O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
BMT Taraqqiyot dasturi bilan birga O‘zbekistonda yoshlar bandligini ta’minlash kuchaytiriladi
2019-11-25 | Jamiyat
Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligida mehnat sohasidagi o‘zaro hamkorlik hamda “O‘zbekistonda yoshlar bandligiga ko‘maklashish” loyihasini amalga oshirish masalalari yuzasidan BMT Taraqqiyot dasturi vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi doimiy vakili Matilda Dimovska, barqaror rivojlanish Klasteri rahbari Xurshid Rustamov hamda Mehnat vaziri Nozim Xusanov boshchiligidagi vazirlik mas’ullari ishtirok etdi.
2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha belgilangan Harakatlar strategiyasida aholi bandligi masalasi muhim ijtimoiy tarmoqlardan biri sifatida qayd etilib, unda, eng avvalo, o‘rta maxsus va oliy o‘quv muassasalari bitiruvchilari bandligini ta’minlash alohida ta’kidlangan.
Mazkur vazifani samarali amalga oshirish hamda shu orqali yoshlarni munosib ish o‘rinlari bilan ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi O‘zbekistondagi BMT Taraqqiyot dasturi bilan hamkorlikda “O‘zbekistonda yoshlar bandligiga ko‘maklashish” loyihasini ishga tushirmoqda.
2019-2021-yillarga mo‘ljallangan ushbu loyiha uch asosiy yo‘nalishda amalga oshiriladi:
1. Mehnat bozoridagi faol siyosat orqali yoshlar bandligiga ko‘maklashish va qo‘llab- quvvatlash.
2. Yoshlar tadbirkorligi va biznes-startaplarini rivojlantirish.
3. Yoshlar bandligiga ko‘maklashishda ko‘rsatiladigan xizmatlar yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi imkoniyatlarini kengaytirish.
Uchrashuv davomida tomonlar ushbu loyihani amalga oshirish bilan bog‘liq istiqbolli masalalar xususida fikr almashib, bu borada hamkorlikni yanada kuchaytirib borishga kelishdilar.