O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Toshkent viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Rustam Xolmatovning tadbirkorlarga MUROJAATNOMASI

2019-11-17 | Jamiyat

TADBIRKORLARGA KO‘MAKDOSH, YELKADOSH VA MADADKORMIZ!

Hurmatli tadbirkor va ishbilarmon do‘stlar!
 
O‘zingizga juda yaxshi ma’lumki, mamlakatimizda ayni paytda tadbirkorlik faoliyatini keng rivojlantirishga davlat siyosatining eng ustuvor yo‘nalishi sifatida qaralayapti. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining oxirgi uch yilda e’lon qilingan 50 dan ortiq farmon va qarorlari aynan mana shu sohaga yo‘naltirilgani ham bu fikrga aniq misoldir. Demoqchimizki, bugun sizlarning emin-erkin va albatta, amaldagi qonun hujjatlari doirasida, islohotlar sur’atiga monand ravishda jadallik bilan ish yuritishingiz mamlakatimiz iqtisodiyotiga kuch-qudrat baxsh etadi.
Viloyatimizda bugungi kunda 36 ming 808 ta tadbirkorlik sub’ekti, 21 ming 232 nafar yakka tartibdagi tadbirkor faoliyat yuritayapti. Mazkur murojaatnoma orqali, avvalo, ana o‘sha mehnatkash, ishbilarmon do‘stlarimizga chuqur minnatdorlik bildiraman. Binobarin, aynan sizlarning zamon talabiga mos sa’y-harakatlaringiz evaziga bugun biz – Toshkent viloyati rasmiylarining hamda mehnat ahlining el-yurt, Vatan oldida yuzimiz yorug‘, tilimiz uzun bo‘lib turibdi.
 
Alohida ta’kidlashni istardimki, tadbirkorga yetarli shart-sharoit yaratish mamlakat istiqbolini shakllantirish, unga hissa qo‘shish demakdir. Viloyatning barcha darajadagi rahbarlari muhtaram Yurtboshimizning: “Bundan buyon taraqqiyot va farovonlikka faqatgina tadbirkorlikni rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash orqali erishish mumkin”, degan fikrlarini o‘zimizga dasturilamal qilib olganmiz.
 
Albatta, hozir viloyatimiz tadbirkorlari, ya’ni sizlar erishgan marralar, mamlakat va viloyat farovonligiga qo‘shgan hissangiz haqida soatlab so‘zlash mumkin. Muhimi, mamlakat oilasida Toshkent viloyati tadbirkorlari salmoqli o‘rinni egallaydi.
 
Shuning barobarida, tahlillar natijasi shuni ko‘rsatmoqdaki, hali-hanuz joylarda ba’zi mansabdorlar tomonidan tadbirkorlik faoliyatiga sun’iy to‘siq qo‘yish, turli shaklda bosim o‘tkazish, mutlaqo asossiz ravishda har xil tadbirlarga “homiy” sifatida jalb etish holati kuzatilayapti. Biz bunday kampaniyavozlikka faoliyatimizning ilk kunidan boshlab qarshi bo‘lganmiz va bundan keyin ham qat’iyan qarshilik qilamiz. Qolaversa, ba’zi mansabdorlar tomonidan majlisbozlik kasaliga ruju qo‘yilayotgani ham bizni nihoyatda tashvishga soladi.
Shu munosabat bilan e’tiboringizni oltita muhim jihatga qaratishni o‘rinli deb bilamiz.
 
Birinchidan, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining tadbirkorlar murojaatlarini ko‘rib chiqish qabulxonasiga kelib tushgan murojaatlar tahlili shuni ko‘rsatayaptiki, muammoli vaziyatlarning aksariyati kredit va yer ajratish sohasiga taalluqli. Shuningdek:
infratuzilma tarmoqlariga ulanishda belgilab berilgan muddatlarga rioya qilmaslik yoki asossiz rad etish;
tadbirkorlik sub’ektlarini ro‘yxatga olish, ruxsat berish, litsenziyalash va mulkka egalik huquqini belgilashda vakolatli organlar tomonidan sansalorlik va ortiqcha qog‘ozbozlik talab qilish;
kredit ajratishda asossiz vajlarning ishlatilishi, garovga qo‘yilayotgan mulklarni narxlashda tadbirkor bilan bank o‘rtasidagi kelishmovchilik;
tadbirkorlarga tegishli bo‘lgan xususiy mulklarni asossiz olib qo‘yish, obodonlashtirish bahonasida tadbirkorlar mulkini noqonuniy buzish yoki ko‘chirish;
mahalliy hokimliklarda malakali mutaxassislarning yetishmasligi, soliq, savdo-sanoat palatasi, tijorat banklari, davlat aktivlarini boshqarish hamda davlat xizmatlari agentliklari, arxitektura, kadastr va shu kabi tadbirkorlik faoliyatiga aloqador bo‘lgan boshqa ko‘plab idoralar o‘rtasida o‘zaro bog‘liqlikning muvofiqlashmaganligi kabi salbiy omillar mavjudligi ham, afsuski, ochiq-oydin bir haqiqatdir.
 
Yuqoridagi salbiy holatlarni inobatga olib, islohotlar shiddatli tus olgan bugungi kunda, zamon talabiga ko‘ra barchangizga qarata quyidagi o‘zgarmas haqiqatni yana bir marta takrorlashni o‘rinli deb bilamiz:
Haqiqiy tadbirkor bo‘lish istagida yurganlarga yer ajratish ochiq-oshkora ravishda, barcha uchun teng sharoitlar taqdim etgan holda, elektron auksion orqali amalga oshiriladi. Hech qanday tanish-bilishchilik, inson omili o‘rtaga suqilmaydi.
 
Kredit berish tizimi ham soddalashtirilib (viloyat, respublika banklari vakolatlarini tumandagi banklarga berish orqali), ortiqcha qog‘ozbozlik va sarsongarchiliklarsiz amalga oshiriladi.
Ikkinchidan, bundan keyin ham kichik biznes va oilaviy tadbirkorlik, klaster va qishloq xo‘jaligi sohasini izchil rivojlantirish viloyat hokimligining diqqat markazida bo‘ladi. Bu maqsadda ko‘plab yangi loyihalar ishlab chiqilgan, moliyaviy resurslar bo‘yicha ham aniq hisob-kitobimiz bor.
 
Qadim-qadimdan xalqimiz ham ziyoli, ham tadbirkor bo‘lgan. Tadbirkorlik qobiliyatini rivojlantirishda Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan “Har bir oila – tadbirkor” Davlat dasturi muhim ahamiyat kasb etmoqda. Unga ko‘ra, joriy yilning yanvar-oktabr oylarida aholi bandligini ta’minlash maqsadida viloyatdagi 15,5 ming nafar fuqaroga 411 mlrd. so‘m miqdorida imtiyozli kredit mablag‘i ajratildi. Tikuvchilik, chorvachilik, hunarmandchilik kabi sohalarga ixtisoslashgan o‘nlab oilalar halol mehnatlari, fidoyiliklari bois elga tanildi. Ular rahnamoligida “Ustoz-shogird” loyihasi doirasida minglab yosh yigit-qizlar hunar o‘rganmoqda.
 
Viloyatimizga joriy qishloq xo‘jaligi yili nihoyatda omadli keldi. Viloyat aholisi, fermer, agro va paxta-tekstil klasterlarining rahbarlari qishloq xo‘jaligi sohasidagi Prezident islohotlari samarasini chuqur his etdilar.
 
Xususan, bu yil Oqqo‘rg‘on, Chinoz, Quyi Chirchiq tumanlari birinchi bo‘lib paxta hosili bo‘yicha shartnomaviy rejani bajardi. Shuningdek, Piskent, Bo‘ka, O‘rta Chirchiq tumanlari ham paxta xom ashyosini yetishtirish bo‘yicha alohida namuna ko‘rsatdi. Ochig‘ini aytish kerakki, necha yillardan buyon bunday natijaga erishmagan bu tumanlarda nima o‘zgardi? Yer – o‘sha, dehqon – o‘sha, suv va agrotexnik tadbirlar – o‘sha.
Chuqur minnatdorlik tuyg‘usi bilan e’tirof etish joizki, o‘tgan yillarga nisbatan joriy yil viloyatimiz qishloq xo‘jaligi sohasida tub o‘zgarishlar yili bo‘ldi. Ya’ni, shaxsan muhtaram Yurtboshimizning tashabbusi bilan Toshkent viloyatida jami 6 ta agroklaster tashkil etildi. Ular 54 ming gektar yerda g‘o‘za parvarish qilishdi.
 
Bu o‘rinda gap shunchaki qishloq xo‘jaligida bir tizimning o‘zgarishi haqida emasligi kundek ravshan. Gap – dunyoqarashning o‘zgarishi, yerga bo‘lgan munosabatning o‘zgarishi haqida ketayapti. Binobarin, islohotlarning mohiyati ham ana shunda.
 
Uchinchidan, tadbirkorlarga ko‘mak beruvchi, ularni qo‘llab-quvvatlovchi davlat va jamoat tashkilotlarining ish faoliyatida ham sezilarli ravishda jonlanish bo‘ldi.
 
