O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Toshkent shahar hokimi Tojikiston elchisi Sodiq Imomiyni qabul qildi
2019-11-19 | Siyosat
Uchrashuvda do‘st va qardosh xalq o‘rtasidagi ikki tomonlama munosabatlarni mustahkamlash hamda rivojlantirish masalasi muhokama etildi.
Toshkent shahar hokimi O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev olib borayotgan siyosat tufayli so‘nggi yillarda nafaqat O‘zbekiston, balki butun mintaqamizda katta o‘zgarishlar yuz berayotganligini, O‘zbekistonning tashqi siyosatida qo‘shni mamlakatlar bilan aloqalarga ustuvor ahamiyat qaratilayotganligini ta’kidlab o‘tdi. Tojikistonning shaharlari bilan o‘zaro aloqalarga to‘xtalar ekan, Toshkent va Dushanbe shaharlari o‘rtasida birodarlik munosabatlari yo‘lga qo‘yilganini va ikki tomon ham aloqalarni rivojlantirish borasida ish olib borayotganligini qayd etdi.
O‘z navbatida Tojikistonning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Imom Sodiqiy Toshkent va Dushanbe o‘rtasida aviaqatnovlar tiklangani, savdo-iqtisodiy hamkorlik yangi pog‘onaga ko‘tarilgani, turli sohalarda, xususan, madaniy-gumanitar sohadagi qo‘shma tadbirlar tobora ko‘payib borayotganligini aytib o‘tdi.
Shuningdek, uchrashuv davomida tomonlar Toshkent va Dushanbe o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlik dasturini muhokama qilib, uni har tomonlama takomillashtirish borasida fikr almashdilar.