O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Toshkent shahar hokimligida Sankt-Peterburgning Axborot texnologiyalari, mexanika va optika universiteti vakillari bilan uchrashuv o‘tkazildi
2019-11-22 | Ta’lim
Toshkent shahar hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari Elbek Shukurov poytaxt uchun xorijning yetakchi oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikning ahamiyati katta ekanligini, bu malakali hamda zamon talablari darajasidagi kadrlarni tayyorlash bilan bir qatorda turli sohalar rivojiga ham sezilarli ta’sir ko‘rsatishini ta’kidlab o‘tdi.
Sankt-Peterburgning Axborot texnologiyalari, mexanika va optika universiteti haqida to‘xtalar ekan, ularning ta’lim yo‘nalishlaridagi mutaxassislarga talab kattaligiga e’tibor qaratdi.
Suhbat davomida ATMO universitetining Xalqaro hamkorlik bo‘limi boshlig‘i Irina Kim o‘zaro hamkorlik ikki tomon uchun ham manfaatli ekanligini aytib o‘tdi.
So‘ng mehmonlar maktab o‘quvchilari, o‘qituvchilari va ma’muriyati uchun mo‘ljallangan “Raqamli madaniyat” onlayn platformasini taqdim etdilar. O‘quvchilar uchun bu qiziqarli interaktiv uslubdagi informatika bo‘yicha 15 ta modul, o‘qituvchilar uchun informatika darslarini o‘tkazish bo‘yicha uslubiy qo‘llanmalar, ma’muriyat uchun esa maktab saytini yuritish, to‘ldirish va tahrir qilish bo‘yicha tavsiyalardir. E’tiborli jihati, barchasi bepul. https://cifru.itmo.ru elektron manzili orqali ro‘yxatdan o‘tib, platformadan foydalanish mumkin.
Shuningdek, mehmonlar ATMO universitetining imkoniyatlari haqida ham atroflicha ma’lumot berdilar va tomonlar hamkorlik masalasida o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldilar.