O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

2020-yilning yanvar-may oylarida 1911 ta maktabgacha taʼlim tashkilotlari yangicha tartibda attestatsiyadan oʻtkaziladi

2019-12-12 | Ta’lim

11-dekabr kuni Maktabgacha taʼlim vazirligida “Maktabgacha taʼlim tashkilotlarini attestatsiyadan oʻtkazish – taʼlim sifatini oshirishning muhim omili” mavzusidagi Respublika seminar boʻlib oʻtdi. 

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi va Maktabgacha taʼlim vazirligi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda maktabgacha taʼlim tashkilotlarini attestatsiyadan va davlat akkreditatsiyasidan oʻtkazishdagi yangicha tartiblar toʻgʻrisida soʻz bordi.
 

Videoselektor tarzida tashkil etilgan seminarda Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi boshligʻi Ulugʻbek Tashkenbayev, Maktabgacha taʼlim vaziri Agreppina Shin, inspeksiya va vazirlikning tegishli boshqarma boshliqlari, hududiy boʻlimi boshliqlari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi maktabgacha taʼlim vazirligi, Toshkent shahar va viloyatlar maktabgacha taʼlim boshqarmalarining taʼlim jarayoni sifatini taʼminlash boʻlimi boshliqlari, Toshkent shahridagi tuman (shahar) maktabgacha taʼlim boʻlimlarining taʼlim jarayoni sifatini taʼminlash boʻlimi mutaxassislari, 2020-yilda attestatsiyaga jalb etiladigan maktabgacha taʼlim tashkilotlari mudiralari ishtirok etishdi.

Maʼlumki, Maktabgacha taʼlim tashkilotlarida sifatli taʼlim-tarbiya berishning asosiy omillaridan biri sifatida tarbiyalanuvchilar sifatli bilim olishlari uchun yetarlicha shart-sharoitlar yaratish muhim ahamiyatga ega.

Maktabgacha taʼlim tashkilotlarning attestatsiyasi ayni shu maqsadga yoʻnaltirilgan boʻlib, unda tarbiyalanuvchilarning yetarlicha bilim olishlari uchun muassasada yaratilgan sharoitlarga baho beriladi. Attestatsiya jarayonida pedagog tarbiyachilarning salohiyati, ish hujjatlarining yuritilishi, xonalarning jihozlanishi oʻrganilib, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf qilish choralari koʻriladi. Bu borada ota-onalarning fikrlari va talablarini inobatga olgan holda muassasani rivojlantirish boʻyicha “Yoʻl xarita”lari belgilanib, amalga tatbiq etiladi. Pirovardida maktabgacha taʼlim tashkilotlaridagi sharoitlar yaxshilanib, taʼlim sifati oshishiga erishiladi.

Shu kungacha bu jarayon tuman (shahar) hokimliklari qoshida tashkil etilgan va hokim oʻrinbosari raislik qiladigan attestatsiya komissiyalari tomonidan amalga oshirilar edi.

Biroq, ushbu tizim taʼlim sifatini oshirishda, bu borada maktabgacha taʼlim muassasalarida yetarli sharoitlarni yaratishda kutilgan natijani bermadi.

Komissiyalar tomonidan Attestatsiya jarayonlarida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etishga qaratilgan yoʻl xaritalarini tuzish va uning ijrosini taʼminlashga eʼtibor qaratilmagan.

Ushbu holatlar bugungi islohotlar davrida maktabgacha taʼlim tashkilotlarini attestatsiyadan oʻtkazish toʻgʻrisidagi huquqiy meʼyoriy hujjatlarni zamon talablariga muvofiq ilgʻor xorijiy tajribalar asosida takomillashtirishni taqozo etgan edi.

Shu maqsadda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 7-iyundagi 470-sonli qarori bilan “Davlat taʼlim muassasalari hamda nodavlat taʼlim tashkilotlarini attestatsiyadan va davlat akkreditatsiyasidan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizom” tasdiqlandi.

