O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
2021-yilgacha tez yordam tizimi xalqaro standartlarga javob beradigan, zamonaviy avtomobillarga to‘liq o‘tadi
2019-11-29 | Sog‘liqni saqlash
O‘tgan qisqa vaqt mobaynida shoshilinch va tez tibbiy yordam ko‘rsatish xizmati tobora zamonaviylashib borayapti. Keyingi yillarda tez yordamning ham maxsus sanitar avtotransport parki yangilandi. Bugungi kunda tizimda ikki yarim mingga yaqin “Nissan “Hunday”, “Toyota” rusumli va boshqa zamonaviy tez yordam mashinalari aholiga xizmat ko‘rsatmoqda.
Ayni paytda tez yordam avtoparkini yanada zamonaviylashtirish ishlari tizimli davom etmoqda.
2021-yilgacha “Damas” avtomashinalaridan to‘liq voz kechilib, xalqaro andazalar darajasida jihozlangan zamonaviy tibbiy yordam mashinalariga o‘tiladi. 2019-yil yakuniga qadar barcha tez yordam mashinalarida qulay aloqani, chaqiriqlar uchun mashinani tezkor yo‘naltirishni ta’minlovchi GPS tizimini to‘liq yo‘lga qo‘yish belgilangan.
Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Sog‘liqni saqlash vazirligi tashabbusi bilan aholiga shoshilinch va tez tibbiy yordam ko‘rsatishning bugungi holati, yutuqlar va muammolarga bag‘ishlab tashkil etilgan matbuot anjumanida qayd etildi.
Unda ta’kidlanganidek, so‘nggi uch yil mobaynida tibbiyotning ushbu yo‘nalishini rivojlantirish bo‘yicha tub islohotlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, shoshilinch tibbiy yordam tizimida diagnostika va davolash ishlari ham jahon tibbiyoti bilan hamqadam rivojlanmoqda. Shoshilinch tibbiy yordam shifoxonalarida suyak sinishi va jarohatlarida yangicha jarrohlik va endoprotezlash amaliyotlari, asab va yurak qon-tomir tizimi kasalliklarida yangicha operatsiyalar, oshqozon-ichak kasalliklarida yuqori texnologiyali amaliyotlar va boshqa ilmiy-amaliy yangiliklar inson salomatligini asrash va nogironlikning oldini olishda muhim samaralar bermoqda. Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazida transplantologiya bo‘limi tashkil etilib, hozirgi kungacha 80 dan ortiq buyrak transplantatsiyasi amaliyoti bajarildi.
Keng qamrovli islohotlar natijasida aholining tez tibbiy yordam xizmatiga bo‘lgan ishonchi ortmoqda, murojaatlar yil sayin oshib borayapti. Masalan, taqqoslash uchun aytadigan bo‘lsak, 2016-yilda chaqiriqlar soni 7,2 millionni tashkil qilgan bo‘lsa, joriy yilning o‘tgan davrida esa murojaatlar soni to‘qqiz milliondan oshgan.
Shu bilan birga, shoshilinch tibbiy yordam xizmatining statsionar muassasalariga ham murojaatlar ko‘paymoqda. Jumladan, 2017-2019-yillarda ushbu shifo maskanlariga 7,5 milliondan ziyod bemor murojaat qilgan. Ulardan 2,5 million nafari statsionar, 5 milliondan ortig‘i esa ambulator tibbiy yordamdan bahramand bo‘lgangan. Statsionarda davolangan bemorlarning 500 mingdan ortig‘iga yuqori texnologiyali xirurgik amaliyotlar bajarilgan.
Qolaversa, shoshilinch yordam ko‘rsatish xizmatlari tizimida sall-markazlar tashkil etilib, u yerda shifokorlar faoliyat yuritishi, “tez yordam” mashinalari GPS-moslamalari bilan jihozlanishi xalqimizning salomatligini muhofazalashda muhim omil bo‘lmoqda.