O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasida saylov jarayonining muhim masalalariga doir seminar o‘tkazildi
2019-12-02 | Turizm
Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasida O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuratura akademiyasining Prokuratura faoliyatini tashkil etish va boshqarish kafedrasi dotsenti, yuridik fanlari doktori G. Malikova ishtirokida saylov jarayonining muhim masalalariga bag‘ishlangan seminar tashkil etildi.
G.Malikova Qo‘mita xodimlariga 2019 yilning 22 dekabrida bo‘lib o‘tadigan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va xalq deputatlari mahalliy kengashlari deputatligiga saylovlarga tayyorgarlik haqida batafsil ma'lumot berdi. Seminar davomida bevosita mamlakatimiz hududida saylov huquqining shakllanishi va rivojlanishi, saylov senzlarining yillar davomida o‘zgarib kelishi masalasiga alohida to‘xtalib o‘tildi.
Joriy yilgi saylovlardagi eng muhim jihat saylovlarning ilk bor Saylov kodeksi asosida o‘tkazilishi bilan bog‘liq ekanligi ta'kidlandi.
Shuningdek, O‘zbekistonda saylovchilarning yagona elektron ro‘yxati shakllantirildi. Saylov jarayonini boshqarish bo‘yicha axborot tizimi joriy etildi. Bu tizim fuqarolarni saylov uchastka komissiyalariga taqsimlash, saylovchining o‘zi yashab turgan joyga aloqador uchastka haqida ma'lumot olish imkonini beradi.
Seminarda Qo‘mita xodimlarining saylovga oid fikr va mulohazalari, taklif va tavsiyalari tinglandi.