O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
“Turizm va ta'lim: o‘zaro ta'sir va rivojlanish yo‘llari” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya ish boshladi
2019-11-26 | Turizm
Samarqand shahrida Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, Turizmni rivojlantirish instituti hamda “Ipak yo‘li” turizm xalqaro universiteti hamkorligida “Turizm va ta'lim: ularning o‘zaro ta'sir va rivojlanish yo‘llari” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkazildi. Подробнее: https://uzbektourism.uz/uz/newnews/view?id=888
Tadbirda Singapur, Mo‘g‘uliston, Bosniya va Gersegovina, Pokiston, Portugaliya, Janubiy Koreya, Qozog‘iston, Rossiya, Saudiya Arabistoni, Kuvayt, Polsha, Qirg‘izistondan tashrif buyurgan turizm va mehmondo‘stlik sohasidagi ilg‘or mutaxassis va olimlar, shuningdek mahalliy turistik industriya hamda yetakchi OAV vakillari ishtirok etishdi. Ilmiy-amaliy konferensiya davomida O‘zbekistonning turizm sohasida dunyo standartlariga javob beruvchi kadrlar tayyorlash va ularning malakasini oshirishning yagona ko‘pbosqichli tizimini tashkil qilish bo‘yicha ilmiy-uslubiy va amaliy tajriba almashish uchun xalqaro platforma yaratish, biznes va ta'limning o‘zaro ta'sir mexanizmini takomillashtirishga oid zarur tavsiyalarni ishlab chiqish masalalari ko‘rib chiqildi.
“So‘nggi yillarda jahon turizm bozori barqaror o‘sish sur'atini namoyish etib, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish va ishchi o‘rinlar bilan ta'minlashning asosiy sektoriga aylanmoqda, – deydi “Ipak yo‘li” turizm xalqaro universiteti Ilmiy va innovatsiyalar bo‘yicha prorektor M.Alimova. – Turizm sohasi ulushiga jahon savdo xizmatlarining 30 foizi, investitsiyalarining 7 foizga yaqini va jahon YIM 10,5 foizi to‘g‘ri keladi".
Shu o‘rinda, dunyo miqyosida har beshinchi yangi ish o‘rni turizm sohasiga to‘g‘ri kelayotgani ta'kidlandi. Jahonning 38 foiz mamlakatida turizm davlat byudjetining asosiy manbai, 83 foizida esa besh asosiy manbaning biri hisoblanadi.
“Turizm va ta'lim: ularning o‘zaro ta'sir va rivojlanish yo‘llari” anjumani so‘ngida universitetlararo hamkorlik memorandumlarini imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi.