O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Namangan viloyati hokimi tadbirkorlarga murojaat qildi
2019-11-19 | Jamiyat
Namangan shahar hokimligi majlislar zalida Namangan viloyati hokimining viloyat tadbirkorlari bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Videoselektor tarzida o‘tgan uchrashuvda tumanlar studiyalarida ham har bir tuman rahbarlari hamda mahalliy tadbirkorlari ishtirok etdilar.
“Har bir tadbirkorga – ko‘makdosh, yelkadosh va madadkormiz!” – degan bosh g‘oyani o‘zida mujassam qilgan uchrashuvda mamlakatimizda so‘nggi uch yilda olib borilayotgan ulkan islohotlarning markazidan jamiyatimiz taraqqiyotining asosiy ustuni bo‘lgan tadbirkorlikni rivojlantirish masalasi o‘rin olayotgani ta’kidlandi.
Nafaqat o‘zini va oilasini, balki xalqni ham, davlatni ham boqadigan tadbirkorlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ular oldida paydo bo‘ladigan to‘siqlarni butunlay olib tashlash joylardagi har bir rahbarning asosiy vazifasi ekani aslida uch yildan buyon Davlatimiz rahbari tomonlaridan olib borilayotgan siyosatning asosiy talabi bo‘lib kelib kelayotgani qayd etildi.
Biroq, shunga qaramasdan, tadbirkorlikni yanada rivojlantirish yo‘lidagi barcha to‘siq va g‘ovlarga to‘liq barham berilmagani, joylarda hokimliklar, davlat organlari idoralari tomonidan iqtisodiyotimizning ushbu muhim yo‘nalishiga ba’zi holatlarda yetarli e’tibor berilmayotgani e’tirof etildi.
Ayniqsa, tadbirkorlarga yer, bino va inshoot, kredit ajratish, xom-ashyo bilan ta’minlash, kommunikatsiya tizimlariga ulanishga ruxsatnoma berishda byurokratiya kuchlilik qilayotgani tilga olindi.
Xayrullo Bozorov ikki qismdan iborat bo‘lgan murojaatnomasida dastlab Namangan viloyatida so‘nggi uch yilda erishilgan natijalar hamda iqtisodiy va investitsion ko‘rsatkichlarni tahlil qildi.
“Kichik biznes va oilaviy tadbirkorlikni, klasterlar va qishloq xo‘jaligi sohasini rivojlantirish bo‘yicha dasturlar doirasida ko‘zda tutilgan loyihalarga tijorat banklari tomonidan 2019 yil 10 oyligi davomida 3,8 trln.so‘mdan ortiq kreditlar ajratildi. Ushbu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 1,6 martaga ortdi. SHundan ajratilgan imtiyozli kreditlar miqdori 1 trln. so‘mni tashkil etdi.
Bu kabi amalga oshirilayotgan ko‘plab islohotlar va amaliy choralar o‘zining ijobiy natijasini berishni boshladi.
Sanoat, xizmat ko‘rsatish va qishloq xo‘jaligi yo‘nalishida yangi quvvatlarni foydalanishga topshirish natijasida 20 mingdan ortiq yangi ish o‘rinlari yaratildi.
Kichik biznes viloyat yalpi ichki mahsulotining qariyb 80 foizini, sanoat mahsuloti hajmining 76 foizini, chakana savdo aylanmasini 88 foizini va qishloq xo‘jaligi mahsulotining 98 foizini tashkil etmoqda.
2019 yil 9 oyi davomida sanoat korxonalari tomonidan 6 trln. 385 mlrd. so‘mlik sanoat mahsulotlari hamda 4 trln. 100 mlrd. so‘mlik xalq iste’mol mollari ishlab chiqarildi”
Viloyatda bugungi kunda paxta yetishtirishda 4 ta klaster korxonasiga 8 ta tuman biriktirib berilgani, g‘allachilikda esa 2020 yildan boshlab 2 ta klaster korxonasiga 3 ta tuman biriktirilishini, “Art Soft Holding” MCHJ tarkibiga 18 ta qo‘shma korxonalar tashkil etish evaziga 2019-2022 yillarda 114,2 mln. AQSH dollari miqdorida investitsiya loyihalari amalga oshirilishini qayd etgan viloyat hokimi, shuningdek, chorvachilik, parrandachilik, baliqchilik va boshqa sohalarda xam klaster korxonalarini tashkil etish va faoliyat yuritishlari uchun etarli sharoitlarni yaratib berish borasida katta ishlar amalga oshirilayotganini ta’kidladi.
