O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
5 ta muhim tashabbus boʻyicha maktablarda olib borilayotgan ishlar xususida matbuot anjumani oʻtkazildi
2019-11-27 | Ta’lim
Joriy yilning 27-noyabr kuni Xalq taʼlimi vazirligi tomonidan ommaviy axborot vositalari vakillari uchun matbuot anjumani tashkil etildi. Unda Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vaziri Sherzod Shermatov va vazirlikning masʼul xodimlari hamda jurnalistlar ishtirok etdi.
Mazkur anjumanda oʻquvchi yoshlar bilan ishlashni samarali tashkil etishda madaniyat, sanʼat, sport, axborot texnologiyalari, kitob oʻqishga qiziqishni oshirish, qizlarni ijtimoiy faol hayotga jalb etish boʻyicha Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan 5 ta muhim tashabbus boʻyicha Xalq taʼlimi vazirligi tomonidan olib borilayotgan ishlar xususida maʼlumotlar berildi.
Shuningdek, matbuot anjumani doirasida ayni kunlarda maktablar oʻrtasida oʻtkazilayotgan “5 tashabbus maktabda” festivali jarayonlari haqida ham toʻxtalib oʻtildi.
Eslatib oʻtamiz, joriy yilning 20-noyabr kunidan 1-dekabr kuniga qadar festivalda ishtirok etmoqchi boʻlgan muassasalar tomonidan tayyorlangan videoroliklar facebook.com ijtimoiy tarmogʻida ochilgan “5 tashabbus maktabda” (https://www.fb.com/groups/5tashabbus.maktabda) guruhiga yuklanadi.
Videoroliklar joriy yilning 1-10-dekabr kunlari davomida guruhda jamoatchilik fikri va Xalq taʼlimi vazirligida tuzilgan Ishchi guruh tomonidan belgilangan mezonlar asosida baholanadi.
5 ta tashabbus yoʻnalishlari boʻyicha har bir hududdan eng yaxshi deb topilgan 15 tadan, jami 210 ta videorolik gʻolib deb eʼlon qilinadi. Gʻolib va sovrindorlarni taqdirlash marosimi 23-27-dekabr kunlari oʻtkaziladi. Gʻolib umumtaʼlim maktablari Xalq taʼlimi vazirligi tomonidan maxsus diplom hamda qimmatbaho sovgʻalar bilan taqdirlanadi.