Tasdiqlangan nizom avvalgisidan tubdan farq qilib, unga koʻra attestatsiya jarayonlari mutlaqo yangi tartib asosida tashkil etilishi belgilandi.

Xususan, maktabgacha taʼlim tashkilotlarida tashqi attestatsiya davomiyligi esa 10 kundan 3 kungacha qisqartirildi.

Mazkur nizomga muvofiq maktabgacha taʼlim tashkilotlarini 2020-2024-yillarda attestatsiyadan oʻtkazish grafigi tasdiqlandi hamda BMT Bolalar jamgʻarmasi – YUNISEF ning koʻmagida xalqaro ekspertlari jalb etgan holda attestatsiyadan oʻtkazish mezonlari ishlab chiqildi.

Ushbu grafik va mezonlar asosida 2020-yil yanvar-may oylari davomida 1911 ta maktabgacha taʼlim tashkilotlari attestatsiya va davlat akkreditatsiyasidan oʻtkazilishi rejalashtirilgan.

Taʼlim inspeksiyasi boshligʻi Ulugʻbek Tashkenbayev yangi baholash mezonlari ilgʻor xalqaro tajribadan foydalangan holda YUNISEF ekspertlari bilan hamkorlikda ishlab chiqilganligini aytar ekan, ushbu jarayondagi bir qator yangiliklar haqida maʼlumot berdi. Xususan, maktabgacha taʼlim tashkilotlarini attestatsiyadan oʻtkazuvchi komissiya tarkibi tubdan qayta koʻrib chiqilgan. Endilikda attestatsiya komissiyasi tuman (shahar) hokimligi tomonidan emas, balki bevosita maktabgacha taʼlim boʻlimi tomonidan boshqarilishi belgilangandi.

Seminarda soʻzga chiqqan maktabgacha taʼlim vaziri Agreppina Shin muhtaram Prezidentimiz boshchiligida amalga oshirilgan islohotlar samarasi oʻlaroq yurtimizda nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotlari soni va bolalarni maktabgacha taʼlimga qamrab olish qamrovi sezilarli darajada oshganini taʼkidlar, endilikda muassasalar sonini oshirish bilan birga birinchi navbatda ularda sifatli taʼlim berilishi nazorat qilinishini hamda bu borada vazirlik Taʼlim inspeksiyasi bilan ishonchli hamkorlik davom ettirilishini maʼlum qildi.

Tadbir davomida maktabgacha taʼlim tashkilotlarini attestatsiyadan va davlat akkreditatsiyasidan oʻtkazishdagi yangicha tartiblar haqida maʼlumot beradigan videorolik namoyish etildi.

Shundan soʻng soʻzga chiqqan inspeksiya va vazirlik mutaxassislari maktabgacha taʼlim tashkilotlari faoliyatini baholash vositalari va mexanizmlari soddalashtirilib, attestatsiyadan oʻtkazish va akkreditatsiyalash jarayonlari elektronlashtirilganini boʻyicha maʼlumot berishdi. Endilikda jahon tajribasidan kelib chiqqan holda ichki va tashqi baholash oʻtkazilishi belgilanib, taʼlim muassasalarining bevosita oʻzini oʻzi baholashda ishtirok etishi koʻzda tutilgan.

Seminar davomida mutaxassislar tomonidan taʼlim muassasalarini ichki va tashqi baholashdan oʻtkazish tartiblari bayon etilib, shoʻba yigʻilishlarida muhokama qilindi va ishtirokchilarga seminar materiallari tarqatildi.

Mazkur seminar materiallari asosida joriy yil dekabr oyida Qoraqalpogʻiston Respublikasi va barcha viloyatlar miqyosida hamda tuman (shahar)lar miqyosida targʻibot ishlari davom ettirilib, nizom talablarini barcha maktabgacha ta`lim tashkilotlari rahbarlariga, har bir pedagog xodimlargacha yetib borishini taʼminlash boʻyicha kelishib olindi.

Manba: O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi

Поделиться