O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Aholini ro‘yxatga olish bo‘yicha xalqaro tajriba o‘rganilmoqda​

2019-11-28 | Jamiyat

Toshkentda 27-noyabr kuni MDH Davlatlararo statistika qo‘mitasi, BMT Aholishunoslik jamg‘armasi (YuNFPA) va O‘zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo‘mitasi hamkorligida “Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligiga a’zo davlatlarda aholini ro‘yxatga olish: 2020 yil davrasi” mavzuida xalqaro seminar bo‘lib o‘tdi.

Unda davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, yetakchi ilmiy markazlar tadqiqotchilari, olimlar, mahalliy va xorijiy ekspertlar, mutaxassislar, ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.
 
Bugungi kunda MDH mamlakatlarida aholini ro‘yxatga olish bo‘yicha muhokamalar olib borilmoqda. Jumladan, Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2019-yil 5-fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasida 2022-yilda aholini ro‘yxatga olishni o‘tkazish kontseptsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq, 2022-yilda mamlakatimiz zamonaviy tarixida birinchi marta aholini ro‘yxatga olish o‘tkazilishi belgilangan.
 
Ma’lumki, O'zbekistonda aholini ro‘yxatga olish so‘nggi 30 yilda birinchi marta o‘tkazilmoqda. Shunga ko‘ra, ro‘yxatga olish dasturlariga kiritish uchun ko‘rsatkichlar, savollar tarifi va ularni to‘ldirish uchun uslubiy ko‘rsatmalar Hamdo‘stlikka a’zo davlatlar statistika idoralari bilan kelishildi. Bu mintaqada aholining faol harakatlanishi uchun muhim bo‘lgan migratsiya hajmi va oqimi to‘g‘risida solishtirma ma’lumotlarni olish va Hamdo‘stlik mamlakatlari nufusining umumiy ishchi kuchini baholash imkonini beradi.
 
Tadbirda joriy yil oktyabr oyida Ozarbayjon va Belarus Respublikalarida o‘tkazilgan aholini ro‘yxatga olishning dastlabki natijalari, mamlakatimiz va Hamdo‘stlikka a’zo boshqa davlatlarda aholini ro‘yxatga olishga tayyorgarlik jarayoni, shuningdek, barqaror rivojlanish maqsadlarini monitoring qilish uchun aholini ro‘yxatga olish axborot manbalari imkoniyatlari haqida so‘z yuritildi.
 
- O‘zbekistonda oxirgi marta aholini ro‘yxatga olish 1989-yilda o‘tkazilgan, - deydi Davlat statistika qo‘mitasi mas’ul xodimi Sherzod Do‘snayev. - Bugungi kunda aholini ro‘yxatga olish imkoniyatlari kengaydi. Zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va ma’lumotlarni to‘plashning raqamli usullaridan keng foydalanish, elektron xarita va anketalar, internet, ma’muriy ma’lumotlar manbalari shular jumlasidan. Mazkur xalqaro seminar Hamdo‘stlik mamlakatlari statistika idoralari mutaxassislari uchun o‘zaro tajriba almashish imkonini beradi, a’zo davlatlarning statistik salohiyatini mustahkamlashga hissa qo‘shadi.
 

Gulnoza BOBOYEVA, O‘zA muxbiri

Поделиться