O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O‘zbekiston energiya samaradorligi bo‘yicha Koreya tajribasiga qiziqish bildirmoqda
2019-12-23 | Iqtisodiyot
Joriy yilning 19-dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligida Koreya Respublikasining “Korea Energy Agency” (KEA) va “Korea Industrial Consulting Center” (KICC) kompaniyasi vakillari bilan muzokara o‘tkazildi.
Uchrashuvda tomonlar energetika sohasida qo‘shma loyihalar muvaffaqiyatli amalga oshirilayotganini qayd etdilar va kelgusida bu borada hamkorlikni yanada rivojlanishiga umid bildirdilar.
Koreya kompaniyalari vakillari Koreya Respublikasi 2020-yildan boshlab O‘zbekistonning energetika sohasini rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash uchun yiliga o‘rtacha 200 ming AQSh dollari miqdorida grant mablag‘lari ajratish niyatida ekanini ma’lum qildilar.
Uchrashuv davomida koreyalik hamkorlar energiya samaradorligini oshirish sohasida kadrlar tayyorlashda O‘zbekistonga ko‘maklashish masalasiga alohida e’tibor qaratdilar.
Bundan tashqari, KICC kompaniyasi hamkorlikning yana bir yo‘nalishiga aylanishi mumkin bo‘lgan energiya samaradorligi sohasida istiqbolli texnik-iqtisodiy asoslash loyihasini tayyorlaganligi qayd etildi.
Tomonlar 2020-yilning fevral oyigacha imzolanishi rejalashtirilgan hamkorlik yo‘nalishlari va istiqbolli loyihalar ro‘yxati aks etgan memorandumni ishlab chiqish maqsadga muvofiq, degan xulosaga keldilar.
Qayd etish kerak, Koreya Energetika agentligi 1980-yilda tashkil etilgan bo‘lib, uning faoliyati energiya tejamkor korxonalarda energiya tejash imkoniyatini belgilaydigan, AKTdan foydalangan holda binolar va sanoat korxonalarining energiya iste’moli tarkibini tizimli optimallashtirishga qadar bo‘lgan energiya auditi xizmati sohalarini qamrab oladi. Koreya Respublikasi KEA faoliyati tufayli kam energiya sarflovchi davlatdan energiya iste’moli madaniyati shakllangan davlatga aylandi.