O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Osiyo parlament assambleyasi bosh kotibi bilan uchrashuv
2019-12-24 | Siyosat
2019-yil 23-dekabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasida yurtimizda parlament va mahalliy Kengashlarga saylovda ishtirok etish uchun xalqaro kuzatuvchi sifatida tashrif buyurgan Osiyo parlament assambleyasi bosh kotibi Muhammad Rizo Majidiy bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Dastavval mehmonga O‘zbekistonda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Harakatlar strategiyasi asosida mamlakat hayotining turli sohalarida amalga oshirilayotgan islohotlar haqida ma’lumot berildi. O‘zbekistonning tinchlik, xavfsizlik va mintaqada barqarorlikni saqlashdagi muhim roli xususida so‘z yuritildi. Shuningdek, Oliy Majlis quyi palatasi faoliyati, uning qo‘mitalari va fraktsiyalari ish uslublari hamda parlamentarizm sohasidagi yangiliklar yuzasidan ham qisqacha ma’lumot berildi.
Uchrashuvda kuni kecha parlament Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlarga bo‘lib o‘tgan saylov jarayonlariga ham alohida e’tibor qaratildi. O‘zbekiston Respublikasining Saylov kodeksini ishlab chiqishda xalqaro tashkilotlarning taklif va mulohazalari hamda xorijiy tajribaning inobatga olingani ijobiy baholandi.
Muloqot chog‘ida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Osiyo parlament assambleyasi o‘rtasidagi hamkorlikni yanada kuchaytirish masalasi ham muhokama markazida bo‘ldi.
Uchrashuv samimiy, o‘zaro ishchanlik ruhida o‘tdi.