O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O‘zbekiston aholisi nufusi haqida ma’lumot berildi
2019-11-21 | Jamiyat
O‘zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo‘mitasida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Agrar va suv xo‘jaligi masalalari qo‘mitasi bilan hamkorlikda “O‘zbekistonda aholini ro‘yxatga olishning huquqiy asoslari” mavzuida tadbir bo‘lib o‘tdi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2018-yil 22-yanvardagi "2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini "Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili"da amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida"gi farmoni bilan tasdiqlangan davlat dasturining 38-bandida aholini ro‘yxatga olish kontseptsiyasini tayyorlash vazifasi belgilangan.
Tadbirda mazkur farmon ijrosini ta’minlash maqsadida Davlat statistika qo‘mitasi tomonidan qator vazirlik va idoralar bilan birgalikda aholini ro‘yxatga olish kontseptsiyasi, shuningdek, davlatimiz rahbarining joriy yil 5 fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasida 2022-yilda aholini ro‘yxatga olishni o‘tkazish kontseptsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi farmoni ijrosi doirasida qabul qilingan qonun loyihasi haqida so‘z yuritildi.
Ta’kidlanganidek, Davlat statistika qo‘mitasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasining “Aholini ro‘yxatga olish to‘g‘risida”gi qonuni loyihasi 5 bob va 31 moddadan iborat bo‘lib, hozirda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari tomonidan ko‘rib chiqilmoqda.
Ushbu qonun loyihasini ishlab chiqishda Yevropa statistiklari konferentsiyasining aholini ro‘yxatga olishni o‘tkazish bo‘yicha asosiy tamoyillari va tavsiyalaridan asos sifatida foydalanildi. Manfaatdor vazirlik va idoralar hamda keng jamoatchilik muhokamasidan o‘tkazilib, bildirilgan takliflarni inobatga olgan holda mazmunan boyitildi.
- Qonun loyihasining asosiy maqsadi, aholini ro‘yxatga olishga tayyorgarlik ko‘rish, uni o‘tkazish tamoyillari va tashkiliy uslublarini aniqlash, ma’lumotlarni qayta ishlash, umumlashtirish, uning natijalaridan keng foydalanish, aholini ro‘yxatga olish sub'yektlari o‘rtasidagi munosabatlarni tartibga solishning huquqiy asosini yaratish hamda mazkur yo‘nalishdagi ishlarni takomillashtirishdan iborat, - dedi O‘zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo‘mitasi raisining axborot siyosati masalalari bo‘yicha maslahatchisi, matbuot kotibi Usmon Abdurasulov. - Aholini ro‘yxatga olish natijasida yig‘ilgan ma’lumotlar davlatimizning yaqin va uzoq muddatli rivojlanish dasturlarini ishlab chiqishda muhim axborot manbai bo‘lib xizmat qiladi.
Tadbirda joriy yilning 1-oktabr holatidagi hisob bo‘yicha mamlakatimiz aholisi nufusi 33,7 millionni tashkil etayotgani haqida ma’lum qilindi.
Gulnoza BOBOYEVA, O‘zA