O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Sherzod Shermatov: Jamoatchilik kengashi XTV va jamiyat o‘rtasida o‘ziga xos ko‘prik bo‘lishi kerak
2019-12-19 | Ta’lim
O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi vazirlik va jamiyat o‘rtasida o‘ziga xos ko‘prik bo‘lishi kerak. Bu haqda Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov Jamoatchilik kengashi a’zolari bilan uchrashuv chog‘ida aytib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligida Jamoatchilik kengashi yangilangan tarkibining birinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashining yangilangan tarkibiga quyidagilar kiradi: Muzaffar Qosimov («GroundZero» kovorking markazi asoschisi), Anvar Ikramov («Roedl&Partner» MChJ ijrochi direktori), Feruza Xusnitdinova (uslubchi), Bekzod Ortiqov («Eco Texno city» MChJ direktori), Eduard Ishqulov («Game Zale» MChJ direktori), Tatyana An («TM PICCO» MChJ direktori), Muhiddin Ibragimov («Polimer Group Asia» MChJ direktori), Soat Rasulov («Uppger compliance group» MChJ direktori), Farrux Murodov («Interactive robot solution» MChJ direktori), Alisher Bozorov (AT «Aloqabank» Raqamli filialning moliya bo‘yicha direktori), Sarvar Muhamedov («New General Consulting» MChJ bosh mutaxassisi) va Anton Pershin («Zamonaviy kommunikatsiyalar» MChJ direktori).
Jamoatchilik kengashi yig‘ilishida O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov ham ishtirok etdi.
Uchrashuv davomida Jamoatchilik kengashining yangi tarkibi faoliyatining ustuvor yo‘nalishlari muhokama qilindi. Ishtirokchilar kengashning asosiy yo‘nalishini belgilovchi Jamoatchilik kengashi ishining strategiyasini ishlab chiqishga kelishib oldi.
Sherzod Shermatov Jamoat kengashi vazirlik va jamiyat o‘rtasidagi o‘ziga xos ko‘prik bo‘lishi kerakligini ta’kidladi. Shuningdek, Xalq ta’limi tizimida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilayotganini, Jamoat kengashi bilan birgalikda ta’limni targ‘ib qilishni o‘ziga xos umummilliy harakatga aylantirish zarurligi haqida fikr bildirdi.
Sherzod Shermatovning fikriga ko‘ra, har bir O‘zbekiston fuqarosi ta’lim yosh avlod muvaffaqiyatining asosi hisoblanishini bilishi kerak. Buning uchun o‘qituvchi va ota-onalar yoshlarning o‘z ustida ishlashga bo‘lgan qiziqishini oshirishga birgalikda harakat qilishi lozim. Shu bilan birga, mahalliy jamoatchilik nazorati ishlarini ham takomillashtirish zarur. Maktablarda jamoatchilik nazorati tashkil etilayotganiga qaramay, ularning samarali ishlashi uchun hali ko‘p ishlarni amalga oshirish darkor.
Eslatib o‘tamiz, Jamoatchilik kengashi doimiy faoliyat ko‘rsatuvchi maslahat organi bo‘lib, o‘z faoliyatini ixtiyoriy ravishda amalga oshiradi.
Jamoatchilik kengashining asosiy vazifalari - qabul qilinayotgan normativ-huquqiy hujjat, qarorlarda, shuningdek davlat, tarmoq va hududiy rivojlantirish dasturlarida jamoatchilik manfaati hamda fikrini hisobga olinishi, davlat organi zimmasiga yuklangan hamda ijtimoiy va jamoatchilik manfaatlariga daxl qiluvchi vazifalarning bajarilishi, davlat xizmatlarining ko‘rsatilishi, ijtimoiy sheriklik doirasida amalga oshiriladigan bitim, shartnoma, loyiha va dasturlarni ro‘yobga chiqarish bo‘yicha davlat organi va mansabdor shaxslar faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirish kabi qator vazifalardan iborat.
Jamoatchilik kengashi, shuningdek, fuqarolarning huquq, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga daxldor eng muhim masalalar bo‘yicha davlat organlarining faoliyati bo‘yicha ijtimoiy so‘rovlar o‘tkazish, shu jumladan axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda jamoatchilik fikrini tizimli ravishda monitoring va tahlil qilishni amalga oshiradi.