Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasida 26 noyabr kuni Shanxay hamkorlik tashkiloti bilimlar zali ochildi.
Shu munosabat bilan o‘tkazilgan tadbirda ShHT Xalq diplomatiyasi markazi, ShHTning yaxshi qo‘shnichilik, do‘stlik va hamkorlik bo‘yicha Xitoy qo‘mitasi, YeXHT loyihalari muvofiqlashtiruvchisining O‘zbekistondagi ofisi vakillari, jurnalistlar, keng jamoatchilik ishtirok etdi.
ShHT Xalq diplomatiyasi markazi Prezident Shavkat Mirziyoev tashabbusi bilan tashkil etilgan bo‘lib, O‘zbekistonning ShHTga a’zo davlatlar bilan aloqalarini yanada mustahkamlashda xalq diplomatiyasi mexanizmlaridan foydalanishni ko‘zda tutadi. Markaz faoliyatining “Yo‘l xaritasi“ga muvofiq, Milliy kutubxona bilan birgalikda tashkil etilgan ShHT bilimlar zali keng jamoatchilik, mutaxassislar, o‘quvchilarga mo‘ljallangan.
Ochilish marosimida xalq diplomatiyasi fuqarolik jamiyati va xorijiy davlatlar bilan o‘zaro hamkorlikni kengaytirishda muhim mexanizmlardan biri ekani qayd etildi.
ShHT bilimlar zaliga o‘zbek, xitoy, rus va boshqa tillardagi turli mavzularga oid uch yuzdan ziyod adabiyot qo‘yilgan.
Tadbir doirasida Alisher Navoiy nomidagi Milliy kutubxona bilan ShHT Xalq diplomatiyasi markazi o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risida memorandum imzolandi.
S.RAHIMOV, O‘zA