Oʻzbekiston davlat konservatoriyasida “Sindao tabrigi” nomli maxsus konsert dasturi boʻlib oʻtdi.
Shanxay hamkorlik tashkiloti mamlakatlari oʻrtasida madaniy almashuvni rivojlantirish, Xitoy va Oʻzbekiston xalqlari oʻrtasidagi doʻstlikni mustahkamlash maqsadida oʻtkazilgan ushbu konsert Xitoy xorijiy ijro kompaniyasi va Sindao simfonik orkestri, Sindao shahar madaniyat va turizm byurosi va tashqi madaniyat kompaniyasi hamda Oʻzbekiston davlat filarmoniyasi koʻmagida tashkil etildi.
Mashhur dirijyor Chjan Guoyun hamda Sindao simfonik orkestri 81 nafar sozandalari bilan birgalikda poytaxtimiz musiqa ixlosmandlari uchun Xitoy kompozitorlari tomonidan yaratilgan asarlarni taqdim etdi. Ayni paytda oʻzbekistonlik kompozitor, atoqli musiqa dargʻasi Sulaymon Yudakovning “Bayram uvertyurasi” asarining orkestr jamoasi tomonidan yuqori darajada ijrosi tomoshabinlarimiz uchun chin maʼnodagi tuhfa boʻldi, desak mubolagʻa emas.
Sindao orkestri ijrosidagi simfonik musiqasi tomoshabinlarda katta taassurot qoldirdi. Tadbir avvalida Sindao simfonik orkestri Oʻzbekiston davlat filarmoniyasi bilan oʻzaro hamkorlik toʻgʻrisida bitim imzoladi.
Simfonik orkestr rahbari Song Syaoveyning taʼkidlashicha, ushbu memorandum asosida Oʻzbekiston davlat filarmoniyasi bilan hamkorlikda ijodiy muloqot mexanizmi yaratiladi. Musiqa yoʻnalishida kadrlar almashinuvi yoʻlga qoʻyiladi. Bu esa musiqiy-ijodiy sohadagi birgalikdagi amaliy ishlarni yanada kengroq rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Sindao simfonik orkestrining Oʻzbekiston davlat konservatoriyasida boʻlib oʻtgan ajoyib konserti Shanxay hamkorlik tashkiloti mamlakatlaridagi birinchi oʻziga xos musiqiy bekatdir. Toshkentdan soʻng orkestr qoʻshni Qozogʻiston Respublikasi Olmaota va Nursulton shaharlarida ijodiy safarini davom ettiradi.
Sindao simfonik orkestri 2005-yilda tashkil topgan. Bir necha marotaba Xitoy davlati vakili sifatda Rossiya, Fransiya, Argentina, Chili va boshqa mamlakatlarda katta madaniy tadbirlarda faol ishtirok etgan.
N.USMONOVA,
OʻzA