Global tadbirkorlik tarmogʻi (Global Entrepreneurship Network – GEN) butun dunyo boʻylab tadbirkorlikning yagona global ekotizimini yaratishga yoʻnaltirilgan tarmoqlar, dastur va tashabbuslarning yillik platformasidir.
Bugungi kunda 25 mingga yaqin hamkori boʻlgan ushbu tashkilot 160 davlatda, jumladan, Oʻzbekistonda ham tadbirkorlik ekotizimini yaratish va rivojlantirishga koʻmak berish boʻyicha faoliyat olib bormoqda.
18-noyabr kuni poytaxtimizda boshlangan anʼanaviy Global tadbirkorlik haftaligi Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi, Xalqaro biznes va texnologiyalar assotsiatsiyasi, Oʻzbekiston Savdo-sanoat palatasi va boshqa tashkilotlar bilan hamkorlikda “Oʻrganing! Sinab koʻring! Rivojlantiring!” shiori ostida tashkil etildi.
Global tadbirkorlik haftaligining birinchi kunidagi ilk munozara “2030 – Oliy taʼlimni rivojlantirish konsepsiyasi: hukumat va biznes oʻrtasidagi oʻzaro aloqalar uchun imkoniyatlar” mavzuida boʻldi. Unda Oʻzbekiston Respublikasi oliy taʼlim vaziri oʻrinbosari S.Buzrukxonov, Toshkentdagi Vestminster universiteti rektori K.Karimov, GENning mamlakatimizdagi vakolatxonasi rahbari H.Abdurahmonov, korzinka.uz asoschisi Z.Hoshimov ishtirok etdi.
Prezidentimizning 2019-yil 8-oktabrdagi farmoniga muvofiq, mamlakatimizda oliy taʼlim tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi tasdiqlandi. Ushbu hujjat kelgusi oʻn yillikda oliy taʼlim sohasida davlat-xususiy sherikligini rivojlantirish, hududlarda davlat va nodavlat oliy taʼlim muassasalari faoliyatini tashkil etish asosida oliy taʼlim bilan qamrov darajasini 50 foizdan oshirish, sohada sogʻlom raqobat muhitini yaratish, kamida 10 ta OTMni dunyodagi mingta eng yaxshi oliy taʼlim muassasasi roʻyxatiga, shuningdek, Oʻzbekiston Milliy universiteti va Samarqand davlat universitetini birinchi 500 talik roʻyxatga kiritish kabi vazifalarni koʻzda tutadi.
– Soʻnggi uch yilda mamlakatimizda 37 ta, xususan, 2019-yilda sakkizta oliy taʼlim muassasasi tashkil etildi, – dedi Oʻzbekiston Respublikasi oliy taʼlim vaziri oʻrinbosari S.Buzrukxonov. – Kelasi yili xususiy sektor ishtirokida 5 ta nodavlat oliy taʼlim muassasasi ochilishi rejalashtirilgan. Bundan tashqari, 25 oliy oʻquv yurti oʻzini oʻzi moliyalashtirishga oʻtadi. Barcha xizmatlarni autsorsing asosida tashkil qilish yoʻlga qoʻyilmoqda. Bu ham oliy taʼlim tizimi uchun yangilik boʻlib, tadbirkorlarga keng imkoniyat degani.
Jahon iqtisodiy forumi tadqiqotiga koʻra, kelajakda talabalar, yosh mutaxassislar sunʼiy intellekt bilan almashtirib boʻlmaydigan aqliy, erkin va tanqidiy fikrlash, guruhlarda ishlash qobiliyati, axborot texnologiyalarini puxta bilishi, moslashuvchanlik, muntazam oʻrganib borish koʻnikmalariga ega boʻlishi kerak.
korzinka.uz asoschisi Z.Hoshimovning taʼkidlashicha, yosh mutaxassisga jamoada oʻz oʻrnini topish va oʻzaro hurmat asosida munosabatga kirishishni oʻzida jamlovchi ijtimoiy malaka zarur. Yana bir muhim koʻnikma – bu fikrlash malakasi boʻlib, ular 3 ta jihatni oʻz ichiga oladi. Bular tanqidiy fikr yuritish, ijodiy fikrlash, transfer, yaʼni bir sohadagi ilmini ikkinchi yangi sohaga koʻchira olish va tadqiq qilish qobiliyatidir. Bularning barchasi iqtisodda ham, ilm-fanda ham haqiqiy innovatsiyaning asosi boʻladi.
Bloger, oliy taʼlim sohasi eksperti X.Xudoyberdiyev ham mamlakatimizda oliy taʼlim tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi boʻyicha oʻz mulohazalari bilan oʻrtoqlashdi.
– Konsepsiyada zamonaviy taʼlimda ishlatiladigan juda koʻplab xorijiy atamalar kiritilgan, – dedi ekspert. – Masalan, OʻzMU va SamDUni yurtimiz oliy taʼlim muassasalari bayroqdoriga aylantirish. Bu xujjat ustida ishlagan mutaxassislar zamonaviy dunyoqarash bilan hisoblashganini koʻrsatadi. Konsepsiya yutuqlaridan biri unda nodavlat taʼlim haqida alohida band mavjudligidir. Bundan tashqari, oliy taʼlim muassasalariga akademik mustaqillik berish ham koʻzda tutilgan.
Munozara doirasida Toshkent tadbirkorlik va amaliy menejment institutini tashkil etish loyihasi taqdimoti oʻtkazildi. Mazkur loyiha Oʻzbekiston va Markaziy Osiyo davlatlari bozorining ehtiyojiga qaratilgan boʻlib, oʻzbek brendiga ega tadbirkorlik oliy oʻquv yurtini yaratish gʻoyasini oʻz ichiga oladi. Loyihaga koʻra, har yili 500 ga yaqin talabani tadbirkorlik va amaliy menejment sohalari boʻyicha oʻzbek, rus va ingliz tillarida oʻqitish imkoniyati tugʻiladi.
Global tadbirkorlik haftaligining birinchi kuni doirasida oʻz-oʻzining bandligini taʼminlash, tadbirkorlik faoliyatini legallashtirish, startaplar ekotizimini rivojlantirish mavzulari boʻyicha seminar va mahorat darslari tashkil etildi.
Haftalik 24-noyabrgacha davom etadi. Uning doirasida tadbirkorlar, moliya institutlari, biznes uyushmalar, ishbilarmonlar, talaba-mutaxassislar va boshqa manfaatdor tomonlar ishtirokida biznes-forum, muhokamalar, onlayn muloqotlar, B2B formatdagi uchrashuvlar, muloqotlar, taqdimotlar oʻtkazilishi rejalashtirilgan.
Malohat HUSANOVA, OʻzA