O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Yaponiya bilan ilm-fan sohasidagi hamkorlik yangi bosqichga koʻtariladi
2019-12-19 | Fan
19-dekabr kuni Tokio shahrida Innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov Yaponiya fan va texnologiya agentligi prezidenti Michinari Xamaguchi bilan uchrashdi. Uchrashuv davomida tomonlar ikki davlat oʻrtasidagi aloqalarni yanada mustahkamlash, shuningdek ilm-fan, taʼlim sohalarida hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish borasida muzokaralar olib bordilar.
Muzokaralar natijalariga koʻra, Yaponiya fan va texnologiyalar agentligi (JST) hamda Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi oʻrtasida oʻzaro hamkorlik toʻgʻrisida Memorandum imzolandi. Taʼkidlash joizki, Yaponiya fan va texnologiyalar agentligi Yaponiya taʼlim, madaniyat, sport, fan va texnologiyalar vazirligi qoshida faoliyat koʻrsatib, hukumat tomonidan ilm-fan va texnologiya sohasida qoʻyilgan vazifalarga asoslanib, fundamental tadqiqotlar hamda yangi texnologiyalarni tijoratlashtirish, ilmiy-texnik maʼlumotlarni tarqatishni moliyalashtirish boʻyicha asosiy davlat organlaridan biri hisoblanadi.
Mazkur oʻzaro hamkorlik Memorandumi doirasida Innovatsion rivojlanish vazirligini Global tadqiqot kengashiga aʼzolikka kirish chora-tadbirlari amalga oshirilishi koʻzda tutilgan. Global tadqiqot kengashi virtual tashkilot boʻlib, uning tarkibiga butun dunyo boʻylab ilmiy va texnologik moliya institutlari rahbarlari kiritilgan. U dunyo boʻylab moliyalashtirish institutlari oʻrtasida yuqori darajadagi hamkorlik qilish uchun eng yaxshi tajribalarni qoʻllab-quvvatlaydi, oʻzra maʼlumotlar almashishga xizmat qiladi.
Shuningdek, Tokio sanʼat universiteti bilan birgalikda oʻzbek olimlari va mutaxassislarining “Sakura ilmiy rejasi” dasturi doirasida fan va texnologiya sohasida tajriba almashuvi tashkil etiladi. Madaniy-meʼmoriy yodgorliklarni qayta taʼmirlash sohasida ilmiy xodimlar almashiladi.
Bundan tashqari, Yapon fan va texnologiyalar agentligi (JST) va Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) hamkorligida amalga oshiriladigan, Yaponiya va rivojlanayotgan davlatlarda global muammolarni yechish uchun qaratilgan tadqiqotlarni moliyalashtiruvchi SATREPS dasturi bilan keng miqyosli hamkorlik yoʻlga qoʻyiladi. SATREPS dasturi doirasida qishloq xoʻjaligi, irrigatsiya, meteorologiya va tibbiyot sohalarida Orol dengizi muammolari va suv resurslari muammolariga qaratilgan ilmiy tadqiqot loyihalari amalga oshiriladi. Loyiha muvaffiqiyatli amalga oshirilgan takdirda yurtimizga 1 mln. AQSH dollari miqdorida toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiya kiritilishi koʻzda tutilgan.
Michinari Xamaguchi, oʻz navbatida, agentlik Nagoya universiteti bilan hamkorlikda injeneriya va texnologiyalar sohasida talaba va tadqiqotchilar almashinuvini moliyalashtirishga tayyorligini bildirdi.