O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O`zbekiston BMTning savdo va rivojlanish bo`yicha 12-konferensiyasida
2019-11-28 | Iqtisodiyot
2019 yilning 18 noyabr kuni Shveysariyaning Jeneva shahrida Birlashgan Millatlar Tashkilotining Savdo va rivojlanish bo'yicha 12-konferentsiyasi (UNCTAD) ochildi.
Konferensiyada rivojlanayotgan mamlakatlardagi qarz inqirozi, qarzlar shaffofligining imkoniyatlari va cheklashlari, uzoq muddatli qarz siyosati, qarzni boshqarish va qarzlarni boshqarishni kuchaytirish uchun xalqaro yordam kabi mavzular Xalqaro valyuta jamg`armasi, Jahon banki, Yevropa Ittifoqi, YuNCTAD, Yevroosiyo iqtisodiy hamjamiyati va boshqa xalqaro tashkilotlar ekspertlari va mamlakatlarning vakillari ishtirokida muhokama qilindi.
Tadbir doirasidagi o’tkazilgan muhokama va taqdimotlarda O’zbekiston Respublikasining Moliya vazirligi nomidan Davlat tashqi va ichki qarzi departamenti direktori Jasur Karshibayev ishtirok etdi.
Ma`lumot uchun: 1964 yilda doimiy hukumatlararo tuzilma sifatida tashkil etilgan Birlashgan Millatlar Tashkilotining Savdo va rivojlanish bo'yicha konferentsiyasi (YuNKTAD) savdo va rivojlanish masalalari bo'yicha BMT Bosh assambleyasining muhim organi bo`lib xar 2 yilda 1 marta 20-chi dekabrgacha konferensiya o`tkazadi.
YuNKTAD rivojlanish, savdo, moliya, texnologiya, investitsiyalar va barqaror rivojlanish masalalari bilan shug'ullanadigan markaz rolini o'ynaydi. Uning asosiy maqsadi savdo va sarmoyalar orqali rivojlanayotgan va global iqtisodiyotga o'tish davri iqtisodiyotiga ega bo'lgan mamlakatlarning integratsiyasini ta'minlashdir. O'z maqsadlariga erishish uchun YuNCTAD tadqiqot va siyosat tahlili, hukumatlararo uchrashuvlar, texnik hamkorlik va fuqarolik jamiyati va biznes sektori bilan o'zaro hamkorlikni amalga oshiradi.
Konferensiya doirasida davlat qarzini boshqarish va moliyaviy tahlil tizimi (DMFAS) bo`yicha maslahat guruhining yig`ilishi bo`lib o`tdi. Yig`ilishda qarzni boshqarish, shaffoflikni ta’minlash va bu boradagi islohotlar bo`yicha 3 ta davlat, shu jumladan O’zbekiston Respublikasining taqdimoti o`tkazildi.
O`zbekiston Respublikasida Prezident Shavkat Mirziyoyev boshchiligidagi qisqa muddatda ochiqlik va samarali iqtisodiyotni yaratish bo`yicha amalga oshirilayotgan islohotlarning natijalari Xalqaro ekspertlar tomonidan ijobiy baholandi. Xususan, valyuta bozorini, tashqi savdo, narxlarni liberallashtirish borasidagi yutuqlar, xalqaro suveren kredit reytingi olinishi, Xalqaro valyuta jamg’armasining kengaytirilgan Umumiy ma’lumotlarni tarqatish tizimiga qo’shilishi, soliq va bank tizimi, davlat korxonalarini isloh qilish bo’yicha amalga oshirilgan ishlar qiziqish uyg’otdi.
Qayd etish joizki, O`zbekistonda qarzdorlik darajasi yuqori bo`lmasada, mamlakatimizda potensial xatarlarni oldini olishga qaratilgan harakatlar va extiyotkorona yondashuv xalqaro ekspertlar tomonidan qo`llab quvvatlandi.
