Toshkent davlat yuridik universiteti 22-noyabr kuni M.Avezov nomidagi Janubiy Qozogʻiston davlat universiteti bilan hamkorlik shartnomasi imzoladi.
Oʻzbekiston bilan Qozogʻiston oʻrtasidagi strategik sheriklik va samarali hamkorlik tarixiy doʻstligimizning mantiqiy davomi boʻlib, oʻzaro siyosiy, savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar aloqalarni yanada yuksak bosqichga koʻtardi.
Maʼlumki, joriy yilda Oʻzbekistonda Qozogʻiston yili oʻtkazilmoqda. Ushbu yil doirasidagi tadbirlar sanʼat, fan, taʼlim, madaniyat va tadbirkorlik sohalari vakillariga oʻzaro manfaatli aloqalarni kengaytirish, bilim va tajriba almashishda muhim omil boʻlmoqda.
Ikki mamlakat oliy taʼlim muassasalari oʻrtasidagi mazkur shartnoma Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2019-yil 11-iyuldagi “Oliy va oʻrta maxsus taʼlim sohasida boshqaruvni isloh qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmonining xalqaro aloqalarni kengaytirish va mustahkamlash, hamkorlikda qoʻshma oliy va oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlim dasturlarini amalga oshirish, erishilgan yutuqlarni xalqaro miqyosda keng targʻib etishga oid bandi ijrosini taʼminlash maqsadida imzolandi. Ushbu hujjat tomonlar oʻrtasida yuridik kadrlar tayyorlash, ilmiy sohada hamkorlik qilish, akademik almashinuv dasturlarini amalga oshirishni nazarda tutadi.
Tadbirda Oʻzbekiston bilan Qozogʻiston oʻrtasidagi hamkorlik barcha yoʻnalishda mustahkamlanib borayotgani taʼkidlandi. Tomonlar mazkur shartnoma zamonaviy ilm-fan, texnika va texnologiyalarni oʻzlashtirish, xalqaro integratsiya sharoitida raqobatbardoshlik va oʻzaro manfaatdorlikni yanada oshirishda hamkorlik qilishga yoʻl ochishini qayd etdilar.
Saidmurod RAHIMOV, OʻzA