O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi Yaponiyaning OTIT tashkiloti bilan tashqi mehnat migratsiyasi sohasini yanada takomillashtirish masalalari yuzasidan muzokaralar o‘tkazdi
2019-12-19 | Jamiyat
2019-yil 17-dekabr O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Nozim Xusanov boshchiligidagi delegatsiya Yaponiyaning “Chet ellik texnik stajyorlar malakasini oshirish tashkiloti” (OTIT) prezidenti janob Yoshio Suzuki bilan Tokioda uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuv avvalida janob Yoshio Suzuki O‘zbekistonning “Maxsus malakali ishchilar” dasturi to‘laqonli ishtirokchi maqomiga ega xorijiy mehnat resurslarini ishga qabul qilish tizimini amalga oshirish doirasida hamkorlik Memorandumi imzolangani bilan qutlab, Yaponiya davlati va O‘zbekiston Respublikasi o‘rtasida mehnat migratsiyasi sohasida erishilgan yutuqlarni alohida ta’kidlab o‘tdi.
Uchrashuv davomida tomonlar joriy yilning yanvar oyida imzolangan “Yaponiyaning Texnik stajyorlar malakasini oshirish dasturini amalga oshirish” bo‘yicha hamkorlik Memorandumi doirasida qilinayotgan ishlar va erishilgan natijalarni muhokama etib, kelgusidagi hamkorlik rejalarini kelishib oldi.
“Yaponiyaning Texnik stajyorlar malakasini oshirish dasturini amalga oshirish” bo‘yicha hamkorlik Memorandumining maqsadi O‘zbekiston fuqorolari tomonidan Yaponiya tashkilotlarida tajriba, texnologiyalar, bilim va ko‘nikmalarni egallab, sohani rivojlantirish uchun zaruriy salohiyatga ega bo‘lish va shu orqali O‘zbekiston Respublikasi sanoatini rivojlantirishga hissa qo‘shishdir.
“Chet ellik texnik stajyorlar malakasini oshirish tashkiloti” (OTIT) ushbu Memorandumni amalga oshirish vazifasi yuklatilgan vakolatli organ bo‘lib, texnik stajyorlarning tajriba, bilim va ko‘nikmalarni egallashiga qo‘maklashish doirasida 2800 dan ziyod ish beruvchi assotsiatsiya va 60 000 ish beruvchilar faoliyatini nazorat qiladi.
Uchrashuv davomida tizimdagi mavjud muammolar va ularni hal qilish yullari yuzasidan batafsil kelishib olindi.
O‘zbekistonda yapon tilini o‘rganish tizimi e’tiborli darajada tashkil kilinganligi janob Yoshio Suzuki tomonidan alohida ta’kidlab o‘tildi.
Uchrashuvda tomonlar kunchiqar mamlakatda mehnat faoliyatini olib borish va shu orqali malaka oshirish maqsadida bo‘lgan o‘zbekistonlik fuqarolarni talab yuqori bo‘lgan kasblarga tayyorlash va yapon tilini o‘qitish masalasi bo‘yicha kerakli chora-tadbirlar ko‘rilishi yuzasidan kelishdilar.