O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Toshkent xalqaro turizm yarmarkasida innovatsion loyihalar taqdimoti o‘tkazildi
2019-11-21 | Turizm
13-15-noyabr kunlari bo‘lib o‘tgan “Ipak yo‘lida turizm” XXV Toshkent xalqaro turizm yarmarkasi doirasida innovatsion loyihalarga doir davra suhbati o‘tkazildi. Uning doirasida joriy yilda innovatsion turizm sohasida amalga oshirilgan loyihalar taqdim etildi.
Ushbu davra suhbatida turizm sohasida faoliyat olib borayotgan tadbirkorlar (turoperatorlar, mehmonxonalar, gidlar, transport tashkilotlari va b.) va ilmiy tadqiqot muassacalari, jumladan, Toshkent shahridagi Singapur menejmentni rivojlantirish institutining «Innovatsion turizm va ta'lim markazi» ilmiy xodimlari ishtirok etishdi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi Rossiyaning «2GIS» MChJ qo‘shma korxonasi bilan hamkorlikda amalga oshirilgan “2gis.uz” - Toshkent shahrining 3D modelli ma'lumotlar xaritasi haqida so‘z yuritildi. Rossiyaning “Yandeks” transmilliy kompaniyasi bilan birgalikda Toshkent, Samarqand, Buxoro, Xiva, Shahrisabz va Nukus shaharlaridagi madaniyat, turizm va ko‘ngilochar obyektlarning panorama tasvirlari (360°) taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Shu bilan birga, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi tomonidan inklyuziv turizm (to‘siqsiz turizm) turini mamlakatimizda rivojlantirish istiqbollari to‘g‘risida taqdimot qilindi. Innovatsion loyihalarga oid tashabbuslar davra suhbati ishtirokchilari tomonidan qo‘llab-quvvatlandi. Tadbirkorlar o‘z faoliyati doirasida ulardan samarali foydalanishlarini qayd etishdi.