O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Turkiya madaniyat va turizm vaziri o‘rinbosari bilan uchrashdi
2019-12-23 | Turizm
Turizmni rivojlantirish qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Ulug‘bek A'zamov Turkiyada bo‘lib o‘tayotgan I Xalqaro turizm investitsion forumi doirasida qator uchrashuvlarni o‘tkazib, ulardan biri Turkiyaning madaniyat va turizm vaziri o‘rinbosari Nodir Alpaslan bilan bo‘ldi.
Uchrashuv davomida O‘zbekistonda turizm sohasiga milliy iqtisodiyotning strategik tarmog‘i sifatida e'tibor qaratilayotgani, mamlakatda “Turizm to‘g‘risida”gi Qonunning qabul qilinganligi, turizmning yangi turlari joriy etilayotgani va turistik biznes vakillariga qator imtiyozlar berilayotganligi alohida e'tirof etildi.
Shu bilan birga, O‘zbekiston delegatsiyasi tashrifi doirasida TÜRSAB (Türkiye Seyahat Acentaları Birliği – Turkiya sayohat agentliklari birlashmasi) bosh kotibi Malike Ertekin, Turkiya mustaqil arxitektorlar uyushmasi, Turkiya turizmchilar assosiatsiyasi va qator ishbilarmon doiralar vakillari bilan uchrashuv o‘tkazilib, o‘zaro fikr almashildi. Uchrashuv yakuniga ko‘ra, aprel oyida Turkiyaning yetakchi turoperatorlari va TÜRSAB birligi boshqaruvi delegatsiyasi uchun O‘zbekistonga info-tur tashkil etishga kelishib olindi.
Tadbirlar mamlakatlar o‘rtasida turizm yo‘nalishida hamkorlikni kengaytirish va investitsiyalar jalb qilish maqsadida tashkil etildi. Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 13-avgustdagi “O‘zbekiston Respublikasida Turizm sohasini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoniga muvofiq Turkiyaning “Pegasus Airlines” aviakompaniyasi bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri reyslarni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha muzokaralar olib borildi. Ta'kidlash joizki, bugungi kunda turizm salohiyatini onlayn (internet, ijtimoiy tarmoqlar, sayt, dasturlar, televideniye va b.), kino, mashhur insonlar va boshqa usullar orqali targ‘ib qilishga katta ahamiyat berilishi hamda bu xorijiy sayyohlarni jalb qilishning eng ommabop usuli ekanligini hisobga olgan holda, Turkiyaning “TRT AVAZ” telekanalining Bosh direktori Sedat Sagir Kaya bilan uchrashuv tashkil etildi. Mazkur uchrashuv doirasida O‘zbekistonda hujjatli fil'mlar va ziyorat turizmi mavzusida ko‘rsatuvlar tayyorlash bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.