“Oʻzekspomarkaz” milliy koʻrgazmalar zalida 27-noyabr kuni qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat sanoati boʻyicha “UzAgroExpo – 2019” “UzProdExpo – 2019” XV xalqaro koʻrgazmalari ochildi.
Mazkur koʻrgazmalar “Internetional Expo Group” kompaniyasi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashi, “Oʻzbekoziqovqatxolding” xolding kompaniyasi, Toshkent shahar hokimligi koʻmagida tashkil etildi.
Koʻrgazmalar ishtirokchilarining 80 foizi Germaniya, Fransiya, Niderlandiya, Ispaniya, Turkiya, Xitoy, Koreya Respublikasi, Rossiya, Belarus, Qozogʻiston, Eron, Isroil, Chexiya, Ukraina, Gruziya, Latviya, Moldova, Shri-Lanka kabi mamlakatlardan kelgan 150 ga yaqin xorijiy kompaniyalardir.
Tadbirlarning ochilishida chet el biznes vakillarining Oʻzbekiston bozoriga qiziqishi ortib borayotgani, mahalliy hamkorlar bilan aloqalarni kengaytirishdan manfaatdor ekani taʼkidlandi.
Anʼanaviy “UzAgroExpo” xalqaro koʻrgazmasi Osiyo va Yevropa mintaqasida qishloq xoʻjaligi sanoatiga bagʻishlangan yirik tadbirlardan biridir. Bu yilgi koʻrgazmada zamonaviy qishloq xoʻjaligi texnikalari, asbob-uskuna va ehtiyot qismlar, texnologik materiallar, issiqxona xoʻjaliklari, chorvachilik, parrandachilik, don sanoati texnologiyalari namoyish etilmoqda. Ulardan biri Toshkent shahridagi “Ekosuv» kompaniyasi taqdim etayotgan tuproq osti tomchilatib sugʻorish tizimidir. Mazkur texnologiya koʻrgazma ishtirokchilarida qiziqish uygʻotmoqda.
– Ushbu texnologiyaning afzalligi shundaki, uni qoʻllash orqali suvni 80 foizgacha, oʻgʻitni 70 foizgacha tejash mumkin, mexanizatsiya xarajati ham qisqaradi, – deydi kompaniya direktori oʻrinbosari Ikrom Hasanov. – Tuproq osti tomchilatib sugʻorish tizimi bir marta oʻrnatiladi, mavsum tugagandan soʻng uni yigʻib olishga zarurat yoʻq, 20 yilgacha foydalanish mumkin. Mazkur tizim orqali bir nafar suvchi bir kecha-kunduzda oʻn gektar yerni sugʻorishi mumkin.
“UzProdExpo – 2019” ekspozitsiyalarida oziq-ovqat mahsulotlari bilan birga qayta ishlash, sovutish, qadoqlash texnologiyalari, uskunalar namoyish etilmoqda. Rossiya eksport markazi qoʻmagida Voronej, Penza, Bryansk viloyatlari, Oltoy, Stavropol oʻlkalari, Boshqirdiston Respublikasi stendlari ham tashkil etilgan boʻlib, ular yanada gavjum.
Belarus Respublikasi stendida mazkur mamlakat yetakchi kompaniya va korxonalari tomonidan ishlab chiqarilgan oziq-ovqat mahsulotlarining sifatini baholash imkoniyati yaratilgan.
– Mamlakatimiz kompaniyalari mazkur koʻrgazmalarda har yili ishtirok etadi, – deydi Belarus Savdo-sanoat palatasi direktori Yevgeniy Vvedenskiy. – Keyingi yillarda Oʻzbekistonda biznes sohasi yanada erkinlashdi, mamlakatning investitsiyaviy jozibadorligi oshmoqda. Mazkur jarayon, qolaversa, davlatlarimiz rahbarlari oʻrtasidagi doʻstona munosabatlar Oʻzbekiston – Belarus ishbilarmon doiralarining oʻzaro hamkorligini yanada mustahkamlamoqda. Biz “UzAgroExpo – 2019” va “UzProdExpo – 2019” doirasida ana shu hamkorlikni yangi yoʻnalishlar boʻyicha ham kengaytirish imkoniyati koʻpligiga ishonch hosil qildik.
Koʻrgazmalar 29-noyabrga qadar davom etadi. Ular doirasida mahalliy va xorijiy tadbirkorlar uchun maxsus seminarlar tashkil etiladi.
Malohat HUSANOVA, Oqil GʻULOMOV (surat), OʻzA