Biz yuqorida aytaylab “jonlanish” degan so‘zni aytdikki, yaqin tariximizda tadbirkorga ko‘mak berishi kerak bo‘lgan tashkilotlar, ming afsuski, amalda ularning oyog‘iga bolta urish bilan shug‘ullangani inkor etib bo‘lmas haqiqat ekanini o‘zingiz yaxshi bilasiz. Davlat rahbarining mardona pozitsiyasi, kuchli siyosiy irodasi tufayli endilikda bunday sharmandali amaliyotlarga qarshi ayovsiz kurashilayapti. Shuningdek, tadbirkorlik faoliyatiga o‘zboshimchalik bilan to‘siq qo‘yadigan, sun’iy ravishda narx-navoni o‘ynatadigan korchalonlar davri o‘tdi. Sizlarni ishontirib aytamizki, butun O‘zbekistonimizda bo‘lganidek, Toshkent viloyatida ham qonun oldida barcha bab-baravar javob berishi, hammaga teng imkoniyat taqdim etilishi kafolatlanadi.
To‘rtinchidan, “Qars ikki qo‘ldan chiqadi”, deydi dono xalqimiz. Bugun shunday bir davrda yashayapmizki, tadbirkorda yaxshi niyat, original g‘oya, aniq maqsad va rejani amalga oshirish bo‘yicha puxta mexanizm, ijrochilik salohiyati bo‘lsa, bas. Biz bunday tadbirkorlarni ham, albatta, qo‘llab-quvvatlashga tayyormiz. Takror va takror aytamizki, bugun jonajon Vatanimizning qaddi tik ko‘tarilayotgan bir tarixiy paytda ishlayman, degan tadbirkorga sharoit yaratib bermaslik – davlat siyosatiga nisbatan xiyonat. Toshkent viloyati hokimligi jamoasi bu haqiqatni yaxshi tushunadi va o‘z ish tartibini shu haqiqatga muvofiq tashkil etadi. Shuning barobarida, viloyatdagi barcha darajadagi rahbarlardan mana shu tartibda ishlashini talab qiladi.
Beshinchidan, ijozatingiz bilan, shu o‘rinda, muxtasar shaklda viloyatimizning 2020 yil va undan keyingi davrlarda biznes istiqbolini chamalashda ahamiyat berishingiz kerak bo‘lgan jihatga e’tiboringizni qaratmoqchimiz.
 
Yaqin kelajakda Angren, Bekobod, Chirchiq, Olmaliq shaharlari viloyatning qurilish mahsulotlari ishlab chiqarish sanoati markaziga aylanadi. Bo‘ka, Bekobod, Quyi Chirchiq sholikorlari, Toshkent, Zangiota, Qibray tumanlari bog‘bonlari, Parkent uzumi, O‘rta Chirchiq mebelsozlari el tiliga tushgan. Mazkur sohalarni modernizatsiya qilish, yangicha texnologiyalar asosida mahsulot yetishtirishni yo‘lga qo‘yishda Sizning tajriba va ishbilarmonligingiz g‘oyatda qo‘l keladi, deb umid qilamiz.
 
Meva-sabzavotchilik va bog‘dorchilik markazi bo‘lgan Yangiyo‘l hamda Yuqori Chirchiq tumanlarida meva-sabzavot hamda go‘sht-sut mahsulotlarini qayta ishlash, qishloq xo‘jaligi sanoati yo‘nalishida korxonalar, logistika markazlari tashkil etishga ustuvorlik beriladi.
 
Piskent va Oqqo‘rg‘on yaqin vaqt ichida to‘qimachilik-trikotaj sanoati rivoj topgan tumanlarga aylanadi. Ayni bu boradagi qulay imkoniyatlardan hamon samarali foydalanilmayapti. Shu bois, tadbirkorlarning bu sohalarni yaratish va kengaytirish borasida olib borayotgan xayrli ishlariga ko‘makdosh bo‘lishimiz zarur.
 
Baliqchilik markazi bo‘lmish Chinoz tumanida meva-sabzavot, to‘qimachilik-trikotaj sanoati mahsulotlarini qayta ishlash va ishlab chiqarish, intensiv usulda paxtazorlar tashkil etishga alohida e’tibor qaratiladi. Nurafshon va Yangiyo‘l shaharlarida yog‘-moy ishlab chiqarish va yengil sanoatni chuqurlashtirish, plastmassa buyumlar ishlab chiqarishning yangi, zamonaviy kichik texnologiyalariga asoslangan korxonalar faoliyatini yo‘lga qo‘yish imkoniyati bo‘lsa, Ohangaron shahri mo‘jaz sanoat hududi bo‘lishi barobarida, geografik joylashuviga ko‘ra, zamonaviy ovqatlanish tarmog‘i biznesi vakillari uchun istiqbolli hudud bo‘lib turibdi.
 
