O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Shavkat Mirziyoyev YXHT Parlament assambleyasi raisini qabul qildi
2019-12-24 | Siyosat
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 23-dekabr kuni Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti Parlament assambleyasi (YXHT PA) raisi Georgiy Seretelini qabul qildi.
Davlatimiz rahbari mamlakatimiz 2018-yilda ushbu organdagi ishtirokini qayta tiklaganidan buyon o‘zaro munosabatlar sifat jihatidan yangi darajaga ko‘tarilgani va ijobiy sur’at bilan rivojlanib borayotganini mamnuniyat bilan qayd etdi.
Bugungi kunda 2019-2020-yillarda YXHT Parlament assambleyasi bilan hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi” amalga oshirilmoqda.
Tuzilmaning 50 nafarga yaqin vakillaridan iborat delegatsiya ilk marta O‘zbekistondagi saylovlarni kuzatishda ishtirok etayotgani qayd etildi.
Georgiy Sereteli Prezident Shavkat Mirziyoyevga samimiy qabul hamda birlashma bilan hamkorlik faollashgani uchun minnatdorlik bildirdi.
YXHT PA raisi O‘zbekistonning assambleyadagi ishtiroki YXHTga a’zo davlatlar qonun chiqaruvchi organlari bilan aloqalarni mustahkamlash doirasida mamlakatning manfaatlarini ilgari surishda yangi imkoniyatlar ochganini ta’kidladi.
Mehmonning fikricha, bo‘lib o‘tgan saylovlar O‘zbekiston uchun tarixiy ahamiyatga ega, chunki ular keng miqyosli islohotlar davrida, YXHT Demokratik institutlar va inson huquqlari byurosining tavsiyalarini ham hisobga olib ishlab chiqilgan yangi Saylov kodeksi asosida o‘tdi.
Uchrashuv so‘ngida YeXHTning O‘zbekistondagi saylovlarni kuzatish bo‘yicha uzoq va qisqa muddatli missiyalarining faoliyatiga qulay sharoitlar yaratilgani uchun minnatdorlik bildirildi.