qoʻllab-quvvatlash” mavzusida brifing oʻtkazildi. Brifingda Innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov, vazirning xalqaro maslahatchisi Yerbol Suleymenov hamda boshqarma boshligʻi Jamoliddin Boboxonov yigʻilganlarga mavzu yuzasidan maʼlumotlar taqdim etdilar, tadbir ishtirokchilarining koʻplab savollariga javob berdilar.
Konferensiyada ilmiy ishlanmalar tijoratlashtirish, startap loyihalarni qoʻllab quvvatlash va bu yoʻnalishdagi ishlarni Xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikda amalga oshirish istiqbollari haqida OAV va jamoatchilik vakillariga maʼlumotlar berildi.
Bugungi kunda Innovatsion rivojlanish vazirligi mahalliy ilmiy-amaliy va innovatsion loyihalar hamda ishlanmalarni ishlab chiqarishga joriy etish boʻyicha qator ishlar amalga oshirilmoqda. Ayniqsa, mamlakat iqtisodiyotining raqobatbardoshligini kuchaytirishda ilm-fan hissasini oshirish maqsadida ilmiy va ilmiy-texnikaviy faoliyat natijalarini tijoratlashtirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 14-iyuldagi PQ-3855-son qaroriga muvofiq 43 ta innovatsion ishlanmalarga qoʻshimcha ravishda 69 ta ishlanmalar tijoratlashtirish uchun saralab olindi va tijoratlashtirish ishlari amalga oshirilmoqda. Bugungi kunda 102 ta innovatsion ishlanmalar tijoratlashtirilmoqda. Olib borilgan ishlar natijasida umumiy qiymati 35,4 mlrd. soʻm miqdorida mahsulot ishlab chiqarildi va 29,57 mlrd. soʻmlik mahsulot realizatsiya qilingan.
Bundan tashqari, Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan hozirga qadar “start-up” loyihalarni oʻz xarajatlarini oʻzi qoplash asosida moliyalashtirish uchun ikki marta tanlov oʻtkazilgan. Tanlov natijalariga koʻra jami 32 ta loyiha saralab olingan va ularga 29,2 mlrd. soʻm pul mablagʻlari yoʻnaltirilgan. Birinchi tanlovga jami 172 ta loyihalar taqdim etilgan. Tanlov natijalariga koʻra Ilmiy-texnik kengash qaroriga asosan jami 16 ta loyihalarni moliyalashtirishga 13,9 mlrd. soʻm yoʻnaltiriladi. Ikkinchi tanlov boʻyicha esa jami 136 ta loyihalar onlayn roʻyxatdan oʻtkazilgan. Tanlov natijalariga koʻra 16 ta qiymati 15,3 mlrd. soʻmlik “start-up” loyihalar moliyalashtirishga tavsiya etildi.
Mana shu ishlarni davom ettirish va takomillashtirish maqsadida Innovatsion rivojlanish vazirligi Jahon banki bilan hamkorlikda Oʻzbekistonda ilmiy ishlanmalarni tijoratlashtirish boʻyicha konsepsiyaning loyihasini tayyorlamoqda. Jahon banki Direktorlar kengashi tomonidan tasdiqlanganidan soʻng 2020-yilda mazkur loyihani moliyalashtirish uchun taxminan 50 mln. AQSH dollari miqdorida pul mablagʻlari ajratilishi rejalashtirilgan.
Mazkur loyiha amaliy tadqiqot va tajriba-konstruktorlik ishlarini qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan yangi yondashuvlarni joriy etishga qaratilgan boʻlib, tadqiqotlarning sifat va dolzarblik jihatdan yuqori darajada boʻlishiga xizmat qiladi. Bunda ilmiy tadqiqot ishlari texnik jihatdan mukammal boʻlishi va tijoratlashtirish imkoniyatiga ega boʻlishi kerakligi talab etiladi. Yaʼni ilm-fan va sanoat hamkorligini oʻzida mujassam etuvchi ishlanmalarga alohida eʼtibor qaratiladi.
Loyiha doirasida oʻzbekistonlik olimlar va yosh tadqiqotchilar ishtirokida xalqaro standartlarga javob beradigan amaliy tadqiqotlarni moliyalashtirish uchun grantlar, shuningdek, talaba va olimlar uchun xorijda oʻqish yoki tadqiqot olib borish uchun stipendiyalar taqdim etilishi rejalashtirilgan. Tanlovlarda ishtirok etish uchun yuboriladigan arizalar tadqiqotning ilmiy qiymati, Oʻzbekistonning iqtisodiy taraqqiyoti uchun tadqiqotlarning dolzarbligi, yetakchi xalqaro ilmiy-tadqiqot tashkilotlari bilan qoʻshma tadqiqotlar oʻtkazish salohiyati va imkoniyatlari nuqtayi nazaridan baholanadi va xulosalar chiqariladi.