Ma’lumot uchun: O’zbekiston Respublikasining davlat tashqi qarzi YaIMga nisbatan 23,8% (umumiy davlat qarzi 33,6%) tashkil etib, XVJ bahosiga ko’ra mo’’tadil darajada hisoblanadi. Dunyo mamlakatlarining umumiy qarzi so’ngi yillarda jiddiy oshishi kuzatilib, YuNKTAD ma’lumotlariga ko’ra 2017 yilda 213 trln. dollar yoki YaIMga nisbatan 262% tashkil etgan.
Xususan:
- Jahon banki va Xalqaro valyuta jamg`armasi bilan birgalikda o`rta muddatli qarzni boshqarish strategiyasi ilk bora ishlab chiqildi;
- xalqaro ekspertlar yordamida makroiqtisodiy barqarorlik uchun xavfsiz davlat qarzining me'yoriy miqdorlari Xalqaro valyuta jamg‘armasining metodologiyasi asosida hisoblab chiqildi;
Ma’lumot uchun: Oʼzbekiston uchun moliyaviy xavfsiz bo`lgan davlat qarzi meʼyorlari ishlab chiqishda 2030 yilgacha boʼlgan iqtisodiy o`sish prognozlari, investitsion talablar, respublika iqtisodiyotining ayrim tashqi va ichki risklarga chidamliligi, somning devalvatsiyasi, Oʼzbekistonning eng katta savdo hamkorlari – Rossiya, Qozogʼiston, Xitoy, Turkiyadagi iqtisodiy oʼsish va valyuta tebranishlari, ularning eksport va respublika iqtisodiyotiga taʼsiri oʼrganib chiqildi.
Oʼzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi hozirgi vaqtda Oʼzbekistonning tashqi qarzdorligi bilan bogʼliq risklarni oldini olish, qarzdorlikni kamaytirish va uni samarali boshqarish uchun fiskal siyosat qoidalarini ishlab chiqishi kelgusida vujudga kelishi mumkin muammolarning oldini olishga qaratilgan.
- Davlat byudjeti qonuni loyihasiga tashqi qarz olishga miqdoriy cheklovlar taklif etildi;
Ma’lumot uchun: Budjetning qonun bilan tasdiqlanishi mamlakatimiz tarixida birinchi marta roʼy bermoqda. Mazkur qonun parlament tomonidan qabul qilinib, Prezident tomonidan imzolangach, kuchga kiradi. Qonun Oʼzbekiston hukumati oldiga qarzdorlikning jiddiy oshishini oldini olish choralarini koʼrish vazifasini aniq belgilab bermoqda. Bunda Jahon banki, Xalqaro Valyuta Jamgʼarmasining tashqi qarz o`sish surʼatlari oldini olish masalasida bergan aniq va xavfsiz meʼyorlari inobatga olindi.
- Davlat qarzini hisobotini yuritish va tahlil qilish jarayonini avtomatlashtirish (DMFAS tizimi) amalga oshirilmoqda.
Qarz masalasi rivojlangan va rivojlanayotgan mamalakatlarda eng dolzarb mavzu bo`lib qarzni to`lab berish yukini xal qilishga asosiy e’tibor qaratilgan bir vaqtda O`zbekistonda ehtiyotkorona yondashuv qarzni xavfsiz darajada saqlash borasida amalga oshirilayotgani xalqaro ekspertlar va ushbu mamlakatlar vakillari tonomidan ijobiy baholandi. Xususan, muammo bo`lmasdan oldin uni oldini olish O`zbekistoning ustunliklardan biri hisoblanib, O`zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining makroiqtisodiy xavflarni oldini olish va qarzni samarali boshqarish borasidagi xatti-xarakatlari kelgusida ham qo`llab-quvvatlanishi bildirildi.
Shu bilan birga, tadbir doirasidagi davlat qarzini samarali boshqarishni ta'minlash choralari va ilg‘or xalqaro tajriba o‘rganildi.