O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Bangladesh Xalq Respublikasi elchisi bilan muzokaralar olib borildi
2019-11-29 | Ta’lim
Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri I.Majidov Bangladesh Xalq Respublikasi(BXR)ning O‘zbekistondagi Favqulodda va Muxtor elchisi Mosud Mannanni qabul qildi.
M.Mannan O‘zbekistonda ta’lim sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar mazmuni va ko‘lami, erishilayotgan amaliy natijalarda BXR uchun foydali jihatlar ko‘pligi to‘g‘risida fikr bildirdi. Shuningdek, Elchi janoblari Buxoro, Namangan, Samarqand viloyatlarida 15 dan ortiq OTMlariga tashrif buyurganligi hamda ular bilan BXR universitetlari o‘rtasidagi hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish mamlakat Bosh vaziri tomonidan ham ilgari surilayotgan tashabbus ekanligini qayd etdi.
Bangladesh OTMlari bilan qishloq xo‘jaligi, tibbiyot, yengil sanoat, tarix va arxeologiya, turizm, diniy ta’lim sohalarida hamkorlik qilish imkoniyatlari mavjud ekanligi ma’lum qilindi.
I.Majidov 1990-yillarda O‘zbekistonda BXR talabalari qishloq xo‘jaligi, irrigatsiya, texnika ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha markazlashtirilgan holda tahsil olishgan bo‘lsa, bugun OTMlariaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va rivojlantirish imkoniyatlari katta ekanligini ta’kidladi. Bu borada O‘zbekiston tarafi o‘zaro talabalar, professor-o‘qituvchilar va rektorlar almashinuvini yo‘lga qo‘yishga tayyor ekanligi ta’kidlandi.
Shuningdek milliy-madaniy sohada hamkorlik qilish, yoshlar formularini o‘tkazish yuzasidan fikr almashildi.
Uchrashuv yakunida BXRning O‘zbekistondagi Favqulodda va Muxtor elchisi Mosud Mannan samarali kechgan qabul uchun minnatdorchilik bildirdi.