Istiqbolda sanoatni barqaror rivojlantirish masalalariga alohida to‘xtalgan viloyat hokimi Uchqo‘rg‘on, To‘raqo‘rg‘on, va Namangan tumanlarida yuqori qo‘shilgan qiymatga ega tayyor to‘qimachilik mahsulotlari ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilishini, meva-sabzavotlar yetishtirishda qishloq xo‘jaligining katta salohiyatga ega ekanligi inobatga olib, Kosonsoy, Namangan, To‘raqo‘rg‘on, Uchqo‘rg‘on, CHortoq va YAngiqo‘rg‘on tumanlarida meva-sabzavotni chuqur qayta ishlash yo‘lga qo‘yilishini, qurilish materiallari ishlab chiqarish bo‘yicha muayyan ustuvorliklarga ega bo‘lgan Kosonsoy, Turaqo‘rg‘on, Pop va CHust tumanlaridagi yer qazilma konlaridan foydalangan holda, hududlararo loyihalarni amalga oshirish maqsadida qurilish sanoati industriyasini rivojlantirish choralari ko‘rilayotganini ma’lum qildi.
Muhtaram Prezidentimiz tomonlaridan xorijiy investorlar uchun yaratib berilayotgan shart-sharoitlar va imtiyozlar, shuningdek xorijiy davlatlardagi O‘zbekiston elchilarining Namangan viloyatiga biriktirib berilgani natijasida 2019 yilning o‘tgan 10 oyi davomida viloyat bo‘yicha jami 91 ta loyihada 224,1 mln. dollar miqdorida xorijiy investitsiya mablag‘lari o‘zlashtirilgani, 2017 yilga nisbatan solishtirganda esa to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar hajmi 32 barobarga o‘sganligi mamnuniyat bilan ta’kidlandi. 2020 yilda viloyatga jalb etiladigan xorijiy investitsiyalar hajmini 500 million dollarga etkazish rejalashtirilayotgani qayd etildi.
Viloyatimizda bo‘sh turgan 56 ta davlat mulki ob’ektlari “Elektron-onlayn auksionlarida investorlar tomonidan 1 yil davomida 16 440 mln. so‘m miqdorida investitsiya kiritish va 781 nafar yangi ish o‘rinlari yaratish sharti bilan 921 mln. so‘m qiymatda sotildi.
O‘tgan hafta Davlatimiz rahbari tomonlaridan o‘tkazilgan Tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash va ularga qulay shart-sharoitlarni yaratish borasidagi yig‘ilishda berilgan topshiriqlar yuzasidan ushbu murojaatnoma e’lon qilinayotganini qayd etgan Xayrullo Bozorov, bundan buyon “taraqqiyot va farovonlikka faqatgina tadbirkorlikni rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash orqali erishish mumkin” degan g‘oya, tadbirkorlar bilan bevosita muloqot qilish, ularning dardini eshitish va muammolarini tezkor hal etish har bir rahbar, har bir idora faoliyatining asosiy qoidasiga aylanishini ta’kidladi.
“Endilikda halol ishlagan tadbirkorni hech bir davlat organi tekshirmaydi, har qanday munosabat tadbirkorlikka faqat va faqat yordamlashish nuqtai nazaridan quriladi. Xatoga yo‘l qo‘ygan taqdirda ham jazo emas, tuzatishga ko‘maklashish prinsipi qo‘llaniladi. Bundan buyon hokimlar Tadbirkorlar murojaatlarini ko‘rib chiqish Bosh vazir qabulxonasining joylardagi vakillari bilan kunlik uchrvashuv o‘tkazadilar, har bir qilingan murojaatni hal etish bo‘yicha tezkor ko‘mak beradilar.” dedi viloyat hokimi.
Yig‘ilishda tumanlar studiyalariga tadbirkorlarni yetarli jalb qilmagani, Davlatimiz rahbari tomonlaridan berilgan topshiriqning mohiyatini to‘la anglab etmagani uchun Namangan, To‘raqo‘rg‘on, Pop hamda YAngiqo‘rg‘on tumanlari hokimlariga rasmiy hayfsan e’lon qilindi. Bu borada o‘zining qat’iy pozitsiyasini bildirgan Xayrullo Bozorov, “Bundan buyon tadbirkorni qo‘llab-quvvatlamagan, unga ko‘mak berib, har biriga alohida yondashuv bilan ish olib bormagan hokimlar, rahbarlar ishlamaydi” deb ta’kidladi.