O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xorijiy investorlar kengashining oraliq sessiyasi
2019-11-21 | Iqtisodiyot
Joriy yilning 20-noyabr kuni Toshkentda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xorijiy investorlar kengashining O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi tomonidan Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YTTB) bilan hamkorlikda tashkil etilgan oraliq sessiyasi bo‘lib o‘tdi.
Sessiyada O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov, YTTBning Markaziy Osiyo bo‘yicha boshqaruvchisi B.Balvanera, YTTBning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari A.Drakinos, shuningdek Jahon banki, Xalqaro moliya korporatsiyasi, Osiyo taraqqiyot banki, Islom taraqqiyot banki vakillari, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi va Markaziy bank rahbarlari ishtirok etishdi.
Sessiyada shuningdek British American Tobacco (Buyuk Britaniya), JP Morgan Chase (AQSh), CNPC (Xitoy), KNOC (Janubiy Koreya), «Lukoyl» (Rossiya), Knauf (Germaniya), Carlsberg (Daniya), Posco Daewoo (Janubiy Koreya) va boshqa shu kabi O‘zbekistonda investitsiya faoliyatini amalga oshirayotgan yoki amalga oshirishni rejalashtirayotgan xorijiy kompaniyalar rahbarlari ham qatnashdilar. Bundan tashqari, Ernst&Young, KPMG, Deloitte, Pricewaterhouse Coopers, Dentons kabi xalqaro konsalting agentliklari ekspertlari va ommaviy axborot vositalari vakillari taklif etildilar.
Xorijiy investorlar kengashining asosiy vazifasi qulay investitsiya muhitini yaratishda, mahalliy hamda xorijiy tadbirkorlarni iqtisodiyotning ustuvor tarmoqlari va hududlarga raqobatbardosh eksportbop mahsulotlarni ishlab chiqaruvchi zamonaviy korxonalarni tashkil etish maqsadida sarmoya kiritishlarini rag‘batlantirishning samarali mexanizmlarini shakllantirishda bevosita ishtirok etishdan iboratdir.
Sessiya ochiq munozara shaklida o‘tib, unda investorlar va davlat organlari o‘rtasidagi o‘zaro faoliyatni takomillashtirish, xususiylashtirish jarayonining qulay va zarur huquqiy, tartibga soluvchi va institutsional asoslarini yaratish, baholash faoliyati va korporativ qonunchilik metodologiyasini takomillashtirish masalalari muhokama qilindi.
Tadbirni ochgan sessiya rahbari S. Umurzakov o‘zaro ishonch muhitida qurilgan hamda innovatsiyaviy g‘oyalarni tatbiq qilish va istiqbolli biznes-tashabbuslarni amalga oshirishga imkon beruvchi sog‘lom va shaffof ishbilarmonlik muhitini shakllantirishning muhimligi, bu esa o‘z navbatida jahondagi investitsiyalar oqimida O‘zbekistonning o‘rnini mustahkamlash uchun olib borilayotgan shiddatli xalqaro raqobatli kurash sharoitida salmoqli ustunlikka ega bo‘lish imkonini berishini ta’kidladi.
U hukumat nomidan qonunchilik bazasini takomillashtirish, ortiqcha ma’muriy to‘siqlarni olib tashlash va infratuzilmani rivojlantirish bo‘yicha izchil ishlarni davom ettirish niyati qat’iyligini bildirdi.U, shuningdek, sessiya ishtirokchilarini bank-moliya sektori islohoti, davlat mulkini xususiylashtirish jarayonlarini tezlashtirish va aktivlarni baholashning xolis usullarini joriy qilish kabi masalalarga e’tibor qaratishga chaqirib, bu iqtisodiy o‘zgarishlarning ushbu bosqichida O‘zbekistonning iqtisodiy jozibadorligini sezilarli darajada oshirish, investitsiyalarning qo‘shimcha hajmlarini jalb qilish, va, umuman olganda, mamlakatning iqtisodiy o‘sish ko‘rsatkichlarini yaxshilash imkonini berishini ta’kidladi.
Shuningdek, sessiya davomida YTTB vakillari va maslahatchilari so‘zga chiqib, mamlakatda olib borilayotgan o‘zgarishlarning dadil va jo‘shqinligini yuqori baholashdi va jahondagi bevosita investitsiyalar hajmi so‘nggi uch yil mobaynida qisqarayotgan bir sharoitda Markaziy Osiyo mamlakatlarida investitsiyaviy faollikning ijobiy o‘sish tendentsiyasi mavjudligini ta’kidlab o‘tishdi.