Shuningdek, Ohangaron tumanida chorvachilikning barcha turlari, pardoz g‘ishtlari va cherepitsa plitalar ishlab chiqarish, turizmni rivojlantirish imkoniyatlari haligacha ishga solinmadi. Mavjud tadbirkorlik sub’ektlari, endi faoliyatini boshlamoqchi bo‘lgan tadbirkorlar bu sohalarga jiddiy e’tibor berishlarini so‘raymiz.
 
Tadbirkorlar Parkent va Bo‘stonliq tumanlarida farmatsevtika, shuningdek, turizm sohasini rivojlantirish bo‘yicha barcha imkoniyatlarga ega. Lekin, ular ushbu qulay imkoniyatlardan hamon samarali foydalanmayaptilar. Biz bu borada o‘z faoliyatini yo‘lga qo‘ymoqchi bo‘lgan har bir tadbirkorga “Chorbog‘” EIZdan eng qulay sharoitlarni yaratib beramiz. Biz sizning real taklif va pishiq-puxta rejalaringizni kutayapmiz.
 
Qo‘shimcha qilib aytish joizki, Chirchiq shahrida kimyo va energetika sanoati, Angren shahrida energetika, Olmaliq shahrida nodir metallar bilan bog‘liq biznesni rivojlanishi uchun qulay muhit, muayyan infrastruktura mavjud.
 
Umuman, nainki yuqorida sanalgan yo‘nalishlar, qolaversa, mohiyatida el-yurtga nafi tegadigan har qanday biznesga biz yetarli sharoit yaratib beramiz. Aniqroq aytganda, tadbirkorlarga davlat tomonidan berilgan barcha imtiyoz va shart-sharoitlarga bekamu ko‘st amal qilinishini ta’minlaymiz.
 
Meni yaqindan taniganlar bir haqiqatni yaxshi bilishadi. Men bir so‘zli insonman. Yuqoridagi gaplarimiz quruq va’da yoki ishontirish uchun to‘qilgan chiroyli jumlalar emasligini isbotlash uchun bor imkoniyatimni ishga solaman. Chunki, barchamizning oldimizda bitta muqaddas vazifa turibdi – ona Vatanimizni, mamlakatimiz rahbari qayta va qayta ta’kidlayotganlaridek, dunyoning eng rivojlangan, buyuk davlatlari safida ko‘rish orzusi bizni birlashtiradi.
 
Oltinchidan, tadbirkorlik faoliyatiga asossiz aralashuvlarning oldini olish, mulk daxlsizligini ta’minlash bo‘yicha barcha shaklda, tunu kun shaxsan viloyat hokimiga murojaat qilish mexanizmi yo‘lga qo‘yilmoqda.
 
Endilikda Siz telegram messenjeridagi +99899 873 54 01 raqami orqali shaxsan o‘zimga murojaat qilishingiz mumkin. Shuningdek, viloyat hokimligining rasmiy sahifasidagi @viloyatga_murojaat_BOT maxsus aloqa boti orqali ham istalgan paytda murojaat yo‘llashingiz mumkin.
 
So‘zim yakunida alohida ta’kidlashni istardimki, biz – ijro hokimiyati vakillari ona xalqimizning farovonligi yo‘lida Siz tadbirkorlar bilan qo‘lni qo‘lga berib, bir musht, bir vujud bo‘lib ishlashdan, buyuk istiqbolni birga qurishdan g‘ururlanamiz. Binobarin, biz bugun qaysidir mas’ul vazifada ishlayotgan bo‘lsak, faqat va faqat Vatanimiz rivojlanishiga kamarbasta bo‘lish, tarixiy islohotlarni bekamu ko‘st amalga oshirish maqsadida mehnat qilayapmiz.
 
Faqat shu maqsadda viloyatdagi to‘rtta sektor rahbarlari har kuni quyiga tushib, xalqimiz bilan muloqot qilib, mavjud muammo va nuqsonlarni aniqlab, istiqbolni belgilash, bunda sizlarning taklif hamda maslahatlaringizga amal qilish bo‘yicha to‘plangan tajribadan foydalanamiz. Bu yo‘lda bizlar yanada birlashib harakat qilsak, nurli manzillarga yorug‘ yuz bilan yetib boramiz.
 
Hurmat bilan,
 
Rustam Xolmatov,
Toshkent viloyati hokimi v.b.

Поделиться