O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Kanada Bosh vazirining Maxsus vakili bilan uchrashuv
2019-11-25 | Siyosat
2019-yilning 22-noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov Kanada Bosh vazirining Yevropa Ittifoqi va Yevropadagi Maxsus vakili, Germaniyadagi Elchisi Stefan Dionni qabul qildi.
Suhbat chog‘ida ikki tomonlama aloqalar, shu jumladan, BMT va boshqa xalqaro tashkilotlar doirasidagi hamkorlik holati va yanada rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi.
Qayd etilganidek, so‘nggi uch yil davomida ikki mamlakat parlamentlari, tashqi ishlar vazirliklari va ishbilarmon doiralari darajasida aloqalar faollashgani kuzatilmoqda. O‘zaro munosabatlar tarixida ilk marta may oyida Navoiyda O‘zbekiston-Kanada-AQSh biznes forumi bo‘lib o‘tdi, unda Kanadaning yetakchi 32 ta kompaniyalari vakillari ishtirok etdilar. 2018-yil fevral oyidan boshlab Kanada fuqarolari uchun turistik vizalarni rasmiylashtirishning soddalashtirilgan tartibi joriy etildi.
O‘zaro hamkorlikni yanada kengaytirish, unga ko‘p qirrali tus berishdan manfaatdorlik tasdiqlandi. Ta’kidlanganidek, avvalo, ilg‘or Kanada texnologiyalari va investitsiyasi ishtirokida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish savdo-iqtisodiy sohada o‘zaro manfaatli aloqalarni kengaytirishga ko‘maklashadi.
Uchrashuvda bo‘lajak O‘zbekiston-Kanada tadbirlari jadvali ko‘rib chiqildi.
Shuningdek, xalqaro va mintaqaviy siyosatning ayrim masalalari yuzasidan ham fikr almashildi.