O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Samarqandda “Ta’lim adolat uchun” tashabbusi doirasida seminar-trening tashkil etildi
2019-11-28 | Ta’lim
O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi hamda Birlashgan Millatlar Tashkilotining Narkotiklar va jinoyatga qarshi kurash mintaqaviy boshqarmasi hamkorligidagi “Ta’lim adolat uchun” (Education for Justice) tashabbusi bo‘yicha Samarqand shahrida ikki kunlik seminar-trening tashkil etildi. Seminarda BMT Narkotiklar va jinoyatga qarshi kurash mintaqaviy boshqarmasining milliy treneri Indira Muqimova, Xalq ta’limi vazirligi Bolalarni ijtimoiy himoyalash va qo‘llab-quvvatlash boshqarmasi boshlig‘i Fayzulla Ahmedov hamda Samarqand, Jizzax, Buxoro va Navoiy viloyatlari umumta’lim muassasalarining pedagog xodimlari ishtirok etdi.
Seminar-trening davomida ishtirokchilarga yurtimizda bola huquqini muhofaza qilish, ularning huquqiy madaniyatini oshirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumotlar berildi.
— “Ta’lim adolat uchun” tashabbusi doirasida respublikamizning turli hududlarida amalga oshirilayotgan loyihalar, olib borilayotgan targ‘ibot ishlari o‘z samarasini bermoqda, — deydi Xalq ta’limi vazirligi Bolalarni ijtimoiy himoyalash va qo‘llab-quvvatlash boshqarmasi boshlig‘i Fayzulla Ahmedov. — Buni, o‘z navbatida, o‘quvchilar o‘rtasidagi huquqbuzarliklar sonining kamayayotganida ham ko‘rish mumkin. Jumladan, ana shu sa’y-harakatlar tufayli o‘quvchilar ishtirokidagi huquqbuzarliklar 429 tadan 289 tagacha kamaydi. Demak, olib borilayotgan ishlar ijobiy samarasini beryapti. Shu bois ushbu jarayonga pedagoglarni ko‘proq jalb etish, bolalarda huquqiy madaniyatni shakllantirishga oid o‘qituvchilarning bilim, malaka va tajribasini oshirishga alohida e’tibor qaratyapmiz.
— Maqsadimiz sog‘lom va har tomonlama barkamol avlodni voyaga yetkazishga ko‘maklashish, — deydi BMTning Narkotiklar va jinoyatga qarshi kurash mintaqaviy boshqarmasining milliy treneri Indira Muqimova. — Bu borada bola ongiga ota-onaning oiladagi munosabati, farzandiga e’tibor va g‘amxo‘rligi, uyali aloqa vositalari hamda internetning ta’siri, ta’lim-tarbiya mashg‘ulotlarining barchasini qamrab olgan holda o‘qituvchilarga malakaviy yordam berishga intilyapmiz. Bunda bolaning qiziqishlaridan kelib chiqib, ularga turli qo‘llanmalarni tavsiya qilyapmiz. Masalan, tub mohiyatida korrupsiyaning yomon illat ekanligini uqtiruvchi video materiallar, bolani halollikka undovchi o‘yinlar, bu illatlarning salbiy ta’sirini tushuntirib beruvchi turli vositalar shular jumlasidandir.
Seminarda barcha savollarga mutaxassislar tomonidan javob berilib, turli amaliy mashg‘ulotlar, interfaol o‘yinlar orqali pedagoglar malakasi oshirildi.