Poytaxtimizda “O‘zbekistonda bolalar va oilalar farovonligini ta’minlashda ijtimoiy ishni mustahkamlash“ mavzusida xalqaro forum tashkil etildi.
Respublika bolalar ijtimoiy moslashuvi markazi tomonidan “Sen yolg‘iz emassan“ respublika jamoatchilik bolalar jamg‘armasi, “Oila“ ilmiy-amaliy tadqiqot markazi, Xalq ta’limi, Sog‘liqni saqlash, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirliklari, O‘zbekiston Milliy universiteti, YuNISEF jamg‘armasi vakolatxonasi bilan birgalikda tashkil etilgan ushbu forum BMTning Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasi qabul qilinganining 30 yilligini nishonlash arafasida o‘tkazildi.
O‘zbekiston Respublikasi xalq ta’limi vazirining o‘rinbosari Dilshod Kenjaev, “Sen yolg‘iz emassan“ respublika jamoatchilik bolalar jamg‘armasi direktori Matluba Oxunova, YuNISEFning yurtimizdagi vakolatxonasi rahbari Sasha Graumann, “Oila“ ilmiy-amaliy tadqiqot markazi rahbari Dilorom Toshmuhamedova, Respublika bolalar ijtimoiy moslashuvi markazi direktori Vasila Alimova va boshqalar O‘zbekistonda oila, onalik va bolalikni ijtimoiy muhofazalash masalalariga davlat siyosati darajasida e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi.
Darhaqiqat, keyingi yillarda mamlakatimizda bolalar, xotin-qizlar, oilalarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yangicha asosdagi yondashuv yo‘lga qo‘yildi. Turli vazirlik va idoralar, mas’ul tashkilot vakillari joylarda bo‘lib, mahallalar, xonadonlar, fuqarolar bilan bevosita ochiq, oshkora, samimiy muloqot o‘rnatishga, mavjud kamchiliklarni atroflicha tahlil etishga, ularning yechimini topishga katta e’tibor qaratmoqda. Xotin-qizlar qo‘mitasi, Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha Respublika kengashi, Yoshlar ittifoqi, “Oila“ ilmiy-amaliy tadqiqot markazi, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, “Nuroniy“ jamg‘armasi kabi tashkilotlar bu borada uzviy hamkorlik asosida ish olib borayotir.
Bolalar manfaatlarini ta’minlashda, ularni ijtimoiy himoyalashda, vasiylikka olishda yangicha mexanizmlar ishga solinmoqda. Bunda bolalarning oilaviy muhitda tarbiyalanishiga katta ahamiyat qaratilmoqda. Murakkab sharoitdagi oilalar, ularda tarbiyalanayotgan bolalarga har tomonlama amaliy, moddiy, ma’naviy yordam ko‘rsatilmoqda.
Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan joriy yilning o‘zida o‘tkazilgan “Mehr“ operatsiyalari qurolli to‘qnashuv avj olgan davlatlardagi adashgan fuqarolar, oilalarning go‘daklarini O‘zbekistonga qaytarishda, ularga har jihatdan ko‘mak ko‘rsatishda muhim ahamiyat kasb etdi.
Yosh avlod manfaatlarini ta’minlashga doir milliy qonunchiligimiz BMTning Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasi maqsad-muddaolariga uyg‘undir. Ayni paytda yurtimizda ota-ona mehridan bebahra qolgan bolalarning ulg‘ayishi, ularning ta’lim bilan qamrab olinishi, jamiyatga moslashishi yo‘lida keng qamrovli ishlar olib borilmoqda. Respublika bolalar ijtimoiy moslashuvi markazi hamda “Sen yolg‘iz emassan“ respublika jamoatchilik bolalar jamg‘armasi tomonidan ehtiyojmand, tibbiy imkoniyati cheklangan o‘g‘il-qizlar manfaatlarini ta’minlash, ular salomatligini asrash, hayotiy ko‘nikmalari, ma’naviy-axloqiy fazilatlari to‘g‘ri shakllanishi uchun barcha sa’y-harakatlar safarbar etilmoqda. Alohida ehtiyojli o‘g‘il-qizlar, ularning taqdiri mazkur tuzilmalarning doimiy e’tiborida bo‘lib kelmoqda.
– O‘zbekistonda qisqa vaqt ichida ushbu forum mavzusiga oid masalalar yuzasidan salmoqli yutuqlar qo‘lga kiritilgani bilan tabriklayman, – dedi xalqaro ekspert Stela Grigorash. – Darhaqiqat, o‘tgan yilgi forumdan buyon mamlakatingizda ko‘plab muvaffaqiyatlarga erishildi. Bolalar institutsional muassasalardan oilalar bag‘riga qaytarilmoqda. Ayni damda ushbu anjuman sohaga taalluqli dolzarb masalalarni muhokama etish, ularga yechim topishda o‘ziga xos maydon bo‘lib xizmat qiladi.
– O‘zbekistonda bolalar himoyasi, ularning istiqboli bilan bog‘liq ko‘plab ijobiy qarorlar, huquqiy hujjatlar qabul qilinmoqda, – dedi YuNISEFning mintaqaviy ofisi vakili Fenni Kakama (Shveysariya). – Shu bilan birga ularda belgilangan choralarning hayotda o‘z ifodasini topishi ham g‘oyat muhimdir. Huquqiy va ijtimoiy soha vakillari o‘rtasidagi hamkorlikni yanada kuchaytirish, tizimda ma’lumotlar yig‘ish va to‘plash, oilalar bilan uzviy ish olib borishni yanada kuchaytirish dolzarbdir.
Tadbir ishtirokchilari sho‘balarga bo‘lingan holda bolalar barkamol rivojlanishining huquqiy asoslarini mustahkamlashga oid amaldagi qonunchilikka o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish, bolalar va oilalarga manzilli xizmat ko‘rsatish bo‘yicha eng yaxshi amaliyotni tanlash, oilaviy notinchlik, ijtimoiy yetimlik va bolalar o‘rtasida huquqbuzarliklarning oldini olish, ijtimoiy ishchilar, ijtimoiy xizmatni takomillashtirish, vasiylik tizimini isloh etishda bir-biriga yaqin kasb mutaxassislari va paraprofessionallarning roli va vazifalarini belgilash va boshqa taalluqli masalalarni atroflicha muhokama etishdi.
Forumda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari, Respublika Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Elmira Bositxonova so‘zga chiqdi.
Nazokat USMONOVA, O‘zA