Samarqandda Butunjahon turistik shaharlar federatsiyasi (WTCF) tashabbusi bilan turizmni rivojlantirish va o‘zaro hamkorlik masalalariga bag‘ishlangan “Bitta makon – bitta yo‘l” mavzusida Markaziy Osiyo mintaqaviy konferensiyasi o‘tkazildi.
Unda jahondagi yetakchi QYER Company Limited, Utour, Caissa kabi sayyohlik, Tourizm Capital, Palminvestment Co., Shougang Concord International Enterprises Co.Ltd kabi investitsiya kompaniyalari, shuningdek, Penang (Malayziya), Tbilisi (Gruziya), Gaaga (Niderlandiya), Tanjing Pandan (Indoneziya) kabi shaharlar vakillari ishtirok etdi.
Anjumanning ochilish marosimida Samarqand viloyati hokimi E.Turdimov, Xitoyning O‘zbekistondagi elchixonasi vakili Chjan Venchuan, Butunjahon turistik shaharlari federatsiyasi bosh kotibi o‘rinbosari Li Baochun so‘zga chiqib, bu kabi anjumanlar O‘zbekistonning, xususan, Samarqand viloyatining sayyohlik salohiyatini jahon maydonida keng targ‘ib etish, bu sohadagi yetakchi shaharlar tajribasidan foydalanish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratishi haqida ta’kidlab o‘tishdi.
– Samarqand tashkilotimizga a’zo bo‘lganidan buyon shaharning turistik salohiyati va imkoniyatlarini oshirish borasida juda katta o‘zgarishlar bo‘lganini kuzatyapmiz, – deydi Butunjahon turistik shaharlar federatsiyasi ekspertlar kengashi a’zosi Din Pey I. – Bu o‘zgarishlar nafaqat tarixiy obidalarni asrab-avaylashda, balki turli mamlakatlardan kelayotgan sayyohlarni o‘ziga jalb qiluvchi yangidan-yangi inshootlar, sayyohlik ob’ektlari qad rostlayotganida namoyon bo‘lmoqda. Asrlar osha butun dunyo xalqlarini o‘ziga jalb qilib kelgan, Buyuk Ipak yo‘li chorrahasida joylashgan Samarqand jahonning yirik sayyohlik markaziga aylanishiga ishonaman.
Konferensiya ishtirokchilariga yaqin yillarda Samarqand shahrining sayyohlik salohiyati, xalqaro investitsiyalarni jalb qilish hamda rivojlanish istiqbollari mavzusidagi loyihalari taqdimoti o‘tkazildi.
Tadbir yakunida sayyohlik va investitsiyalar bo‘yicha xitoylik va mahalliy tadbirkorlar o‘rtasida B2B, G2B formatdagi uchrashuvlar tashkil etildi.
G‘.HASANOV, O‘zA