YTTB maslahatchisi G.Kvirikashvili o‘z chiqishida Kengashning kelgusi faoliyati istiqbollari, ya’ni uning tuzilishi xorijiy investorlarning dolzarb masalalarini muhokama qilish va ishlab chiqishga mo‘ljallangan ochiq platformaga aylantirilishi borasidagi o‘z qarashlari bilan o‘rtoqlashdi. Keyinchalik esa, kelib tushayotgan talablarning o‘ziga xos jihatlaridan kelib chiqqan holda, Kengash Kotibiyatining bevosita muvofiqlashtirishi yordamida muayyan holatlarni o‘rganish va yechim ishlab chiqish bo‘yicha ishchi guruhlar tuzib boriladi. Ushbu format Kengash faoliyatining amaliy ahamiyatini sezilarli tarzda oshirish imkonini beradi.
Sessiya davomida shuningdek Kengash a’zolari bo‘lgan xorijiy tadbirkorlar ham so‘zga chiqib, ushbu tuzilishning nafaqat mamlakat miqyosidagi, balki O‘zbekistonda loyihalarni amalga oshirishdagi o‘zining shaxsiy ishtiroki nuqtai nazaridan kelib chiqqandagi roli haqidagi o‘z fikrlari bilan ham o‘rtoqlashishdi.
Tadbir doirasida kun tartibiga taalluqli bo‘lgan bir qator amaliy takliflar ham ilgari surildi va ko‘rib chiqildi. Xususan, o‘zbek qonunchiligiga "xolding kompaniyasi" degan ta’rif, "to‘g‘ri soliqqa tortish" degan tushuncha, aktsiyalarning turli sinflari va korporativ huquqning umumjahon amaliyotida ko‘p tarqalgan boshqa kontseptsiyalarini kiritish hamda investorlarga korporativ siyosatni belgilashda katta egiluvchanlikni taqdim qilish taklifi ilgari surildi.
Tijorat banklarini ulardagi aktsiyalarning nazorat paketlarini manfaatdor investorlarga sotish orqali jadal sur’atda xususiylashtirish, shuningdek banklarning joriy faoliyatini bank tizimini raqamlashtirish hamda ilg‘or mahsulot va amaliyotlarni joriy qilish orqali optimallashtirishning istiqbolliligi to‘g‘risida yakdil qarash ishlab chiqildi.
Xorijiy tijorat tashkilotlari filiallarini ta’sis etish va ularning faoliyatini yuritishning huquqiy asosini ishlab chiqish, xo‘jalik yurituvchi sub'yektlar haqidagi to‘liq axborotni aks ettiruvchi va har bir kompaniyaning u tashkil etilgandan boshlab amalga oshirgan faoliyatini retrospektiv jihatdan tahlil qilish imkonini beruvchi yagona elektron reyestrni yaratish zarurati ham muhokama qilindi. Yetakchi xalqaro konsalting kompaniyalari ilgari surilgan tashabbuslar ustida faol ish olib borishga qiziqish bildirishdi.
Tadbir natijasida, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi va Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki o‘rtasida umumiy qiymati 150 million AQSh dollari teng quyidagi loyihalar bo‘yicha kredit shartnomalari imzolandi:
- Navoiy IESdan Besopanda joylashgan 220 kV elektr uzatish tarmog‘ini ulash/uzish punktigacha 177 km uzunlikdagi 500 kV gabaritdagi 220 kV elektr liniyasini qurish (kredit summasi 96,1 mln. AQSh dollari, "O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari" AJ ijroiya agentligi);
- Qashqadaryo viloyati Qarshi shahri kanalizatsiya tizimlarini qayta ta’mirlash va qurilish ishlari (kredit miqdori 60,0, ijro etuvchi agentlik - Uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi);
- Xorazm viloyati Urgench, Xiva va Pitnak shaharlari kanalizatsiya tizimlarining qayta ta’mirlash va qurilish ishlari (kredit miqdori 90,0, ijro etuvchi agentlik - Uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi);
Ma’lumot uchun: Xorijiy investorlar kengashi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 13-noyabrda qabul qilingan PQ-4519-sonli "O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xorijiy investorlar kengashini va uning faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida" Farmoniga muvofiq tashkil etilgan.
Ushbu Kengash tarkibiga YTTB kabi xalqaro moliya institutlari, xorijiy kompaniyalar, banklar va xorijiy davlatlar moliyaviy tashkilotlarining rahbarlari va vakillari kiradi.
Kengash tadbirlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti rahbarligidagi yalpi sessiyalar va O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri boshchiligidagi oraliq sessiyalar shaklida o‘tkaziladi.